Doʻppili Kopirayter | Blogcha
23 yoshdaman, ammo haliyam shaxsiy uyim, mashinam yoʻq
Eslatma
: bu maqolam sal uzoqqa choʻziladi, agar uzun maqola oʻqiy olmasangiz, vaqtingizga zulm qilmay, boshlamay qoʻya qoling.
Haliyam uylanmadim, uylanishga qiz yoʻqmi, bor. Ammo menday uyi, mashinasi yoʻq bolaga kim ham qizini berardi.
Ularni tushunaman, uysiz, mashinasiz bitta yigitga koʻz qorachigʻiday asrab yurgan qizini berishga qaysi ota-ona rozi boʻlardi?
Bu risk-ku. Ayniqsa hozirgi hamma ketmoni uchganlar zamonida quruq qoshiqqa qorin toʻyarmidi?
Yoʻq, man nolimoqchi yoki qizning ota-onasini zarracha ham ayblamoqchi emasman. Ular toʻgʻri qiladi.
Bir tanishimni yaqini 6 sotixlik uy-joy uchun janjal qilayotgan ekan. U yaqinimni tanishi vaqtida ota-onasi ajrashib, oʻsha hovlida bobo-buvisini qoʻlida katta boʻlgan ekan.
Hozir uylanadigan vaqti kelibdi. Qorangni koʻrmay, bu hovlida uylanmaysan deyishayotgan ekan.
Yigitga qiyin. Unga turmushga chiqadigan qizga ham qiyin. Unga qizini turmushga beradigan ota-onasiga ham qiyin, chunki riski yuqori.
Hamma ayb yigitda, vaqtida uyga harakat qilishi kerak edi, odamlarga oʻxshab vaqtida ishlashi kerak edi qattiq. Qizigʻi, u yigit ham men bilan tengdosh ekan.
Qiyinchilikda sinalish mazza. Oʻzingni yaxshiroq va yaqindan taniysan. Yaqinlaringni yaqindan taniysan. Boʻlajak ayolingni yaqindan taniysan. Allohni yaqindan taniysan.
Tanimayapsanmi? Demak, yo oʻz holingga tashlab qoʻyilasan yoki yanada kattaroq qiyinchilik bilan sinalasan.
Otasi oʻlib, bittada yetim qolganlar, bolalar uyiga chaqaloqligi yoki yoshligida tashlab ketilgan aybsiz norasidalar, farzandidan baraka topmay koʻchada «tirikchilik» qilayotganlar – bular tanlab olinganlar.
Kimni ogʻrigʻi kuchliroq boʻlsa, oʻsha yaxshiroq harakat qiladi va hammani oldinroq taniydi.
Kim boʻlsangiz ham, sinovingiz bormi, shukur qiling. Oʻz holingizga tashlab qoʻymaganiga, koʻzingiz, qalbingizni ochganiga. Hammaga ham nasib qilmaydi bu neʼmatlar, sizga havasdaman)
Toshkentdan turib, bu maqolani yozdim. Qalbingizga yetib borsa, man vaqtimga roziman, siz ham rozi boʻling.
Toshkent, Chilonzor
19.09.2025
Bahodir
@doppili_kopirayter
Ayolingizni
mehr bilan chaqirishdan uyalmang
Yillar davomida men ham ayolimni faqat oddiy ism bilan chaqirib keldim.
Yumshoqlikni “erkaklikka to‘g‘ri kelmaydi” deb o‘ylardim.
Ammo yaqinda safardan qaytgach, bir savol meni o‘ylantirdi:
Jamiyatimizda ko‘plab erkaklar o‘z ayollariga
mehr bilan
,
erkalab
,
nozik so‘z bilan
murojaat qilishga
uyalishadi
.
“Otasini ‘qiblagohim’,
onasini ‘jannatim’,
do‘stini ‘qiyomatligim’,
farzandini ‘jonim bolam’,
‘ko‘zmunchog‘im’ deb atagan til — nega o‘z ayolini mehr bilan chaqirishga qiynaladi?”
Tahminiy sababalri shulardan biri bo’lsa kerak:
1. “Xotinquli bo‘lib qolaman” degan xavotir
Yumshoqlik ko‘rsataman deb ayoliga tobelikka o‘tib qolishdan cho‘chiydi.
Bu qo‘rquv — noto‘g‘ri ijtimoiy stereotip va o‘ziga ishonchsizlik natijasida
Kelib chiqadi.
2. Masxara bo‘lishdan qo‘rqish
Atrofdagilarning “Sen kompotmisan?”, “Ayoling o’qitib qo’ymaganmi” degan kinoyalaridan qochadi. Jamiyat hissiy sovuqlikni erkaklik mezoniga aylantirib qo‘ygan.
3. Mehrga o‘rganmagan
Ko‘pchilik bolaligida bunday iliq so‘zlarni uyda eshitmagan.
Otasidan onasiga aralfan mehrli so‘zlarni eshitmaganlar — o‘zi ham ishlatishga qiynaladi.
4. Yillar davomida shakllangan sovuq uslub
Yillar o‘tib, mehrli so‘z aytmagan.
Endi esa birdan o‘zgartirish — o‘ziga g‘alati, sun’iy va noqulay tuyuladi.
5. “Erkaklik” tushunchasining noto‘g‘ri talqini
Ba’zilar erkaklar jiddiy va sukutli bo‘lishi kerak, yumshoqlik ayollik sifati deb noto‘g‘ri talqin qilinadi.
6. So‘z topa olmaslik
“Jonim”, “Gulim”, “Shirinim” deyishga tili bormaydi.
Nima deyishni, qaysi ohangda aytishni bilmaydi.
7. Munozarali munosabat yoki sabr yetishmasligi
Ba’zida erkak ayoliga nisbatan ruhan soviydi, ichida norozilik bo‘ladi.
Shu sababli mehrli so‘z aytish istagi yo‘qoladi.
8. Sunnatni bilmaslik
Ko‘pchilik erkaklar bilmaydi:
Rasululloh ﷺ Hazrat Oishani
“Humayro”
deb mehr bilan chaqirganlar.
Bu — payg‘ambar yo‘li. Bu — sunnat.
Men bu odatni o‘zgartirdim
Xatoyimni tan oldim.
O‘zim uchun mehrli so‘zlar ro‘yxatini tuzdim.
Ichidan eng samimiy va chiroylisini tanladim:
“Gulim”
Chunki u:
- chiroyli,
– go‘zallik timsoli,
– iforli,
– kayfiyat beruvchi,
– ammo mehrsiz qolsa so‘lib qoladigan nafis ne’mat.
Avvaliga bu so’zni ishlatish erish tuyuldi. O’rganmagan edim.
Ammo vaqt o‘tib odatlandim. Bu orqali ayolimning ko‘zlarida hursandchilikni sezdim.
Oddiy bir so‘z bilan munosabat yanada iliqlashdi.
Tavsiyam: Jur’at qiling va boshlang
- O‘zingizga mos mehrli so‘z tanlang
- Asta-sekin murojaat qiling
- Natijani ko’rasiz.
Erlik — mehrni yashirishda emas, uni odob bilan ayta olishdadir.
Oila munosabati — mehrli til bilan boshlanadi.
©
Hasanxoʻja ustoz
@doppili_kopirayter
Men dunyodagi eng yomon odam boʻlsam kerak
Hayotingizda eng katta xatoyingiz nima?
Sizning qoʻlingizda hozir, ayni vaqtda boshqalarda yoʻq nimalar bor?
Hozirgi siz avvalgi sizdan farq qiladimi?
Haliyam kechira olmay, gina saqlab yuradigan odamlaringizni kechirim soʻrasa hech joyi kam boʻlmaydi deb yurasizmi?
Oʻzingizni eng koʻp aldagan yolgʻoningiz nima?
Boshqalarning soʻzi, koʻzi va gapi uchun yashagan umringiz qancha?
Mehr kerak payti qayerga yoki kimga borasiz?
Sizga hech kim eʼtibor bermay qoʻysa siz uchun hayot qanday boʻladi?
Qaysi xatoni takror-takror qilasiz?
Boshqalardan yordam olish ojizlikmi yoki donolik?
Tushkunlikka tushib qoldingiz, eng birinchi qiladigan ishingiz?
Qalbingizga haqiqiy halovatni qayerdan, nimadan yoki kimdan topgansiz?
Insonlarga koʻproq ishonasizmi yoki ishonch berasizmi?
P. S. Savollarga javob berish ixtiyoriy:)
Bahodir Bozorov
Jizzax, Sharof Rashidov
20.12.2023
Eng muhimi nima aytaymi?
Oramizga boshqalar tushganda, hech kim bizga ishonmaganda, hamma bizga qarshi boʻlganda – bizni bir-birimizga boʻlgan ishonch qutqaradi, hurmat qutqaradi, muhabbat qutqaradi...
Qiyinmi? Albatta. Bu daraja boshqa daraja.
Bir kun kechasi avtobusda ketayotganimda yonimda bitta aka ketayotgan edi.
Yoshi 26-27 atrofida. Kechroq uylangan ekan. Menga qarab turdi-da, bir gap aytdi. Muzlab ketdim.
Qaysi gap, aytaymi?
Sizning joyingizda, men bilan yonimda 1 oy oldin xuddi shu joyda ayolim bor edi dedi va ajrashganini aytdi.
Ortiqcha savol bermadim. Maydalashmadim.
Xonim men sen bilan oʻzimizning hayotimizda yashashimizni xohlayman. Birgalikda xatolar qilamiz, xulosa olamiz. Birgalikda muvaffaqiyatga erishamiz, birgalikda qiynalamiz. Hammasi normal. Qiyinchilikda birga totilgani maʼzaliroq menimcha.
Biz ham bu hayotda birinchi marta yashayapmiz-ku, toʻgʻrimi)
Har bir ishni teng taqsimlaymiz emas, sen ayolsan. Fitrating erkak boʻlishni xohlamaydi. Meni ham fitratim seni erkak boʻlishingni xohlamaydi. Ayolligingcha qol.
3 ta muhim qoida va biz uzoqqa bora olamiz inshaalloh shunda.
1. Bir-birimizga ishonamiz, haqiqiy ishonamiz, hech qanaqa yolgʻonsiz.
2. Har doim qoʻllab-quvvatlaymiz. Maʼqul kelmasa, notoʻgʻri boʻlsa, bir-birimizni islohga chaqiramiz.
3. Sabr, shukur, qanoat va muhabbatni birlashtiramiz. Oʻtgan ish eslanmaydi qoidasiga rioya qilamiz, kichkina xatolarda.
Meni tushundingmi?
Toshkent, Chilonzor
10.08.2025
@doppili_kopirayter
Allohdan istaganingni so'ra, lekin bu usulda:
Niyatingni sherik qilib sora.
Do'stlaring mashina haydayotganini ko'rib, Alloh mengayam mashina ber, dema.
Mashina bersang, yaxshiroq, samaraliroq xizmat qilardim ummatga
, degin.
Chiroyli, katta uy ber, dema. Alloh bir uy bersang, sen istagandek oila barpo etaman. Ofiyat bahsh etadigan, Sening noming zikr qilinadigan, sunnat ila yashaladigan, tinchlik maskani bo'ladi, degin.
Shunchaki, "farzand ber" emas, shu ne'matni ato etki, Sening yo'lingda xizmat qiladigan, Senga mos ravishda qullik qiladigan, olim farzand yetishtiraman, degin.
Falon mansabni ber, emas, agar ravo ko'rsang, yaxshiroq ta'sir qilardim odamlarga. O'z mansabimdan diningni yoyish, vijdoniyatni, fitratni saqlagan holda odil boshqaruvchi bo'lishga harakat qilaman, degin.
Mol-davlat so'raganda ham, shunchaki emas, shu mol-davlat bilan muhtojlarga yordam qilaman, ko'proq sadaqa, jamiyat muammolarini samarali hal qilaman, degin.
Qori-qoriya, olim bo'layki, yaxshiroq amal qilay, taqvoim ortsin. Doim o'zimni hisob qilishimga vosita bo'lsin, degin.
Nima so'rasang ham, Alloh uchun bir niyat qo'sh. Unutma, niyatsiz ham senga ularni berishi mumkin, ammo savobidan quruq qolasan. Va har qanday holda eng katta boyliging - iymoning - ni yo'qotmaslikni so'ra.
©
ULUL ALBAB
Boy boʻlsam, koʻp ehson qilib, hammaga yordam berardim
Oxirgi 3 yilda oʻzimdagi bir ishni kashf qildim. Odamlarga yordam bersam mazza qilarkanman. Ruhim taskin topib, kayfiyatim koʻtariladi ekan.
Duolarimiz balki ijobat boʻlgandir yoki biz uchun qilingan duolar.
Avvallari yordam bersam, mana yordam beryapman, meniyam eplab boʻlmay qoldi deb oʻylardim. Kibrga berilgan ekanman.
Keyingi qilayotgan yaxshiliklarimda esa mana Alloh meni yaxshilik qilishga qodir qildi, shunga imkoniyat yaratib berdi deb oʻyladim. Shukrim koʻpaydi deb oʻylardim, bu yerda ham adashgan ekanman.
Hozir esa qanday yaxshilik qilsam, oʻzimga qilgan ekanman. Qilayotgan ehson, yaxshiliklarga oʻzim muhtojroq ekanman. Eslanmasligimni xohlayman, unutilsa ham mayli deyman. Muhimi insonlar foyda olsa boʻldi, meni bilishmasin deyman.
Barchani beruvchi behojat qoʻl qilsin, ayniqsa erkaklarni...
Toshkent
26.06.2025
Bu xatni boʻlajak jufti halolimga atab yozdim
Men uchun sevimlilar ichida sevimli boʻladigan ey koʻzlari qora, sochlari undanda qora, koʻzlari bilan faqat yerni chizadigan xonim. Sizga ozginadan sal kamroq(qanday oʻlchov boʻldi oʻzim ham tushunmadim)dil izhorlarim bor.
Bu dil izhorlarim shunchaki bittada rom qilish-u, hali bajarilishi aniq boʻlmagan vaʼdalardan iborat boʻlishini xohlamadim.
Hayotingizning 1/3 qismi men bilan oʻtishini hisobga olsak, demak bu anchadan koʻproq(shunday xonim, mening oʻlchovlarim dunyo oʻlchovlariga toʻgʻri kelmaydi, aytib qoʻyay) birga boʻlasiz degani.
Xoʻp boʻladi, shu umringizning yarmidan koʻpini men bilan manfaatli, xayrli va rozi boʻlgan holingizda oʻtkazish uchun men tayyormanmi? Siz tayyormisiz?
Uchta oddiygina savolimni bersam maylimi, ey Yaratganning eng goʻzal yaratigʻi.
Sizning oila qurishdan maqsadingiz ne? Shartmi umringizni bir qayerdagi keyinchalik eng yaqiningiz boʻladigan begona bilan oʻtkazish?
Dunyo sababiyat ustiga qurilgan ekan, biz ertaga bizdan keyin yuzimizni yorugʻ qiladigan, odamlarning nima deyishini ham oʻylab koʻrmasdan Robbining buyrugʻi neligi bilan qiziqadigan va eshitgani zahoti oʻsha joyida amalda qoʻllaydigan shirindan shakar farzandlarimizni tarbiya qilishga tayyormizmi? Siz tayyorsizmi?
Oʻzimizni isloh qilishda bardavom boʻla olamizmi? Siz bardavom boʻla olasizmi?
Allohning bergan vaqt atalmish neʼmatini biz Oʻzining roziligi uchun yashab, haqiqiy qul kabi bu ijaraga olingan dunyodan yuzimiz kulgan holda, tabassum bilan oʻta olamizmi?
Uylanish. Turmush qurish. Oila. Jamiyat tarafidan bu tushunchalarni oddiy qabul qilinadigan «bir kunlik toʻy» kabi qabul qilinishini xohlamayman.
Niyatimiz toʻgʻrimi? Oila qurishdagi niyatingiz toʻgʻrimi? Nima boʻlsa ham, Allohning taqdiri deya koʻna olamizmi? Koʻna olasizmi? Sabrimiz yetadimi?
Xatolarim, yaʼni gunohlarim bor. Bilgan, bilmagan va aynan bilib qilgan. Farishta emasman, haqiqiy rijol ham emasman. Tan olaman.
Minnatdorman. Haliyam yashayotganligimdan. Menga umr berganidan.
Men xohlayman, jufti halolim uchun eng yaxshisini berishga. Nimaga eng yaxshisi? Chunki u munosib bunga.
Nima uchun munosib bunga? U erining roziligi qanday maqomda ekanligini biladi. U ilmga muhabbati, shijoati va amali qanchalik koʻpaysa, jufti haloli uning uchun barchasiga tayyorligini tushunadi.
Bahodir Mexriddin oʻgʻli
Oʻzbekiston, Jizzax
7.09.2023
Sizniyam eplab boʻlmay qoldi jigar
Qimmat restoranlarda ovqatlanishni boshlabsiz. Taʼbingiz, didingiz ancha koʻtarilibdi.
Uydagilaring yomon bilan yaxshini ajratadi deb sizni shaharda yurgan deyishsa, siz ovqatni, kiyimni, atir, qoʻlingizda tutadigan telefonlarni yaxshi yomonga ajratishni oʻrganibsiz. Besh ketdim.
Stilniy kiyinish boʻyicha alohida kurslar olibsiz, alohida stilistingiz ham bor ekan. Gap yoʻq, hamma ham eplolmaydi.
Ishingizga ozgina baraka berganiga choʻntakda 3-4 mlnʼsiz yurmaydigan boʻlibsiz. Ha yana, choʻntagida 3-4 lari borlari bilan faqat yurarkansiz-a)
Avvallari ovqatlandingmi deb doim xavotir oladigan ota-onang, yaqiningdan hozir qachon senga oʻzlari telefon qilishsa, eslaydigan boʻlib qolibsiz-a?
Uydagilarni roʻzgʻorligi, nima yeb, qancha xarajat qilishini bilasizmi jigar? Buni qoʻyib tur, ota-onangni eng yoqtirgan narsasi nima, buni bilarsan hech boʻlmasa?
Bunaqa kibrmen, kibrletto boʻlish hammaga ham emas jigar. Bosish kerak-a, yana bu yallo davrlar qachon keladi? Yana bu hozir senga nozlanayotgan, bor bisotidagi shirin soʻzini ayamayotgan «uylanmoqchi boʻlgan qizlaring» ham yana qachon sen bilan birga boʻladi, seni erkalaydi?
Uzr jigar, bu gaplarim oʻzimga aytilgan, yana oʻzingga olib oʻtirma. Gap kelganda aytdim, qoʻydim-da.
@doppili_kopirayter
Yakshanbaga vaqtingiz qanday?
Hafta davomida 5-6 kun ish, oʻqish va yana bir nimalar bilan band boʻlib qolaman.
Toʻgʻrisi, bunday holatlarda dunyoning shovqinidan ozgina chetlanishni, qalbingiz rohat olishni xohlaydi.
Faqat bir kun dam olish kunini oʻzimga ajrataman. Lekin baribir koʻngil toʻlmaydi.
Har yakshanba Toshkentdagi qaysidir masjidda hashar boʻlishi haqida eshitib qoldim. Bordim, toʻgʻrisi mazza qildim, ham jismonan, ham ruhan.
Ayol-qizlar uchun alohida guruh, yigitlar uchun alohida guruh tashkil qilingan.
Yakshanba boʻsh boʻlsangiz, ham ruhingiz, ham jismingiz orom olishini xohlasangiz, kelayotgan yakshanba kutamiz.
Erkaklar uchun:
https://t.me/+uE7YfD7ty1hmZGZi
Ayollar-qizlar uchun:
https://t.me/+Qr60SYN7OPEwMmRi
Bolani necha yoshdan tarbiya qilish kerak?
Bu mavzuda gapirish avvalo man uchun emasligini, yetarli ilmim yoʻqligini ham bilaman. Ammo, yetkazishga harakat qiladigan mavzuyim kimningdir hozirgi hayotidan xulosa chiqarishi yoki kelajakdagi tanlovi uchun turtki bo‘lishiga ishonaman!
Ba’zi insonlar bor, esini tanibdiki, onasini ro‘molsiz ko‘rmagan.
Ba’zi insonlar bor, onasi 70ni qoralabdiki, hali bitta tishi joyidan siljimagan.
Yana bir toifa insonlar borki, onasining onasi farzandi luqmasiga shubha aralashtirmagan.
Mana shu toifa insonlarning axloqi, ilmi, dunyoqarashi analiz qilib ko‘rilsa, dunyo-yu dinda balansda ekanligi, shukri joyidaligi, o‘zi xohlagan hayotda yashayotganli suv yuzasiga qalqib turganini hatto "ko‘r" ko‘zlar bilan ham his qilish mumkin. Xo‘p sabab nima?
Sabab – Ayol.
Sabab – Ona.
Sabab – ojizaning bolalik va yoshligi.
Inson tarbiyasi to‘liqligicha yosh bilan bog‘liq emas. Uni tarbiyalash, aqlini yig‘ishi uchun yillar sarfi doim ham yechim bo‘lavermaydi.
Tarbiyaga ta’sir hali tug‘ilmasidan oldin boshlanadi. Kishi volidasining bolalikdan olgan nafasidan tortib, kiygan kiyimiga qadar jamiki elementar narsalar farzandi uchun o‘z ta’sirini umrining oxirigacha o‘tkazadi.
Xulosa nima?
Ayol yemoq, ichmoq, kiymoq, qisqa qilib aytganda, dunyoga bog‘liq matohlarning hech biriga muhtoj bo‘lmasin! Mas’uliyat erkak zimmasida.
Tarbiya tarozisining ikkinchi pallasiga esa muslimaning o‘zi mas’ul. Ilmda muqim turish, sabrli bo‘lish yelkasidagi eng og‘ir va oliy yuk. Kelajakdagi kichik muslim va muslimalarning ilmiy investori bo‘lish faqatgina uning fitratiga joylangan.
Zero, unutmasinki islomdagi birinchi CEO – ayol edi!
@doppili_kopirayter