
The Stranger
Kitoblar, fikrlar, tuyg'ular haqida
Mendan avval kimgadir tegishli boʻlgan kitobni yoqtirmayman. Kimdir eski kitob deydi bularni, kimdir arzon kitob, kimdir ikkinchi qoʻl kitob, sal noyobroq boʻlsa qimmat kitob ham deyiladi. Men esa oʻlik kitob deyman ularni.
Bukinistlardan deyarli kitob olmayman. Olsam ham oʻqimayman. Oʻqisam ham sevimliga aylanolmaydi. Nega?
Chunki egasi oʻlganida kitoblar ham oʻladi. Ozarbayjonlik bir yozuvchi kitoblar yangi eganing qoʻlida yangi hayot boshlaydi, deydi. Yoʻq, qoʻshilmayman. Buni avval kimgadir tegishli boʻlgan kitobni ushlab koʻrsangiz sezasiz. Ularda ruh yoʻq. Ular egasi bilan birga oʻlgan...
Shu uchun mendan keyin taqdiri nima boʻlarkin deb uydagi minglab kitoblarimdan xavotir olmayman. Ular ham oʻzim bilan ketadi.
@salimov_blogi
Egilgan boshlarni qilichlar kessin!
Shavkat Rahmon
Hech bir yaxshilik jazosiz qolmaydi.
Oʻzim doim amal qiladigan oddiy, ammo qat'iy qoidalar bor.
Mashinadan hech qachon chiqindi tashlamayman, tanishmi-begonami, mashinamga mingan boshqalarni ham tashlagani qoʻymayman. Uzoq yoʻlda oyoq tagida ancha chiqindi yigʻilib qoladi. Zaprafkaga kirganimda hammasini yigʻib chiqindi idishiga tashlayman.
Piyoda yoki jamoat transportida yurganda ham boʻshagan baklajka, ishlatilgan salfetka, chaynalgan saqich, umuman hech bir narsani yoʻlga yoki yoʻl chetiga tashlamayman. To chiqindi idish chiqqunigacha kilometrlab boʻlsa ham koʻtarib yuraman, gohida chiqmasa, uyga olib kelaman. Ayrim hududlarda chiqindi idishlari yoʻq hisobi.
Maqtanyapmanmi? Yoʻq, bu madaniyatning eng oddiy koʻrinishi. Biroq koʻpchilikda shu yoʻq. Mana ikki oydirki yana Toshkentdaman va koʻryapmanki, Toshkent koʻchalari chiqindixonaga aylanibdi. Yoshlar ham, kattalar ham qoʻlidagi ortiqcha narsani oyoq tagiga, daraxt ostiga, ariqlarga bexijolat tashlab ketishyapti. Chiqindixona sal uzoqda boʻlsa domlarning atrofida axlatlar uyilib yotibdi. Sal nariga borishga erinib, shundoq eshik tagiga tashlab qoʻyaverishadi.
Avvalo oʻzimizni tarbiya qilaylik, keyin farzandlarimizni. Jamiyat shu tarzda oʻnglanadi. Hatto pista chaqqanda ham poʻchogʻini yerga tashlamang. Yoningizda tashlaydigan narsa boʻlmasa chaqmang.
Hozir turgan yerimda ruslar koʻproq yashaydi. Domga katta shior yozdirishgan: "Bizning dom – bizning vatan". Atrof-muhitning tozaligiga alohida eʼtibor berishadi, kerak boʻlsa oʻzlari tozalab yurishadi.
Uyda tozalikka oʻrgangan kishi koʻchada ham shunga rioya qiladi. Bu odatga aylanadi. Kimki koʻchaga chiqindi tashlasa, demak uyida ham shunday.
Vataningizni toza tuting.
@salimov_blogi
Aksar yigitlarning shiori:
"Shunday yashaginki, qirq yoshinggacha otang, qirq yoshingdan keyin oʻgʻling boqsin. Orada bir-ikki yil xotining boqib tursa ham boʻladi".
Chin sevgining qadriga yetmagan qizlarga shunaqa er nasib qiladi.
"Chimildiq" filmida aytilganiday, chin sevgining qadriga yetmagan qizlar oxir-oqibatda devlarga turmushga chiqishadi.
Nega boylardan koʻra boy boʻlishni oʻrgatuvchilar koʻp? Nega baxtlilardan koʻra baxtli hayot haqida kitob yozadiganlar koʻp? Nega oilaviy psixologlarning aksari ajrashgan? Nega treyderlar oʻzi pul tikib boyish oʻrniga treyding haqida kurs sotadi?
Chunki bilish va amal qilish boshqa-boshqa narsalardir. Aslida inson hayotini oʻzgartirishi uchun hatto bir dona kitob kifoya qilishi mumkin. Muhimi unga ogʻishmay amal qilish kerak. Va eng qiyini mana shu.
"Gʻazab shamolga oʻxshaydi. Sal oʻtgach tinadi, ammo shoxlar singani qoladi. Gʻazablanmang" deydi Rumiy. Mana shu tavsiyaga amal qilish juda koʻp muammolardan saqlab qoladi bizni. Ammo buni doim yodda tutishning va amal qilishning oʻzi boʻladimi?
Yangi odatlarni oʻzlashtirish, tongda vaqtli uygʻonish, pul tejash, boy boʻlish, oilaviy hayotda totuvlikka erishish haqidagi minglab kitoblar bor. Oʻqiganda goʻyo hammasi oson tuyuladi. Xayolan tavsiyalarga amal ham qilamiz. Kayfiyatimiz koʻtariladi, motivatsiyamiz oshadi. Ammo tugatgach kitobni hayotga tadbiq qilish oʻrniga shu mavzudagi boshqa kitobga oʻtamiz.
Chunki hayotdagi har qanday oʻzgarish intizom va muntazamlik talab qiladi. Baxt haqida oʻqish oson, ammo unga erishish katta mehnat talab qiladigan zerikarli jarayon.
Shu uchun treyder boshini ogʻritib bozorni tahlil qilmaydi, risk qilib pul tikmaydi, shunchaki kurs sotadi.
Oilaviy hayotida eng arzimas narsalarga tutaqib ketadigan, na oʻzini, na erini hurmat qiladigan ayollar boshqa ayollarga baxtli oila qanday boʻlishini oʻrgatadi.
Biznes gʻoya yaratish, talabni oʻrganish, mahsulot ishlab chiqarish, xizmat koʻrsatishga aqli, jurʼati yetmaydiganlar boyib ketish haqida kurs sotadi.
Oʻrganish oson, oʻrgatish ham oson, amal qilish qiyin. Xullas, shunaqa gaplar.
@salimov_blogi
Qaysidir sohada zoʻr boʻlish vaqtinchadir, bu tugal va turgʻun hodisa emas, jarayon. Ya'ni siz mahoratingiz va mehnatingiz tufayli hammadan ajralib chiqdingizmi, mana shu mehnat davom etsagina choʻqqida qolasiz.
Masalan, futbol sharhlovchisi Davron Fayziyev bundan 10-15 yil avval, hali ancha yoshligidayoq eng zoʻri edi. Oʻyinni oʻqishi, tahlillari, mulohazali fikrlari bilan ajralib turardi. Hozir esa elementar xatolar ham koʻp kuzatiladi. Ekrandan juda koʻp chalgʻiydi, natijada oʻyindagi kichik, gohida muhim jarayonlarni oʻtkazib yuboradi. Oʻyinga, oʻyinchilarga oid maʼlumotlarni xato yetkazadi.
Yana biri Mirshakar Fayzullayev. Men uni Qoshmaqom davridan beri kuzataman. Oʻtgan yillar davomida oʻzbek stendapida eng zoʻriga aylandi. Ammo tashkiliy jihatdan konsertlari orasidagi eng keng koʻlamlisi boʻlmish "Chempion"da keskin tushish kuzatilgan. Yangi hazillar deyarli yoʻq, hatto kulgili hazillar yoʻq.
Bular shunchaki misol edi. Asosiy aytmoqchi boʻlganim, professionallik doimiy mehnat va konsentratsiya talab qiladi. Siz oʻqituvchimisiz, faqat dars berish bilan boʻlib, oʻzingiz oʻrganmay qoʻysangiz ortga keta boshlaysiz.
Har qanday sohada nafaqat yangiliklarni kuzatib borish, shu bilan birga elementar koʻnikmalarni ham qaytalab, oʻtkirlab turish kerak. Choʻqqida turganingizda quruq nomingiz maʼlum bir muddatdagina eʼtirof etiladi. Tez orada oʻz ustida ishlashni toʻxtatgan maʼlum va mashhur mutaxassis qattiq mehnat qilayotgan, kasbiga mehr berayotgan yosh kadrning changida qolib ketadi.
Hayot – mehnat. Dam naryogʻda olinadi.
@salimov_blogi
"Zulfiqor" chiqqaniga endi yarim yildan oʻtdi. Adadi uch ming edi. Kitobim haqidagi tahlillarga, taqrizlarga, maqtovlarga, fikrlarga koʻp duch keldim. Oxirgi paytlarda esa kitobni topolmayapmiz, deganlar koʻp boʻldi. Oʻzim ham Toshkentdagi doʻkonlarni aylanib, ayrimidagina koʻrdim, boshqalarida sotilib ketibdi. Toshkentda shunchalik kamyob boʻlsa, viloyatlardan topish yanada mushkuldir. Demak, bunday yoʻnalishdagi kitobga talab bor. Kitobxonlar nafaqat kitob, balki kitob haqidagi kitoblarni ham sevib oʻqishadi. Oʻzim ham "Kitob bandasi"ni yutoqib oʻqiganimni yaxshi eslayman. Kanalga qoʻyilgan va qoʻyilmagan mulohazalar ancha yigʻilib qoldi. Yana bir kitob chiqarsammikin deb oʻylayapman...
@salimov_blogi