Select your region
and interface language
We’ll show relevant
Telegram channels and features
Region
avatar

The Stranger

salimov_blogi
Kitoblar, fikrlar, tuyg'ular haqida
Subscribers
14 900
24 hours
30 days
-300
Post views
9 286
ER
62,13%
Posts (30d)
12
Characters in post
2 058
Insights from AI analysis of channel posts
Channel category
Books
Audience gender
Male
Audience age
35-44
Audience financial status
Middle
Audience professions
Media & Communication
Summary
March 13, 14:10

​​
"Taxtlar oʻyini"
ni oʻqiganimda nafratimni eng qoʻzitgan qahramon
Sansa
edi. U oʻzining puch xayollari, xom tasavvurlari bilan ham oilasini, ham oʻzini xarob qilgandi.
Ayni paytda
"Qirollar toʻqnashuvi"
ni oʻqiyapman. Sansaning koʻzi ochilayotganini koʻrib quvondim. U ritsarlarni mard, oliyjanob, halol, aqlli deb oʻylardi. Keyin esa barining xomkalla, ahmoq, vahshiy, buzuq, tuban kimsalar ekanini tushunib yetdi.
Ayni paytda dunyo notinch. Oʻz vatanini himoya qilayotganlar ham harbiy, ammo oʻzganing vataniga hujum qilayotganlar, ayollarni zoʻrlab, goʻdaklarni oʻldirayotganlar ham harbiy. Va bugun xalqini himoya qilayotgan Eron harbiylari bir oy avval oʻz xalqiga qarshi qurol oʻqtalib, namoyishlarni kuch va qon bilan bostirgandi.
Oʻtgan asrning ikkinchi yarmida urush haqida koʻp kitob yozildi, koʻp-koʻp oʻqildi. Sababi oʻsha avlod urush dahshatini bevosita yo bilvosita oʻz tanida his qilgandi. Ayni paytda oʻsha kitoblarni yana bir bor oʻqish vaqti keldi. Chunki hozirgi avlod taraflarga boʻlinib olib, urushni romantizatsiya qilyapti. Birov yengib, birov yengilsa quvonyapti.
Sababidan qat'i nazar har qanday urush yomon. Yuqori doiralarning siyosiy va tijoriy maqsadlarining jabrini begunoh aholi tortadi. Sansa kabi hozirgi avlodning ham koʻzi ochilishi, kuch ishlatar tizimlarni va urushni romantizatsiya qilmasligi kerak.
@salimov_blogi

March 12, 15:29

Anchadan beri bir kitobni maydalaaab oʻqiyapman. Ota-onaga, yaqinlarga yaxshilik qilish haqida oʻqiy turib bolaligimni esladim.
Kishi bolaligida esini tanish bilan birga boshqalarni ham taniy boshlaydi. Kim kimga qarindosh, kim kimga yaqin, sekin-asta bilib oladi. Faloncha bilan pismadoncha aka-uka deyishganida buni miyamga sigʻdirolmaganim yodimda.
Chunki faloncha juda-juda boy edi, qoʻsha-qoʻsha bizneslari, qasrlari, mashinalari, uylari bor edi. Pismadoncha esa kunini arang koʻrardi. Uyi xarob, kiyimi xarob, holi xarob. Bola ongim bilan ikkalasini bir oilada yashagani nari tursin, bir davrada yonma-yon oʻtirganini tasavvur qilolmagandim.
Keyin meni yana bir narsa larzaga solgandi: qanday qilib aka unday, uka bunday yashashi mumkin? Aka boyligining oʻndan birini bersa ham ukasi hozirgidan oʻn chandon toʻkisroq yashardiku.
Ulgʻaydim. Ammo shu narsani hamon hazm qilolmayman. Toʻgʻri, har kimning roʻzgʻori alohida, hamma oʻz aravasini oʻzi tortadi. Ammo bir qorindan tushgan jigaringiz aravasini torta olmayotganini koʻrib, qanday qilib xotirjam yashaysiz? Tomogʻingizdan ovqat oʻtadimi?
Aka-uka mayli, ota-onaga munosabat ham shunday. Ota-ona imkoni yetguncha barcha bolasini boqadi. Ammo bolalar katta boʻlgach ota-ona asosan bitta farzandga qoladi. Boshqalarga goʻyoki begonadek. Toʻrt farzand toʻrt yoqdan bersa ota-onalar umrning oxirini toʻkinlikda oʻtkazgan boʻlardi. Yoʻq, ular kimni uyida yashayotgan boʻlsa, faqat oʻshani ota-onasi. Boshqa farzandlar bayramlarda xabar olishsa kifoya.
Negadir hamma avvalo xotiniga, bola-chaqasiga sarflaydi. Aka-ukasi, opa-singlisi, ota-onasi keyingi oʻrinda. Ortmasa mayli. Ammo bitta mashinadan ortsa endi qimmatrogʻini olishadi. Bitta uydan ortsa boshqasini koʻzlashadi.
Juftini va bolalarini boqish, qoʻriqlash hayvonlarda ham bor. Ammo biz insonmiz. Ongimiz bor. Qadriyatlarimiz, vazifalarimiz bor. Bizga mehnati singgan, singmagan boʻlsa ham qonimiz bir boʻlgan insonlarni taniy olamiz.
Borgan sari xudbinlashib ketayotgandaymiz. Instagramni kuzatib, ayni paytda hatto juftiyu bolalaridan oldin kishi oʻzini birinchi oʻringa qoʻyishi kerakligining targʻibi ketayotganini koʻrdim. Ishoning, bu yoʻl baxtga olib bormaydi. Chanqab turganingizda suv iching. Keyin biror chanqagan odamga suv bering. Qay biridan koʻproq halovat topsangiz, shu yoʻlda davom eting.
@salimov_blogi

March 08, 20:21

March 04, 12:57

​​
1000KITOB
loyihasida ellikdan ortiq kitob tarjima qilindi. Bari muhim sohalarga oid ilmiy va ilmiy-ommabop kitoblar. Muammo shuki, kitoblarni topib boʻlmaydi.
Kitoblar kutubxonalar, taʼlim dargohlari, tashkilotlarga yuborilgan. Ammo hammasiga ham emas. Buni loyiha sahifalaridagi fikrlardan ham bilish mumkin, koʻpchilik oʻz hududidagi axborot resurs markazlaridan bu kitoblarni topa olmaganini yozgan.
Shaxsan oʻzim ham oʻzimning tarjimamdagi kitobdan boshqasini qoʻlimga olmadim. Sababi hech qayerda yoʻq. Sanoqli joylar va sanoqli odamlarga tarqatilgan. Ulardan keng omma bahramand boʻlolmaydi.
Albatta, bunda shartnomada koʻzda tutilgan oʻrinlar bor. Hukumat bu loyihani tijoriy maqsadda amalga oshirmadi. Shuningdek, nashriyotlar shartnomaga qoʻshimcha band kiritib, kitobni sotuv uchun nashr qilishlari mumkin.
Ammo shu damga dovur faqat bitta nashriyot shunday qildi.
Cosmos Books
nashriyoti
Styuart Rassel
ning
sunʼiy intellekt
haqidagi kitobini Turkiyada bostirib kelib, sotuvga chiqaribdi. Bugun qoʻlimga keldi. Sifat zoʻr. Lekin eng zoʻri, uni xohlagan odam topa oladi.
Ammo boshqa nashriyotlar ilmiy kitobni sotishga koʻzlari yetmagani uchunmi bilmadim, bu ishga qoʻl urishmayapti. Mutolaa ilovasida kitoblarning aksari bor, ayrim kutubxonalarda ham. Ammo bugungi kitobxon kitobni shaxsan oʻziniki boʻlishini, uni chizib, boʻyab, choʻzilib oʻqishni, keyin javoniga terib qoʻyishni xohlaydi. Qolaversa bu badiiy kitob emas, kutubxonadan olib, sharillatib oʻqib, keyin qayta murojaat qilinmasa.
Loyiha koʻzlagan maqsad ommani kerakli kitoblar bilan taʼminlash boʻlsa, bu maqsad bajarilmadi. Chunki nashriyotlar sotilmagani uchun ilmiy kitobga pul tikishmasdi, davlat pul tikdi, lekin baribir sotuvda yoʻq. Kitoblarni sotuvga chiqarish uchun yangi shartnomalar tuzish, nashriyotlarni ragʻbatlantirish kerak. Yoʻqsa shuncha mehnat bekor ketgan boʻladi.
@salimov_blogi

February 24, 18:54

February 24, 14:10

Hozir tarjima qilayotgan kitobimdagi qahramon – besavod ayol dastlab oʻqishni oʻrganadi. Oʻqishni oʻrgangach badiiy adabiyotga qiziqadi, kitoblarni oʻqiydi. Soʻng dunyoqarashi kengayib, hayotga, odamlarga, oʻziga boshqa koʻz bilan qaray boshlaydi. Bir kuni bir soat kir yuvgach oʻylab qoladi:
"Erim bilan teng ishlasam, kir kiyimlarning koʻpi erimniki boʻlsa, nimaga doim faqat men yuvishim kerak?"
Mana nega erkaklar ayollarning oʻqimishli boʻlishini xohlashmaydi)
@salimov_blogi

February 23, 18:27
Media unavailable
1
Show in Telegram

Tun dedim, yarashdi bu ism,
Men seni bir soʻzdan yaratdim.
Kiydirdim yarqiroq koʻylakni,
Husningga olamni qaratdim.
Sen marol koʻzidan chiroyli,
Ohanglar taralar ismingdan.
Sen goʻzal tonglarni tugʻasan,
Nastarin boʻylari jismingda.
Oylarni joyladim bagʻringga,
Sen barcha tunlarning yoshisan.
Soʻng oʻzim yiqildim hayratdan,
Milyonta suluvning sochisan.
Qadadim qop-qora koʻksingga
Choʻgʻ kabi qip-qizil gʻunchalar.
Agar men boʻlmasam, eshit, tun,
Chiroyli boʻlmasding bunchalar.
Shavkat Rahmon

February 22, 08:20

​​
Kitobxonlik rivojiga eng koʻp hissa qoʻshgan, ammo yetarlicha eʼtirof etilmagan, hatto qoralangan avlod haqida gaplashamiz bugun –
telegramdagi bukblogerlar
.
2020-2023-yillar telegramdagi bukbloging uchun oltin davr boʻldi. U paytda nashriyotlarda hozirgiday katta marketing jamoalari, instagramda kitob reklama qilish, hozirgiday katta-katta doʻkonlar, tarmoqlar yoʻq edi yoki hozirgichalik gullab-yashnamagandi.
Shunday davrda bir guruh kitobxonlar bu yoʻlda beminnat xizmat qilishdi. Ular na bir maqtov, na bir qoʻllab-quvvatlov kutishdi, shunchaki oʻzlari sevganlari uchun kitob oʻqishdi va boshqalarni ham shunga chorlashdi.
Kitoblar haqidagi sahifalarni minglab odam kuzatishi oʻsha davr uchun ajoyib natija edi, chunki hatto nashriyotlarda ham buncha auditoriya yoʻq edi.
Kitobxonlik klublari ochildi. Davra suhbatlari, oflayn va onlayn muhokamalar oʻtkazildi. Oʻz hisobidan tadbirlar tashkil qilindi. Natijada kitob oʻqish yana urfga kirdi. Koʻpchilik bevosita kuzatmasa ham, kuzatadigan tanishlari orqali kitobxonlikka kirib keldi.
Har bir yangi va eski kitoblarni oʻqib, yaxshilarini boshqalarga tavsiya qilishdi. Bu kitob savdosini sezilarli jonlantirdi. Nashriyotlar, kitob doʻkonlari koʻpaydi.
Bukblogerlar mahsulot sifatiga ham diqqat qaratishdi. Qogʻoz, dizayn, tarjima, sahifalash, hech biri eʼtibordan chetda qolmadi. Maʼlum bir muddat aksar nashriyotlar bukblogerlar bilan hisoblashib ish yuritishdi. Mana shunday tanqidlari uchun ularni yomon koʻrganlar ham boʻldi. Shunga qaramay ular sifat uchun kurashishda davom etishdi, kitobxonga kitoblarni saralab oʻqishni oʻrgatishdi. Hatto soha mutaxassislari kitob oʻqimay qoʻyganda ular nafaqat oʻqishdi, balki buni moda darajasiga olib chiqishdi.
Instagramdagi bukbloging ulardan oʻsib chiqdi. Yoshlar zamonaviy texnologiyalardan, yuzlaridan, ovozlaridan unumli foydalanib katta auditoriya yigʻishdi. Nashriyotlar ham yaxshi marketing har qanday kitobni sotishga yordam berishini anglashdi, kitobga aloqasi boʻlgan va boʻlmagan blogerlarga reklama berishni oʻrganib olishdi, ular esa gohida hatto oʻqib ham oʻtirmay toʻgʻri kelgan kitobni reklama qilishdi.
Telegramdagi va instagramdagi bukbloging darajasi keskin farq qiladi. Telegramda toʻliq shaxsiy taassurotlar, tahlillar boʻlsa, instagramda yengil iqtiboslar, agressiv sotuv motiviga asoslangan.
Xullasi kalom, orada kitobxonlikni yangi darajaga olib chiqqan bir avlod unutildi. Ularning bari hamon doimiy kitob oʻqishadi. Ammo koʻpi blog yuritmay qoʻydi. Yuritayotganlarining ham taʼsir doirasi kamaydi. Telegramdagi bukbloging oʻldi.
Ammo men uchun ularning xizmati beqiyos. Hammalariga cheksiz hurmatimni izhor etaman. Bugun shuncha odam kitob oʻqiyotgani, kitob doʻkonlarida navbatlar hosil boʻlgani, kitob haqida bahs-munozaralar avj olgani uchun vaqtida hech bir moddiy manfaatsiz qimmatli soatlarini sarflab kitob oʻqigan, shu haqida yozgan, sifat uchun, odamlar yaxshi kitob oʻqishi uchun kurashgan bukblogerlardan qarzdormiz.
Biz eng zoʻri edik, doʻstlar, vaqtida kichik, ammo muhim bir avlodga mayoq boʻlib berdik. Bugun bizni tanishmas, balki qoralashar, ammo chin dildan harakat qilganimizni tan oluvchilar ham yoʻq emas. Biz oʻz vazifamizni bajarib boʻldik. Endi navbat yoshlarga.
@salimov_blogi

February 21, 09:15

​​
"Ilhom Salimov tarjimalari"
degan alohida qator qilsa boʻladi, deb hazillashaman kitob doʻkoni bor doʻstlarimiz bilan. Oʻylab qarasam, hazilning tagida chini ham bor ekan. Quyida oʻzim tarjima qilgan bir qancha kitoblar haqida maʼlumot beraman.
Zulfu Livaneli – "Serenada"
Muallif Oʻrxan Kamol nomidagi adabiy mukofotni yutgan. Mazkur asari esa mutaxassislar tomonidan turk adabiyotidagi eng yaxshi roman sifatida eʼtirof etiladi. Asar ham hissiy, ham intellektual, ham badiiy, ham tarixiy boʻyoqlarga toʻyingan. U yigirmadan ortiq tilga tarjima qilingan. Asarni nafaqat Turkiya, balki Yevropada ham sevib oʻqishadi. Bizda ham juda iliq kutib olindi. Mazkur muallifning yana uchta kitobi mening tarjimamda chiqqan.
Kristi Braun – "Chap oyogʻim"
Oʻtgan asr oʻrtalarida yozilgan bu kitob imkoniyati cheklanganlar haqidagi adabiyot klassikasi hisoblanadi. Shuningdek, yigirmanchi asrdagi eng mashhur avtobiografiyalardan biri. Asar asosida suratga olingan film ikki yoʻnalishda Oskar mukofotiga sazovor boʻlgan. Asar koʻp mamlakatlarda darsliklarga kiritilgan.
Ketrin Paterson – "Terabitiya koʻprigi"
Yozilganiga yarim asrdan oʻtgan bu kitob bolalar adabiyotiga oid eng nufuzli mukofotlarning barini qoʻlga kiritgan. Shu bilan birga u bolalar adabiyotidagi eng jasur asar hisoblanadi. Chunki unda bolalarga xos yengil syujet bilan birga, keskin burilishlar, fojialar ham tasvirlangan. Ta'bir joiz boʻlsa, u bolalarni ulgʻaytiradigan kitob. Asar asosida suratga olingan film esa bir necha avlod bolaligining bezagi boʻlib kelmoqda.
Jaloliddin Rumiy – "Ichindagi ichindadur"
Tasavvuf adabiyotidagi eng asosiy manbalardan biri. Akademik tadqiqotlarda tez-tez iqtibos olinadigan asar. Rumiy gʻarbdagi eng koʻp oʻqiladigan sharq mutafakkiri, gumanizmning, bagʻrikenglikning eng yorqin misoli. Shuningdek, Rumiy, Kimyo xotun, Shams Tabriziy haqida yana uchta kitobni tarjima qilganman.
Joze Saramago – "Soʻqirlik"
Muallif Nobel olgan. Bu uning ijodidagi eng mashhur asar. "Soʻqirlik" zamonaviy adabiyotdagi eng muhim distopik romanlardan biri hisoblanadi. Insoniyat sivilizatsiyasining, axloqning moʻrtligi haqidagi intellektual, ogʻir roman. Ayni paytda sotuvdagisi boshqa kishining tarjimasida, u tarjima ham juda yaxshi.
Milan Kundera – "Mavjudlikning chidab boʻlmas yengilligi"
Asar xos oʻquvchilar uchun. Falsafadan bexabar kishiga ogʻirlik qiladi. U yigirmanchi asrdagi eng yaxshi falsafiy romanlardan biri. Gʻarb adabiyotida klassika sifatida koʻriladi.
Yosteyn Garder – "Sofiyaning dunyosi"
Norvegiyadagi ikki nufuzli mukofot gʻolibi.1995-yilda yilning eng yaxshi romani. Dunyo boʻylab oltmishdan ortiq tilga tarjima qilingan, ellik millionga yaqin nusxada sotilgan. Eng mashhur falsafiy roman. Falsafani ommalashtirishga eng koʻp xizmat qilgan badiiy asar.
Natsume Soseki – "Konchi"
Yapon adabiyoti klassikasi. Yozilganiga bir asr boʻldi. Modernistik va ongosti oqimidagi eng dastlabki urinishlardan biri. Asar keng ommadan koʻra koʻproq akademik doira uchun muhim manba hisoblanadi.
Irvin Stoun – "Jek London"
Irvin Stoun biografik asarlari eng ishonchli hisoblanadigan yozuvchi. Bu kitob Jek London ijodini oʻrganishda asosiy manba sifatida koʻriladi. Bizdagi yosh auditoriya Jek Londonni realistik hikoyalari bilan, kattalar esa "Martin Iden" bilan taniydi. Soʻngi vaqtlarda yana qator asarlari oʻzbek tiliga tarjima qilinib, adib shaxsiyatiga qiziqish karrasiga ortdi. Bu kitob qiziquvchilar uchun oʻzbek tilidagi yagona manba.
Jon Grin – "Alyaskaning ortidan"
Kattalarga oʻqigani kitob koʻp. Bolalar adabiyoti ham kam emas. Ammo oʻsmirlar adabiyoti bizda yoʻq hisobi. Bu kitob oʻsmirlar adabiyotiga oid eng taʼsirli asarlardan biri. Bitta adabiy mukofot gʻolibi.
Nayjel Uorberton – "Falsafa asoslari"
Bu akademik kitob boʻlib,
1000Kitob
loyihasi uchun tarjima qilib berganman. Unda falsafadagi shaxslar emas, asosiy savollar, javoblar koʻrib chiqilgan.
Bular men tarjima qilgan kitoblarning uchdan biri ham emas. Hali yana anchasi bor. Qanday buyuk inson bilan zamondosh ekaningizni bilmayapsiz) Afsuski, marhumlarni devorga, tiriklarni esa toʻgʻri kelgan joyga osamiz.

February 20, 13:50

​​
Ruxsora Nur – "Tunqa"
Ruxsorani adabiyotshunos sifatida tanirdim. Ayniqsa Rauf Parfi ijodiga mehri balandligi sezilardi. Dastlab tarjimalarini tashlab, fikr soʻradi. Oʻqib koʻrdim. Yaxshi edi. Nashriyotlar bilan bogʻlanishini, tarjima bilan shugʻullanishga imkoniyati yetishini aytdim.
Keyinchalik bir hikoyasini tashladi. Birinchi satrlardanoq yangi nafasni sezdim. Soʻzlarni qoʻshiqdagiday ohangdor tergani, magʻzi toʻqligi uchun bitta gapni bir necha bor oʻqidim, tushunmaganimdan emas, zavqlanganimdan. Albatta kitob chiqarishingiz kerak, dedim. Kitobga yetmaydida dedi. Yetganicha chiqaring dedim.
Bugun uning kitobini oʻqib chiqdim. Hikoyalarni oʻqir ekansiz ularni zamondoshingiz yozganini unutasiz, xuddi xalq dostonlari kabi yangraydi. Iboralar, oʻxshatmalar kishiga zavq beradi. Menimcha, bunday uslubni sunʼiy yaratib boʻlmaydi, bu muallifning tabiiy tili. Oʻsgan muhitimi, gaplashgan odamlarimi, oʻqigan kitoblarimi, bilmadim, unga shunday shirali, oʻtkir, ravon uslubni bergan.
Hikoyalarning adabiy saviyasi juda yuqori, bunga gap-soʻz yoʻq. Mavzu jihatdan koʻpi oʻxshash, buni maqtov oʻrnida ham, tanqid oʻrnida ham ishlatish mumkin. Barchasidagi muhit qandaydir biqiq. Nafasingiz siqadi. Oʻzingizni xumga qamalgan jinday his qilasiz, erksizlik shu darajadaki, hatto muallif ham oʻzini ayon emas, majozlar orqali ifoda etgan.
Loʻnda qilib aytganda, kitob ezilgan ayollar haqida. Eri, qaynonasi, jamiyat tomonidan... Alamzadalik, nafrat istehzo bilan birga beriladi va barida kun kelib qasos olinishi tasvirlanadi. Inson baribir umid qiladida. Kun kelib uni qiynaganlar qiynalishiga, hisob-kitob boʻlishiga ishongisi keladi. Odamzod yaralibdiki shunday.
Toʻgʻri, jamiyatimizda maishiy muammolardan ortmaydigan, qandaydir qozon-tovoq, supur-sidir, kir-chirni hayot-mamot masalasiga chiqarib, xudo bergan har kunni gʻurbatga aylantiradigan oilalar bisyor. Chetdan qaraganda bu maishiylikday tuyulishi mumkin, ammo oʻsha muhitda oʻsgan, yashayotgan inson uchun bu ogʻir fojia. Ayniqsa u adabiyot, ijod kishisi boʻlsa. Har bir xotira qanotga bogʻlangan toshki, uchishga qoʻymaydi.
Ruxsora oʻsha maishiylikni ezmalanmasdan, choʻzmasdan, shu bilan birga ochiqchasiga emas, bilvosita yetkazib bera olgan. Hikoyalarning bari kitob uchunmas, yurakdan yozilgani, qay bir shaxsiy dardning ifodasi ekani seziladi. Ammo Ruxsora ichidagi olovi oʻchmagan, dadil, tinib-tinchimas, qaytmas qiz, shu bois u isteʼdodini kattaroq asarlarga sarflashi kerak.
"Tunqa" yosh qalamkashning mashqlari emas, shakllangan yozuvchining ijod mahsuli. Shaxsan men bu yozuvchidan kelajakda koʻproq narsani kutaman.
@salimov_blogi