
Baratov’s Blog
Bugun boshqacha kun
Bu kun siz albatta yoshlikni eslaysiz. Necha yosh bo’lsangiz ham. Hayit namozi, shirinliklar, qarindoshlarni yo'qlash, hammasi yoshlikni eslatadi.
Bu kun siz kunni yarmini tabriklash va tabriklarni qabul qilish bilan o’tkazasiz.
Bu kun sizga yaqin va uzoq insonlarni ajratib olasiz.
Birinchilar tabriklash uchun shaxsiy xabar yozib yoki qo'ng'iroq qilsa, ikkinchilar shablon tabrik yoki rasm jo'natishadi.
Bu kun siz aslida qancha qarindoshingiz borligini bilib oladigan kun.
Bu kun sizni asl hayotiy qadriyatlarga qaytaradi: Oila, silai rahm, ehson, namoz. Deyarli hech kimni ish haqida gapirganini ko’rmaysiz.
Bu kunni hamma yaxshi ko'radi, yosh bolalar ham, kattalar ham ,qariyalar ham.
Biz ham bu kunni yaxshi ko'ramiz.
Hayit bayramini yaxshi ko'rganlarga hayit muborak aziz do’stlar!
@baratovs_blog
Achchiq haqiqat haqida
Ba’zan odamlar bizga yoqmaydigan haqiqatni aytsa, ichimizda ularga nisbatan g‘alati salbiy hissiyot paydo bo‘ladi. Go‘yo muammo haqiqatning o‘zida emas, aynan uni aytgan odamda bo‘lgandek.
Charlie Munger buni
“Pavlovian association”
deb tushuntiradi.
Ya’ni inson miyasi yoqimsiz hissiyotlarni avtomatik tarzda o‘sha hissiyot bilan bog‘liq odamga ulab qo‘yadi. Agar kimdir sizga doim:
— tanqid,
— yomon xabar,
— noqulay haqiqatlarni aytsa,
bir muddatdan keyin siz u odamning o‘zini yoqtirmay qolishingiz mumkin.
Hatto u haq bo‘lsa ham.
Munger
CBS
kompaniyasini bunga misol qiladi. Ushbu kompaniya rahbari yoqimsiz haqiqatni eshitishni yomon ko‘rgan. Natijada atrofdagilar asta-sekin:
— haqiqatni yashirishni,
— gapni yumshatishni,
— faqat yoqadigan narsalarni aytishni boshlashgan.
Va oxir-oqibat kompaniya real voqelikdan uzilib qolgan.
Menimcha, bu faqat biznesda emas, hayotning hamma joyida bor.
Ko‘pincha bizni taskin beradigan odamlarni yaxshi ko‘ramiz, lekin o‘sishimizga sabab bo‘ladigan rostgo‘y odamlarni emas.
Eng qiyini esa — haqiqatni aytgan odamdan ranjimaslikni o‘rganish.
Poor Charlie’s Almanack kitobini o’qivommiza :)
@baratovs_blog
Boshqalardan yaxshiroq
- Saraton kasalligi bor bemorlarning 96 foizi o‘z sog‘lig‘ini o‘rtachadan yaxshiroq deb hisoblaydi.
- Professorlarning 94 foizi o‘zini boshqalardan yaxshiroq mutaxassis deb biladi.
- Talabalarning 90 foizi o‘zini oddiy talabalardan aqlliroq deb o‘ylaydi.
- Haydovchilarning 93 foizi o‘zini o‘rtacha haydovchidan yaxshi deb hisoblaydi.
Lekin buning teskarisini qilish yaxshi.
Agar biz o‘zimizni o‘rtacha darajadan past deb hisoblasak:
Ko‘proq tinglash, ko‘proq savol berish, boshqalardan o‘rganishga harakat qilishimiz mumkin.
Shunda: Boshqalarga emas, o‘zimizni yaxshilashga e’tibor beramiz, Egoni sindiramiz.
Va yaxshi farzand/aka/uka/ota/yor bo’lamiz!
@baratovs_blog
G’alati paradox
Kattalar bilan gaplashaman. “Farzandli bo‘lganimdan keyin, umrim bir pasda ótib ketdi” deyishadi.
Boshqa tarafdan,
Bolalikda vaqtimiz sekinroq o‘tadi.
Sayohatga chiqsak, bir haftasi bir oydek bo‘ladi.
Notanish yo‘ldan yursak, uzoqroq tuyiladi.
Yolg‘iz o‘tirsak, soniyalarni seza boshlaymiz.
Nega?
Miyamiz yangi narsa o‘rgansa, lahzalarni yaxshiroq eslab qoladi. Vaqt sekinroq o‘tgandek bo‘ladi.
Takror ishlarni esa, unutib yuboradi.
Katta bo‘lganda vaqt tezlashishi sababi ko‘ringandek bo‘lyapti:
Ko‘pchilik,
Oxirigi marta yangi sportga 16 yoshida qatnashgan. (Maktabni bitirgunicha)
Oxirgi marta yangi tilni 18 yoshida o‘rgangan. (O‘qishga kirish uchun)
Oxirgi kitobini 22 yoshida o‘qigan. (Imtihonga tayyorlanish uchun)
Oxirgi yangi ko‘nikmasini 27 yoshida o‘rgangan. (Ishxonada o‘rnashib olish uchun)
Endi o‘sha ko‘pchilik, umri tez o‘tayotganidan afsusda.
Nafaqat afsusda, balki yanaham tezroq
tugatish
bilan ovora.
@baratovs_blog
Qasos haqida
-Qo’pol gapirdi. Gaplashib olishga bordik. Ko’pchilik bo’lib bizni urishdi. Endi nima qilamiz? Biz ham uramiz-da?
Maktab o'quvchisi aytib qoldi.
Eng kuchlilar ham bir vaqtda 7ta odamga qarshi chiqolgan xolos. (Jack Dempsey). Kuchning chegarasi shu.
Aql va axloq bilan minglab odamga qarshi chiqish, ergashtirish mumkin. Bunga olimlar va aqlli insonlar misol.
Qasos olmoqchi bo’lsangiz - zolimga o’xshamaslikka harakat qiling. Eng yaxshi qasos shu bo’ladi.
Qasos olmoqchi bo’lsangiz - yaxshi yashang. E’tibordagi odam bo’ling. Bitta shapaloq o’tadi, ketadi, sizni qasosingiz esa ularga doimiy shapaloq bo’ladi.
Qasos olmoqchi bo’lsangiz - uni kechirib yuboring. O’zini yutgan hisoblayversin. Yutqazganini yillar o’tib tushunib yetadi.
Tushunganida - kech bo’ladi.
Kech bo'lganida, ulardan kilometrlar oldinda bo'lasiz!
@baratovs_blog
Emotsional do'stlar
Maktab sohasidagi hamkasblarimiz bilishadi.
Muhiti yomon bo’lsa ham, eski sinfidan ketmaydigan o’quvchilar ko’p.
“O’rtoqlarim”
deydi.
Aristotel aytgan, emotsional do’stlar. Umumiy xotiralar bor. Umumiy tarix birga ushlab turadi.
Noto’g’ri joydaligini bilsa ham, tashlab keta olmaydi.
Shu sabab, zararli yo’llardan yurishni boshlaydi. Shifokor Gabor Meyt aytganidek, “ko’rga ergashayotgan ko’r” bo’lib qoladi.
Bekorchi o’smirlarning hayoti qiziqroq ko’rinardi yoshligimda. Onam esa bizni ularga qo’shishni xohlamas edilar. Men tushunmas edim.
Katta bo’lib tushundim. Bekorchi o’smirlarning hayoti havas qilarlik bo’lmadi.
Yomon ko’rinsak ham, yoshlarni noto’g’ri muhitdan olishimiz kerak ekan.
Bir oy arazlaydi. O’tib ketadi.
O’ttizga kirganidan keyin, butun umr afsus qilganidan, shu yaxshiroq.
@baratovs_blog
Yaxshi o’qish shartmi?
Maktabni bitirganimga bir necha yil bo'ldi. Yaxshi o'qiganimga qaramay, ~70 foizi esimdan chiqqan.
Kollejda yana ham qattiqroq o'qigandik. Baribir 2/3 qismi esimizdan chiqqan.
Oxir-oqibat unutib yuborsak, yaxshi o'qib nima qilamiz? Shunchaki, imtihon uchunmi hammasi?
Yaxshi o'qishning boshqa foydalari ham bordir balki?
Yechgan misollarimiz esimizda qolmas. Yechish uchun kerak bo'lgan
diqqat qila olish odati
biz bilan qoladi.
Yodlaganlar g'azallarimiz unutilib ketar. Yodlash sabab
rivojlangan xotiramiz
biz bilan qoladi.
Yozib to'ldirgan daftarlarimiz yo'qolib ketar. Yozaverish ortidan
kuchaygan tafakkurimiz
biz bilan qoladi.
Ba'zi ishlar faqat natijasi bilan emas, jarayoni bilan ham foyda olib keladi.
Yaxshi o'qish ham shulardan biri.
Yaxshi o’qing, kam bo’lmaysiz.
Inglizlar aytganidek:
Hard work definitely pays off
.
@baratovs_blog
Noodatiy inson bo’lasiz
Dunyo aholisining 38% da ortiqcha vazn bor. Kelayotgan 15 yilda 51%ga chiqishi kuzatilyapti.
Statista
Oxirgi 4 yilda yolg’izlik darajasi 33% dan 45% ga ko’tarildi.
MORI
Antidepresantlar ichish eng rivojlangan davlatlarda 20 yilda 2 martaga ko’paygan.
OECD
O’smirlar orasida dangasalik ko’payib bormoqda.
Nypost
Texnologiya rivojlanyapti, tarixda ilk bor odamlarning aqli va diqqatida esa pasayish kuzatilyapti.
Forbes
Semizlar, yolg’izlar, asabiylar, dangasalar, ahmoqlar va diqqatsizlar oldingidan ko’payib boryapti.
Avval noodatiy inson bo’lish uchun alohida iqtidor kerak bo’lar edi. Endi ajralib turish osonroq.
Semirib ketmang, yaqinlardan uzilmang, asabiylashmang, erinmang, ilm oling, chalg’imay ishlang.
Shuni o’zida noodatiy inson bo’lasiz.
@baratovs_blog
Happy vs Unhappy
Internetda hamma narsa bor. Google so‘raganimizga qarab ma‘lumot topib beradi.
Mening Youtube lentam va sizniki farq qiladi. Eski ko‘rgan videomizga qarab, yangisini tavsiya qiladi.
Shuning uchun ham, kimdir internetni “rasvo joy” deydi. Kimdir foydali deydi. Kimdir Youtubeda narsa o‘rganadi. Kimdir umrini isrof qiladi.
Hayotdagi voqealarni ham shunga o‘xshataman.
Atrofimizda bo‘layotganlarning hammasiga ham diqqatimiz yetmaydi.
Faqat
tanlaganimiz
va qidirganimizni
ko‘ramiz.
Kimdir urush paytida ham xursand bo‘lish uchun sabab topadi.
Kimdir esa yomon yangiliklarni ko‘raverib, yaxshi joyda ham, xafa bo'lib yuradi.
"O‘zingni baxtsiz deb o‘ylasang, aslida qanday ekanligini nima farqi bor" degandi Seneka.
"Baxtli bo‘lish uchun tom, non, sog‘liq kifoya" - degandi ajdodlarimiz.
Trash contentlardan uzoqda bo’ling, uzoqlarga borasiz.
@baratovs_blog
Welcome Ramazon
O’tgan Ramazonda, juda ko’p yaxshi odatlar shakllantirganman. Ramazon barakali o’tsa, yil barakali o’tishini o’shanda tushunganman.
O’zgarish uchun, shakllantirilishi kerak bo’lgan odatlar, sahar vaqtida takrorlansa, ularni sifatli va tez o’zlashtirish mumkinligi hammamizga ma’lum.
Yaxshi muomalada bo’lish, Ilm olish, sog’lom bo’lish va qorinni uchdan birini havo uchun bo’sh qoldirishda boshqa oylarda qiyanlamiz.
Lekin bahonalar o’tmaydigan, dushmanlar zanjirband qilinadigan, o’zgarish uchun eng xayrli bo’lgan Ramazon oyi bu.
O’zgarish uchun eng yaxshi oy bu. Haqiqiy o’zgarishlar 1-yanvardan emas, Ramazondan boshlanadi.)
Foydalanib qoling. Bu imkoniyatni qo’ldan boy berganlar, keyingi ramazongacha afsuslanib yurishadi.
Barchamizga Ramazon muborak!
@baratovs_blog