
Nodir Jonuzoq ijodi
“Davlat tilim bor bölsin!”
Bobur Bobomurod şe’ri,
Şohrux Xalilov musiqasi.
Özbekistonda xizmat körsatgan Xor jamoasi ijro etadi.
(Bayram konserti bugun soat 9:00 da “Madaniyat va ma’rifat” telekanalida takroran efirga uzatiladi)
RAHMAT, HURMATLI PREZIDENT!
Milliy özligimiz va davlatçiligimiz timsoli bölgan ona tilimizni mehr bilan, muttasil qöllab-quvvatlab kelayotganingiz uçun taşakkur!
Davlat tilini rivojlantiriş böyiça tizim yaratib, bu borada yillar mobaynida töplanib qolgan muammolarni hal etiş taşabbuskori bölganingiz uçun taşakkur!
Eng nufuzli minbarlarda özbek tilida ğurur bilan nutq sözlab, ona tilimizning körk-u tarovatini dunyo böylab baralla namoyiş etib kelayotganingiz uçun taşakkur!
Albatta, Sizga rahmat aytişga sabablar juda ham köp, şular qatori yana bir muhim masala böyiça alohida minnatdorlik bildiramiz.
Bu ham bölsa, özbek alifbosini takomillaştiriş masalasini kun tartibiga qöyib, bugungi qutluğ ayyomda tarixiy hujjatni tasdiqlaganingiz va ona tilimiz imlosiga oid muammolarni bartaraf etişga keng yöl oçganingiz uçun taşakkur!
Şubhasiz, bu yangilik milliy alifbomiz va imlomizni körkam va benuqson körişni istagan barça özbek tili jonkuyarlari uçun çinakam bayram tuhfasi böldi!
Buning uçun zahmatkaş ziyolilarimiz, ona tilimiz fidoyilari nomidan Sizga çuqur va samimiy minnatdorlik bildiramiz!
Baxtimizga doimo soğ-omon böling!
Özbek tili bayrami kuni muborak bölsin!
@n_jonuzoq
21-oktabr – O‘zbek tili bayrami kuni muborak bo‘lsin!
YURAK TILI
Dunyo soqov edi, tuyqus soʻz soʻradi – sado boʻlding,
Jilva sochdi mavjlaringda oy-u yulduz – samo boʻlding,
Koinotning burjlariga yoyilgan kuy – sano boʻlding,
Sen tufayli vujudimga jo boʻldi-ku jonim, tilim.
Toshga ham til ato etgan sirli bitik – tilsim sensan,
Zarang moziy darvozasin ochqich kalit – “sim-sim” sensan.
Kamalakday lisonlar koʻp – yolgʻiz yurak tilim sensan,
Tilmoch boʻlding muhabbatga mehmon boʻlgan onim, tilim.
Sen suluvsan – Koshgʻariyni Majnun kabi koʻyga solgan,
Alisherbek vasf etay deb chiroyingni oʻyga tolgan,
Qodiriy ham Choʻlpon suyib, oshiq joni oʻtda qolgan,
Ishq ahlining sharoridan sharaf topgan shonim, tilim.
Koʻksimdagi chechagim sen – kim qoʻl choʻzdi yulmoq uchun,
Poymol etib, soʻng ustimdan qah-qah otib kulmoq uchun,
Xazinasan, qulf eshigi – tilsiz, dilsiz gumroh uchun,
Siym-u zarim, dur-gavharim, tilla toʻla konim, tilim.
Yov yoʻlasa, qilich-qalqon soʻzing tutib, qasd boʻlaman,
Taʼzim qilsa Senga, men ham otdan tushib past boʻlaman.
Sasing tuysam safarlarda, safo ichra mast boʻlaman,
Soqiy mudom saxiy senga – saodatli jomim, tilim.
Dilim sarxush, tilim biyron – abad baxtga yorligimsan,
Xudoyimning mukofoti – mangu maqtov yorligʻimsan,
Koʻzim deymi, yuzim deymi – boshdan-oyoq, borligʻimsan,
Yetmish ikki tomirimda oqib turgan qonim, tilim.
Ey, sen xazon bilmas bogʻim, oʻzbekiy sof guling boʻlay,
Guling uzra qanot qoqqan beorom bulbuling boʻlay.
Hech boʻlmasa, iltifot qil, bir qoʻriqchi quling boʻlay,
Davlatli sultonim, tilim – oliymaqom xonim, tilim.
Sen boʻlmasang, koʻkka eltar nurli narvon, yoʻlim qayda?!
Sen sarbonsan, dilim – ziyo ortgan karvon, qoʻnim qayda?!
Tirikman, sen bois boqiy menga davron – oʻlim qayda?!
Sen borsanki, jaranglagay koʻk toqida nomim, tilim!
@n_jonuzoq
ДАШНОМ
Самарқандга Мистер Бист келгандаги бемаъни ҳолат ўзини билган ҳаммани хавотирга солди.
Бу қандай шовқиндир, қандай тўполон,
Не-не улуғларнинг хоки ёнида...
Ҳушини йўқотиб қўпар оломон
Илму маърифатнинг Регистонида.
Ўпкангни қўлтиқлаб қайга чопасан
Кўзлаган манзилинг қай сомонхона?
Боболаринг қолиб, кимни топасан,
Наҳотки, муродинг – оломонхона?
Етти ёт ажнабий муршидинг бўлса,
Миллат пирларига кўз солармидинг?
Мабодо, Навоий тирилиб келса,
Ўтирган ўрнингдан қўзғолармидинг?
Улуғбек қўлингга бир китоб тутса,
Шундай тошармидинг айқирган сойдек?
Салом берармидинг кўчангдан ўтса,
Ўзбекнинг ҳасрати – ҳазрати Ойбек?
Қўрчоққа топинган бутпараст мисол
Мунча хор турасан, мутеъ, жодубанд.
Нега сезмаяпсан, ортингда алҳол,
Бош чайқаб турибди буюк Самарқанд.
12.10.26
✍️
Эшқобил ШУКУР
@Eshqobil_Shukur_ijodi
ORIF TOʻXTASH – 50 YOSHDA!
Bugun qadrdon doʻstim Orif Toʻxtashning tavallud topgan kuni. 50 yoshga toʻldi bugun shoir Orif Toʻxtash! Tanishib, joʻra boʻlganimizga ham oʻttiz uch yil boʻlibdi.
Talabalikning joʻshqin hayoti, Samarqand koʻchalarida koʻch-koʻronimizni yelkalab birga ijara uy izlaganlarimiz, tonggacha uxlamasdan she’r yozib bir-birimizga oʻqib berganlarimiz, Toshkentda atak-chechak qilib birga ish boshlaganimiz… kuni kecha edi-ya! Bir pasda 30 yil oʻtib ketibdi!
Shu vaqt davomida Orif Toʻxtash ustozlar ishonchini oqlab, bolalarning katta va kattalarning boladay begʻubor shoiri sifatida tanildi. Bir necha kitoblari chop etildi, she’rlari darsliklarga kiritildi. Ma’naviyat va davlat tili masalalari boʻyicha rahbar maslahatchisi, Yozuvchilar uyushmasining Bolalar va oʻsmirlar adabiyoti kengashi raisi sifati faol ish olib bormoqda.
Fursatdan foydalanib, shoir doʻstimni qutlugʻ 50 yoshi bilan samimiy qutlar ekanman, ijodiga ravnaq, oilasiga tinchlik-xotirjamlik tilayman. Yana kamida ellik yil javlon urib, goʻzal she’rlari, hozirjavob badihalari bilan adabiy davralarga fayz kiritib yursin!
@n_jonuzoq
OZODLIK
Yurt ozod boʻlsa, xalq salomat boʻlgay,
Erksiz el ezilib, malomat boʻlgay.
Vatanga oromin baxsh etgan millat
Qalbida hamisha halovat boʻlgay!
@n_jonuzoq
BEGONA
Yer qotsa, chora bor, yumshatadi suv,
Talqon qilish mumkin, agar qotsa non.
Va lekin dunyoda eng og‘ir qayg‘u:
Qalbing qotib qolsa, dahshat bu, inson!
Ruhingni sezdirmay bosadi mudroq,
O‘char ko‘zyosh bilan ko‘rilgan tasvir.
Yuraging o‘ynamas – yo‘qolar titroq,
Na beshik, na tobut etadi taʼsir.
Daraxtlar gullaydi – qilmaysan parvo,
Xazonlar yoprilar – buzilmas sining.
Yashaysan tosh-temir qoliplar aro,
Zanglaydi ko‘ksingda hislaring sening.
Erish tuyulgaydir o‘psang bolangni,
Ro‘zg‘oring qorong‘i, so‘nmish sevgi – sham.
Sog‘inmay qo‘yasan tirik onangni,
Tushga kirmay qo‘yar marhum otang ham.
Olis yoshligingni qolsang bir eslab
(Bilmadim, qay qutlug‘ sana bahona),
Eski suvratlarga boqasan esnab,
Do‘stlar ne, o‘zing ham – butkul begona!
Yerning qay burchida qo‘psa sel, yong‘in,
Go‘daklar otilsa, dunyo desa dod –
To‘pig‘ingga chiqmas, kuymas hech yog‘ing,
Sen uchun bu – kunlik oddiy axborot.
Ey, odam, eng mudhish ko‘rgulik-ku bu,
Qattiq ko‘ngil ichra qurib borar jon.
Yer qotsa, non qotsa, yumshatadi suv,
Qotgan dilga faqat singadi shayton!
Ko‘zguga yuzlandim, hasratga botib,
Sado keldi: “Ko‘zni ichingga burgil,
Chalg‘ima. G‘aflatda qolmasin qotib,
Qalbingni har lahza yumshatib turgil!”
— — — — —
БЕГОНА
Ер қотса, чора бор, юмшатади сув,
Талқон қилиш мумкин, агар қотса нон.
Ва лекин дунёда энг оғир қайғу:
Қалбинг қотиб қолса, даҳшат бу, инсон!
Руҳингни сездирмай босади мудроқ,
Ўчар кўзёш билан кўрилган тасвир.
Юрагинг ўйнамас – йўқолар титроқ,
На бешик, на тобут этади таъсир.
Дарахтлар гуллайди – қилмайсан парво,
Хазонлар ёприлар – бузилмас сининг.
Яшайсан тош-темир қолиплар аро,
Занглайди кўксингда ҳисларинг сенинг.
Эриш туюлгайдир ўпсанг болангни,
Рўзғоринг қоронғи, сўнмиш севги – шам.
Соғинмай қўясан тирик онангни,
Тушга кирмай қўяр марҳум отанг ҳам.
Олис ёшлигингни қолсанг бир эслаб
(Билмадим, қай қутлуғ сана баҳона),
Эски сувратларга боқасан эснаб,
Дўстлар не, ўзинг ҳам – буткул бегона!
Ернинг қай бурчида қўпса сел, ёнғин,
Гўдаклар отилса, дунё деса дод –
Тўпиғингга чиқмас, куймас ҳеч ёғинг,
Сен учун бу – кунлик оддий ахборот.
Эй, одам, энг мудҳиш кўргулик-ку бу,
Қаттиқ кўнгил ичра қуриб борар жон.
Ер қотса, нон қотса, юмшатади сув,
Қотган дилга фақат сингади шайтон!
Кўзгуга юзландим, ҳасратга ботиб,
Садо келди: “Кўзни ичингга бургил,
Чалғима. Ғафлатда қолмасин қотиб,
Қалбингни ҳар лаҳза юмшатиб тургил!”
2026
@n_jonuzoq
“Bekinmachoq”. Nodir Jonuzoq she’ri. Davronbek Hamidov oʻqigan.
@n_jonuzoq
ДАДАМНИ СОҒИНДИМ
Ким қўяр юракка малҳамни?
Ким берар керакли далдамни?
Соғиндим энг буюк одамни,
Дадамни соғиндим, дадамни..
Минг шукр, қаторда камим йўқ,
Бировдан қарзим йўқ, ғамим йўқ.
Кўнгил меҳробимда шамим йўқ,
Дадамни соғиндим, дадамни.
Илк бора қўлимдан тутган зот,
Дардини билдирмай ютган зот,
Яхши кунларимни кутган зот,
Дадамни соғиндим, дадамни.
Улфатлар мақташар ошинг еб,
Қайтишда ғийбатга берар зеб.
Ким айтар мендан зўр бўлгин деб?
Дадамни соғиндим, дадамни.
Дўстлар бор, зўр бўлсанг, қўллайди,
Беғараз ҳиммати бўлмайди,
Даданинг миннати бўлмайди,
Дадамни соғиндим, дадамни.
Маърака, тўйларда кўзларим
Излайди дадамнинг дўстларин,
Эслатса дейманда сўзларин,
Дадамни соғиндим, дадамни.
Ўксийман гоҳи ёш боладай,
Ўғлимдан беркиниб гоҳ, атай.
Ўзимни мен қандай юпатай?
Дадамни соғиндим, дадамни.
Офтобим чарақлар бошимда,
Ҳулкар жилваси кўзёшимда.
Бугун, “дода” бўлган ёшимда
Дадамни соғиндим, дадамни.
Хиёнат қилмадим ваъдамга,
Учмадим алдоқчи оламга,
Жаннатда қул бўлай дадамга,
Дадамни соғиндим, дадамни.
✍️
Иқбол МИРЗО
SALOM
Bilmagan ne bilsin bizni –
Bilganlarga salom bo‘lsin…
Yunus Emro
Darvozamiz qoqib, kimlar kelib-ketmish,
Kelganlaru ketganlarga salom bo‘lsin.
Kim ko‘nglini kulbamizda chiroq etmish,
Bizni oydin etganlarga salom bo‘lsin.
Shaldir-shuldur o‘tayotir eski karvon,
Dildan dilga, ruhdan ruhga tashib armon.
Orzusini jonimizga qilib darmon,
Umid tug‘in tutganlarga salom bo‘lsin.
Shudgor kechib shubha-gumon dalasida,
Toshlar tashib taʼqib-taqiq qalʼasida,
Sherday o‘zib shoqol-qashqir galasidan,
Manzil sari yetganlarga salom bo‘lsin.
Yo‘lga chiqay desak – hanuz yo‘qdir ruxsat,
To‘sib turar g‘ala-g‘ovur to‘la uzlat.
Dilnomamiz – Quyosh muhri bosilgan xat –
Salomimiz eltganlarga salom bo‘lsin.
Ishq gulxani goh porlab, goh tutayotir,
Qismat qo‘li qo‘r-cho‘g‘imiz titayotir.
Bir kun yonib borgaymiz – Yor kutayotir,
Yor-la bizni kutganlarga salom bo‘lsin!
— — — — —
САЛОМ
Билмаган не билсин бизни –
Билганларга салом бўлсин…
Юнус Эмро
Дарвозамиз қоқиб, кимлар келиб-кетмиш,
Келганлару кетганларга салом бўлсин.
Ким кўнглини кулбамизда чироқ этмиш,
Бизни ойдин этганларга салом бўлсин.
Шалдир-шулдур ўтаётир эски карвон,
Дилдан дилга, руҳдан руҳга ташиб армон.
Орзусини жонимизга қилиб дармон,
Умид туғин тутганларга салом бўлсин.
Шудгор кечиб шубҳа-гумон даласида,
Тошлар ташиб таъқиб-тақиқ қалъасида,
Шердай ўзиб шоқол-қашқир галасидан,
Манзил сари етганларга салом бўлсин.
Йўлга чиқай десак – ҳануз йўқдир рухсат,
Тўсиб турар ғала-ғовур тўла узлат.
Дилномамиз – Қуёш муҳри босилган хат –
Саломимиз элтганларга салом бўлсин.
Ишқ гулхани гоҳ порлаб, гоҳ тутаётир,
Қисмат қўли қўр-чўғимиз титаётир.
Бир кун ёниб боргаймиз – Ёр кутаётир,
Ёр-ла бизни кутганларга салом бўлсин!
2020
@n_jonuzoq