
Abdulloh Abdullayev
CCO —
www.abba.uz
Member —
instagram.com/milliard_club_uz
O’rganganlarim, o’qiganlarim va xulosalarimning qisqa mag’zi, mohiyatini ulashaman.
Kir ma’lumotlar
O‘zingizni negativ ma’lumotlar va kishilardan to‘sing.
Ta’sir o‘tkaza olmaydigan narsalar bilan o‘ralashmang.
Negativ yangiliklar, ma’lumotlar va odamlar sizni ko‘plab muvaffaqiyatlardan to‘sadi.
Kunlik yangiliklarni esa umuman o‘qish shart emas — siz eshitishingiz kerak bo‘lgan ma’lumot, agar muhim bo‘lsa, baribir sizni topib keladi.
Negativ ma’lumot diqqatni chalg‘itadi, kayfiyatni buzadi, noshukurlikni uyg‘otadi.
Natijada fikrlar chalkashadi, atrof munosabatlaringizga yomon ta’sir o‘tkazadi.
O‘zingizni ijobiy muhitda tuting, ruhiyatingizni ko’taruvchi kishilar bilan bo’lishga harakat qiling.
Unutmang, axborotni tanlab qabul qilish — hayot sifatini saqlashning eng muhim odatlaridan biridir.
@HuzayfaAbdulloh
Haqlilik
Har bir savolni o‘z egasiga bering. Bir kishi barcha sohalarda ustoz bo‘lishi – deyarli imkonsiz ish.
Diniy ilmni – ishonchli ulamodan, marketingni – marketologdan, tibbiyot masalasini – shifokordan so‘rang.
O‘z sohasidan tashqari mavzuda fikr bildirayotgan har qanday ustozning fikri bosh ustiga. Ammo bu – shunchaki shaxsiy fikr bo‘lib qolaveradi.
Qandaydir mavzuda maslahat olinayotgan ustoz aynan o‘sha sohada yillarini, umrini sarflagan tajribasi evaziga javob berishi kerak.
Shuning uchun kimningdir obro‘siga, mashhurligiga emas, ilmiy mutaxassisligi va sohasidagi case'lariga qarang.
Mashhur yoki mashhur bo‘lmagan ustoz, bloger, biznesmen, aytaylik, ma’lum yo‘nalishda muvaffaqiyatga erishgan shaxs, barcha mavzuda maslahat olishga layoqatli kishi degani emas.
Ilmni – egasidan oling.
@HuzayfaAbdulloh
Pozitivlik
Men tanigan aksariyat muvaffaqiyatli kishilar, biznes egalari — pozitiv, optimist va hazilni yoqtiruvchi kishilar.
Aynan shu sababli ular tez munosabat o‘rnatishadi, tez ishonch qozonishadi va qarshilaridagi kishidan o‘zlariga kerakli manfaatni tezda olishadi.
Pozitiv insonlar ko‘proq tinglanadi, ularga nisbatan salbiy fikr kam bo‘ladi.
E’tibor bersak, barchamiz atrofimizdagi me’yorida quvnoq, ijobiy odamlarni yoqtiramiz. Chunki ular bilan muloqot yengil kechadi, kayfiyatimiz ko‘tariladi va o‘zimizni qulay his qilamiz.
Yangi munosabat o‘rnatishda, kelishuvga erishishda va umuman ishonch qozonishda — me’yorida pozitiv bo’lishni tavsiya qilaman.
@HuzayfaAbdulloh
Muhimlilik
Marketingda pozitsiyalash degan atama bor.
Pozitsiyalash qoidalaridan biri — mijoz uchun muhim bo‘lgan jihatda ustun bo‘lishdir.
Xuddi shu qoida hayotda ham ishlaydi: har qanday munosabatda, qarshingizdagi odam uchun muhim bo‘lgan narsada ustun bo‘lsangiz — muvaffaqiyatga erishdingiz hisob.
Muhimlik esa har bir insonda har xil bo‘ladi. Kim uchundir eng asosiysi — taqvoingiz, boshqasiga tashqi ko‘rinishingiz muhim, yana boshqa kishiga esa moliyaviy holatingiz muhim bo‘lishi mumkin…
Xullas, mohiyat — sevimli inson bo‘lishni istasangiz, odamlar uchun muhim bo‘lgan jihatlarda ustun bo‘ling va bu unlarga ko’rsating. Bu — ishlaydigan qoida.
Lekin bu ustunlikka erishish uchun qadriyat va prinsiplaringizdan voz kechmang.
@HuzayfaAbdulloh
Lattalashish
Boshiga tashvish tushganda, siqilganda yoki xohlagan narsasiga erisha olmaganda yechimni musiqa yoki dramma filmlardan izlash, kishini yanada tushkunlikka tushiradi.
Musiqa va filmlarning mohiyati esa — noshukrlik, yaqinlarini yoki jamiyatni ayblash ustiga qurilgan.
Tushkunlikka tushishdan ham yomoni — tushkunlikdan rohatlana boshlash va tez-tez bundan “dofamin” olishni xohlashdir.
Natijada tuppa-tuzuk yigit yoki erkak tayyor lattaga aylanib qoladi.
Lattalarni boshqarish esa hamisha oson.
Hissiyotlaringizni boshqara olmasangiz, hissiyotlaringiz orqali sizni boshqarishadi.
@HuzayfaAbdulloh
O‘rgating
O‘zingiz olgan insight va ilmlaringizni ahlingiz, xodim yoki shogirdingiz, umumiy atganda — rivojlanishini istaydigan qo‘l ostingizdagilar bilan kunlik bo‘lishing.
Hech bir insight’ni kichik sanamang.
Biz “oddiy, o‘zi ham biladi” deb qaraydigan ilmlar, biz mas’ul bo‘lgan kishilarning fikrlash dunyosini buzib yuboradigan darajada katta yangilik bo‘lishi mumkin.
Rivojlantirishni istaganingiz insonlar bilan ko‘proq vaqt o‘tkazing.
Doim, o‘rgandingizmi — albatta o‘rgating. Ilmingizda baraka bo‘ladi.
O‘rgandingizmi — o‘rgating. Shunda siz uchun qadrli kishilar bilan dunyoqarashingizda tafovut paydo bo‘lmaydi.
O‘rgandingizmi — o‘rgating. Uzoq muddatda katta natijalarni ko‘rasiz.
@HuzayfaAbdulloh
Ustoz Alisher Isayevning bir haftalik xos darslarida bo‘ldik. O‘zim olgan, biznes va bundan tashqari hayot uchun ham muhim insight’larning ba’zilarini sizlarga ham ulashmoqchiman.
Ustozi bor odam — baxtli odam, ustozi yo‘q odam — baxtsiz odam. Hayotda ham, biznesda ham baxtli va baxtsiz odamni shunday ajrataman.
Biz muammo yoki erishib bo‘lmaydi deb o‘ylaydigan ishlarimiz — bu bizning ichki chegaralarimiz. Tashqi olam esa bizning ichki chegaralarimizga bo‘ysunmaydi.
Ertaga keladigan og‘riqni bugungi og‘riqdan ko‘ra kuchliroq his qilmasangiz, o‘zgarolmaysiz, o‘sish bo‘lmaydi.
Kishini muvaffaqiyati — atrofida yig‘ilgan jamoasi (do‘stlari va tanishlari) bilan o‘lchanadi.
Doimiy o‘sish va rivojlanishda bo‘lmasangiz, bir kun kelib “kaltak” yeysiz.
Muvaffaqiyat ham, muvaffaqiyatsizlik ham shunchaki yuz bermaydi — sabablarini ongli tarzda o‘rganib, xulosa chiqarish kerak.
Korxona (yoki oila) maqsadlariga erishishda, kim nima vazifani bajarishi kerakligini aniq va batafsil bilishi lozim.
Jarayon tugamaydi, ideal bosqich yo‘q — har bir bosqichdan rohatlanishni o‘rganishimiz kerak.
Hurmat ichkaridan qozoniladi; uni bosim yoki majburlik bilan singdirish imkonsiz.
Har kim o‘z imkoniyatlari va qobiliyatlaridan kelib chiqib, hayot yoki biznes strategiyasini tanlashi kerak.
Doim o’zingizni hech kim deb his qilishingizga majbur qiladigan muhitni toping. O’zingizni hech kim emasligingizni tushunmasangiz, o’smaysiz.
@HuzayfaAbdulloh
Noqislik kompleksi
Noqislik kompleksi — bu insonning jamiyatda mavjud bo‘lgan ma’lum standartlar ta’sirida o‘zini past baholashi, o‘zini noqisroq deb his qilishi.
Masalan, AQShda Afrikadan keltirilgan qora tanli kishilar 400 yil davomida kamsitilgan va qullikka duchor bo‘lgan. Bu holat ularning ongida “biz oq odamlardan pastmiz”, “bizning madaniyatimiz, dinimiz, qadriyatlarimiz ular bilan teng emas” degan tushunchaning shakllanishiga olib kelgan. Bu — klassik noqislik kompleksi.
Yurtimizdan misol — til masalasi. Bugungi kunda jamiyatimizda rus tilini bilmaydigan kishi o‘zini “zamondan orqada qolgan” yoki “ilmsiz”dek his qiladi. Aslida, bu ham noqislik kompleksining bir ko‘rinishidir.
Yoshlar orasida “zamonaviy blogerlar”ning bo‘rttirilgan “go‘zal hayoti”ni kuzatish va ularga taqlid qilish ham noqislik kompleksiga olib kelmoqda.
Noqislik kompleksi — shukrni yo‘qotadi, insonning o‘ziga bo‘lgan ishonchini pasaytiradi.
Bizning o‘z e’tiqodimizdan yoki millatimizdan uyalishimiz, yoki biz uchun begona bo‘lgan madaniyatlarga moslashishga intilishimiz ham ruhiyatimizdagi noqislik kompleksidan dalolat beradi.
Noqislik kompleksi — bu ruhiyatdagi zaiflik va sun’iy to‘siqdir.
E’tiqodimiz asoslarini o‘rganish, unga qaytish va o‘zligimizni anglash orqali bu illatdan qutulishimiz mumkin.
@HuzayfaAbdulloh