
Mufarrida|Bookblog
#mentugatgankitob
Kitob nomi: Nubuvvat honadoni xonimlari.
Muallif: Shayh Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf
Sahifa:447
Kitob mutolaasi Remarkning kitobi bilan parallel ravishda olib borilgan edi.
Musulmonlar jamoasiga bu ulug' zotlar haqidagi batafsil ma'lumotlar juda ham zarur. Avvalo, ular Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga xos va yaqin kishilar bo'lganlar. Shuningdek, ayollar u zotdan Islomni qay tarzda, kimlar vositasi ila qabul qilib olganlarini va qanday amal qilganlarini bilish nihoyatda muhim. Aynan, ular hozirgi va kelasi avlod qizlariga shaxsiy o'rnakning eng oliy namunasi bo'la oladilar. Payg'ambar sollallohu alayhi vasallamga zavjayi mutohhara bo'lgan onalarimizning hayotiy yo'llarini o'rganish jarayonida ularning har birlariga Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan aql bovar qilmaydigan katta ijobiy o'zgarishlarni ko'rasiz. Bundan Islom ummatining teng yarmi bo'lmish ayollar olamining yetarli darajada tarbiyalash uchun Allohning o'zi onalarimizning sonlari ko'p bo'lishini iroda qilganini anglab borasiz. Insoniyatning taqvoda, ilmda, itoatda, mehrda, sahiylikda mo'minlarning onalariga teng keladigani yo'q.
Allohga suyukli va sodiq banda, Rosululloh ummati nomiga loyiq inson, (sollallohu alayhi vasallam) Haq dinda yani Islom dinida faqih, hafizi quron bo’lishida Alloh qodir qilgancha harakat qilishimiz, mana shudir haqiqiy mashaqqat va haqiqiy onalik. Bunday natijani farzandlarimizda ko’rmaguncha harakatdan to’xtamaslikdir asl onalik. Ummat onalari ana shunday bo'lishgan. Kitobga kelsak, aynan biz ayollar o’rnak, namuna va ibrat olishimiz kerak bo’lgan ummat onalari, payg'ambarimizning qizlari va ularga yaqin bo'lgan sahobiya ayollar haqida yozilgan. Ma’lumotlar o'qir ekansiz o'zingiz uchun eng keraklilari saralab, tanlab oling. Kitobni albatta o’qing, ibrat oling, va harakat qiling. O’zingiz olima bo’lmagunizcha farzandingiz qayerdan ham olim bo’lsin ?! Tarbiyani avval o’zingizdan boshlang. Kitob sizga aynan shu narsalarni o’rgatadi.
Bu gaplar, bu nasihat yoki maslahatlar avval o’zimga keyin sizga qadrlilarim)
#tavsiya
Mutolaabop havo bo'lyaptidaaa. Kitobam havoga mos ^_^)
Yovuzlikni yengish uchun o‘sha yovuzlikning tubiga tushish aqldan ozish bilan barobar emasmi ? Tomas Harrisning "Qizil ajdarho" asarini boshladim. Hali bor-yo‘g‘i 138-sahifadaman, ammo undagi psixologik taranglik hozirning o‘zidayoq odamning etini jimirlatadi. Meni eng ko‘p o‘ylantirgan va ruhan ezgan nuqta detektiv Uill Grem personaji bo‘ldi. Tasavvur qiling, vahshiy qotilning keyingi qadamini bilish uchun u o‘z qiyofasini, insoniyligini chetga surib, manyakning miya iplarini bog‘lashga, u kabi fikrlashga majbur. Qotilni tushunish uchun qotilga aylanish shartmi ?
Bu dahshatli tavakkal emasmi ? Harris qotilliklar haqida yozgani bilan, u inson ongining eng qorong‘u, hamma yashirishga urinadigan qora burchaklariga chiroq tutadi. Inson tabiati ruhan shunchalik vahshiylikka qodirmi, degan savol qiynaydi kishini) Men hali qidirilayotgan manyakning ichki dunyosiga yetib borganimcha yo‘q, lekin hozir ko‘rayotgan manzaramning o‘zi yetarli darajada daxshatli. Va beixtiyor o‘ylab qolasan kishi, bunday seriyali qotilliklar, qabih psixologiya haqida asar yozish uchun yozuvchida qanchalik ulkan bilim, ma’lumotlar bazasi va qora fantaziya bo‘lishi kerak ?! Tomas Harris bu borada shunchaki daho, bolalar)
*gapirmasam bo'lmasdi rubrikasidan ^_^)
- Sirasini aytganda, qayerda yashashning ahamiyati yo'q. Ket. Qulayliklar ichida yashaysanmi-yo'qmi, asosiysi bu emas. Muhimi, umrni nimalarga sarflashimizda.
Remark
#mentugatgankitob
Kitob nomi: Zafar darvozasi
Muallif: Erix Mariya Remark
O'qishingizdan oldin bir narsani biling kitob haqida fikrlarim juda uzun va tartibsiz bo'ladi. Chunki, endigina yakunladim va fikr va hislarimni boricha sizga ilindim.
Mutolaa jarayonidagi bu comfort hissini oxirgi bor Sara Joning Londonga muhabbat ila kitobida tuygandim. Bu kitob ham xuddi kuzning qayg'uga botgan yomg'irli kechalarida issiqina capuccino ichib, o'qigandek his berdi, garchi bahorning so'nggi oylarida bo'lsa ham Remark menga kuzni his qildira oldi. Balki, shungadir Remark aynan kuzbop yozuvchi) Men kitob o'qishni juda sevaman, ammo ba'zan bu qalbimga og'riq beradi. Chunki bunday sevgi faqatgina kitoblarda mavjud.
Joan u bilan bunaqa voqea sodir bo'lishini kutmagandim. Boshida undan rosa jahlim chiqqandi juda yengiltabiat ayoldek ko'ringandi ko'zimga biroq ohirgi sahifalarda unga nisbatan noaniq hisni tuydim. Na nafratlandim va na uni anglay oldim. Agar siz Remarkning hayoti haqida ozgina bilsangiz, uning romanlarida u o'ldirgan ayollarni doim hayotda sevgan ayoli Marlen Ditrix bilan taqqoslaganini bilasiz. Doim og'riq. Doim o'lim. Menimcha, haddan tashqari sezgir odamlar uni o'qimasliklari kerak, chunki u urush dahshatlarini ochib beradi. Odamlarni faqat tug'ilgan joyiga qarab hukm qilish juda achinarli. Yozilgan davr uchun ham, undan keyingi davrlar uchun ham juda dolzarb bo'lgan muammoga asoslangan.
Hamma inson hayotining yuzaki ko'rinishini ko'radi, lekin muallif bizga orqa fonda nimalar bo'layotganini ko'rsatishga harakat qiladi. Va u buni juda chiroyli tarzda amalga oshiradi. Ravikning hayoti va u duch kelgan odamlarning unga ta'siri aslida inson tabiatining emas, balki u yashayotgan davrning aksidir. Bu g'amgin va qayg'uli davrning boshlanishi va undan keyingi avlodlar endi bu zulmatga g'arq bo'lishga mahkum. Tanqidchilar tomonidan Remarkning ikkinchi eng muvaffaqiyatli romani deb hisoblangan bu asar, mening fikrimcha, muallifning eng g'amgin, eng qorong'u va eng tushkunlikka soluvchi asaridir. Asirga olish va deportatsiya qilishdan doimiy qo'rqish, tun qorong'uligi, kelajakka bo'lgan umidlarning pasayishi va tinimsiz izlanishlar o'quvchini qamrab oladi.
Remarkning ko'plab tanish mavzularini ko'rish mumkin, urushning befoydaligi va muqarrarligi, ko'chirilgan odamlar, urushning inson hayotiga ta'siri, buzilgan oilalar va umidlar va boshqalar. Ravik kitobning bosh qahramoni. Ravik natsistlar rejimini qo'llab-quvvatlamagan muvaffaqiyatli nemis jarrohidir. Biroq, natsistlar rejimiga xiyonati tufayli u shafqatsiz qiynoqlarga duchor bo'ldi, konslagerga jo'natildi va natsistlar rejimi Germaniya ustidan nazoratni qo'lga kiritgandan keyin qochishga muvaffaq bo'ldi. Endi uning hayotda faqat bitta maqsadi qoldi, uni va uning yaqinlarini qiynoqqa solgan odamdan qasos olish.
Parijda u fransuz jarrohlarini almashtirib, noqonuniy ravishda jarrohlik amaliyotlarini o'tkazadi va hayotini soyada davom ettiradi. O'sha yillarda arzon mehmonxonalari, tosh ko'chalari va eskirgan binolari bilan Parij butun Yevropadan kelgan qochqinlar uchun eng mos va xavfsiz joylardan biri edi. Biroq, bu yerdagi qochqinlar doimiy xavotirda, deyarli vahima ichida yashashardi. Oxir-oqibat, bu yer Ikkinchi jahon urushiga tez sur'atlar bilan kirib kelayotgan Yevropada yashash uchun eng xavfsiz joylardan biriga aylandi. Yaqinlashib kelayotgan urushga qaramay, asosiy mavzu sevgidir.
Sevgi bu kuchsiz va begonalashgan shaxslar totalitar rejimlar ostida omon qolish uchun topadigan yagona ichki kuch. Sevgisiz kelajakka ishonch bilan qarashning iloji yo'q. Ravik uchun ham xuddi shunday. Biroq, yaqinlashib kelayotgan urush va qochqinlar inqirozi tufayli bu sevgi boshidanoq tugashga mahkum. Avval aytib o'tganimdek, "Zafar darvozasi" juda g'amgin va sekin sur'atli roman bo'lib, deyarli hech qanday yirik syujetdan xoli, vaqt to'xtaganga o'xshaydi. 20 yoshdan oshganlarga tavsiya qilaman, chunki u hissiy jihatdan kuchli va butunlay o'ziga jalb qiladi.
Kitoblar ichkariga, hech biri borolmagan qa'rgacha yetib boradi...)
Jahon adabiyoti qadriyatlarimizga ta’sir qiladimi ?
Ha, ta’sir qiladi, lekin bu ta’sir har doim ham salbiy bo‘lishini anglatmaydi. Har qanday millat adabiyoti kabi, jahon adabiyoti ham inson ruhiyatining ko‘zgusi demakdir. Erix Mariya Remark, Fyodor Dostoyevskiy, Albert Kamyu yoki Gabriel Garsia Markes kabi yozuvchilar shunchaki voqealarni emas, ular inson ichidagi og‘riqni, xiyonatni, urushning daxshatlarini, iymon va shubha o‘rtasidagi kurashni tasvirlagan. Masalan, Dostoyevskiyning "Jinoyat va jazo" asarini o‘qigan odam gunohning yukini va vijdon azobini, ehtimol, ko‘plab quruq ma’ruzalardan ko‘ra teranroq his qiladi. Remark asarlarida esa urushning vahshiyligi fonida haqiqiy do‘stlik va sadoqat qadrini ko‘rasiz. Bu bizning qadriyatlarimizga zid emas, aksincha, ularni boyitadi ham. Albatta, jahon adabiyotida bizning mentalitetimizga, diniy tushunchalarimizga mutlaqo zid bo‘lgan hayot tarzi (masalan, nigilizm, erkin muhabbat, spirtli ichimliklar kulti) tabiiy holdek tasvirlanishi mumkin.
Agar insonning shaxsiy immuniteti va poydevori mustahkam bo‘lmasa, bu narsalar uning dunyoqarashini xiralashtirishi mumkin.
"Agar iymoningiz shunaqa fantastik toʻqima narsalardan kuchsizlanib qoladigan boʻlsa siz iymoningiz ustida ishlang kitoblarni tanqid qilmasdan avval
", degandilar Bobil kutubxonasi admini. Ularni shunchaki o‘qib bo‘lmaydimi ? Bo‘ladi, lekin buning uchun yuksak "mutolaa madaniyati" va tahlil qobiliyati kerak. Kitobni shunchaki
"iste’molchi"
sifatida o‘qish bor va
"tanqidiy tahlilchi"
sifatida o‘qish bor. Shunchaki o‘qish bu yozuvchi yaratgan dunyoga ko‘r-ko‘rona kirib ketish demakdir. Jahon adabiyotini o‘qiyotganda, asar qahramonining hayotini o‘z hayotingizga ko‘chirmasligingiz, balki o‘sha davr va muhit nuqtayi nazaridan uni shunchaki kuzatishingiz kerak. Remark qahramonlari barda o‘tirib vino ichishsa, bu badiiy tasvir,
yashash tarzi bo‘yicha qo‘llanma emas.
Va bu bilan yozuvchidan ilhomlanib barlarda ichish sog'lom insonning fikrlashi emas. Buni ajrata olgan odam uchun asar zarar keltirmaydi.
Doim diniy kitob o‘qigan inson jahon adabiyoti o‘qishi va sevgi haqida o‘z tasavvuriga ega bo‘lishi mumkin emasmi ? Albatta mumkin, hatto bu uning tuyg‘ularini yanada go‘zallashtirishi mumkin. Diniy kitoblar (ayniqsa, tasavvufiy adabiyotlar, qalb tarbiyasiga oid asarlar) insonga sevgining eng oliy darajasini Ilohiy muhabbatni, poklikni, iffatni va mas’uliyatni o‘rgatadi. Bunday poydevorga ega inson Remark yoki Dostoyevskiyni o‘qiganda, sevgining boshqa bir qirrasini insoniy ojizliklar, fojialar va dunyoviy azoblar ichidagi muhabbatni ko‘radi. Dostoyevskiyda sevgi bu ko‘pincha qurbonlik va azob orqali qalbning poklanishidir (masalan, "Jinoyat va jazo"dagi Sonya Marmeladovaning Raskolnikovga bo‘lgan sevgisi). Diniy tushunchasi bor odam Sonyaning bu fidoiyligida dindagi "rahmdillik" va "kechirimli bo‘lish" go‘zalligini ko‘ra oladi.
Remarkda sevgi bu o‘tkinchi dunyoda, o‘lim va urush soyasida insonlarning bir-biriga panoh bo‘lishidir. Doim diniy kitob o‘qigan odam bu yozuvchilarni o‘qisa, uning muhabbat haqidagi tasavvuri cheklanib qolmaydi, aksincha, u ilohiy muhabbat bilan insoniy muhabbat o‘rtasidagi ko‘prikni ko‘radi. U sevgining qadriga ko‘proq yeta boshlaydi, chunki u nafaqat qalb pokligini, balki inson psixologiyasining barcha murakkab burchaklarini ham tushunadi. Taqvo bu dunyodan uzilib, g‘orda yashash emas. Haqiqiy taqvo filtrlash qobiliyatidir. Dunyoni anglash, insonlar dardini tushunish uchun jahon adabiyoti g‘oyat muhim. Dostoyevskiy, Remark kabi gigantlarni o‘qish ziyon qilmaydi, agar siz kitobga
"men bu asardan nima foyda olaman?"
va
"ular qayerda xato qilishdi?"
degan savol bilan yondashsangiz. Zero, buyuk adabiyot har doim insonni o‘z ustida ishlashga, dunyoga teranroq qarashga majbur qiladi.
* shaxsiy fikr.