
Pediatr Nur Olimovna
Ertaga maktab, tayyormisizlar?
Assalomu alaykum qadrli obunachilar va jonkuyar ota-onalar.
Maktabga faqat kiyim, daftar-qalam emas, ruhiy jihatdan ham tayyormizmi?
Ba’zi bolalar maktabni intiqlik bilan kutadi. Boshqalarida esa xavotir, qo‘rquv yoki yangi o‘quv yiliga moslashish qiyin kechishi mumkin.
Ayniqsa kichik sinf o‘quvchilariga alohida yordam kerak. Ularga birinchi kundanoq
“Baholaring qanday bo'ldi? ”dan ko‘ra,
“Bugun nimalar bo‘ldi?”
“Qaysi dars senga yoqdi?”
“Biror narsa seni qiynamadimi?”
kabi savollar ko‘proq kerak.
Bola o‘zini faqat yaxshi baholari uchun emas, shaxs sifatida qadrlanishini his qilishi juda muhim.
Uyda maktabdagi muammolar haqida gapirishga imkon beradigan xavfsiz muhit yarating. Har bir xatosini darhol tanqid qilish o‘rniga, uni tinglashga harakat qiling.
Ovqatlanishiga ham e’tibor bering
O‘quv yili davomida bolaning energiya sarfi ortadi. Ertalabki nonushtani tashlab ketish, kun bo‘yi shirinlik yoki fastfud bilan yurish bolaning kun davomidagi holatiga salbiy ta’sir qilishi mumkin.
Bolaning ratsionida muntazam ravishda: — oqsil manbalari: tuxum, go‘sht, baliq, dukkaklilar; — sut mahsulotlari; — sabzavot va mevalar; — murakkab uglevodlar: bo‘tqa, non, guruch, makaron va boshqa don mahsulotlari; — yetarli miqdorda suv bo‘lishi kerak.
Maktabga ketayotgan bola uchun yaxshi nonushta va imkon qadar foydali tamaddi tayyorlab berish — uning o‘qishiga kiritilgan kichik, ammo muhim sarmoyadir.
Ha, yana bir muhim maslahat! Uydagi yosh bolalaringizga endi maktabdan turli respirator infeksiyalari kelishi mumkin, demak qo'l yuvishni barcha oila a'zolari uchun asosiy shart deb hisoblasak, bolaning maktab kiyimlari bilan ukalari yoniga kelishiga yo'l qo'ymasak yahshi bo'lar edi
Hurmat bilan Pediatr Nur Olimovna
Suyultirilgan quyuq sut(moloko) nega zarar?
Juda ko'p emizishdan chiqarmoqchi bo'lgan onalarga bolaga quyuq sutni suvga qo'shib ichkizishni " maslahat berishadi".
Afsuski, bunday bolalarda tish bilan bog'liq va asab bilan bog'liq muammolarga duchor bo'ladi.
Birinchi eng katta muammo- bolalik kariyesidir, chunki bu mahsulot tarkibidagi shakar juda ko‘p. Suyultirish shakarni yo‘qotmaydi, faqat konsentratsiyasini kamaytiradi holos...
Ikkinchi muammo esa shirin suyuqlikni tez-tez ichish og‘izda bakteriyalar uchun doimiy oziqa bo‘lib, emalning yemirilishini tezlashtiradi.
Ayniqsa, bu suyuqlikni uxlatishdan oldin yoki tunda berish ayniqsa xavfli: so‘lak kamaygani uchun tishlari kariyesi tezroq rivojlanadi.
Bundan tashqari ortiqcha kaloriya va shakar — vazn ortishi va bolaning shirin ta’mga o‘rganishiga olib kelishi mumkin.
Shirin suv oddiy sut yoki ona sutining o‘rnini bosishi mumkin, natijada bolaning ratsioni muvozanati buziladi, ularda kerakli ozuqa moddalar yetishmovchiligi kelib chiqadi, ayrim bolalarda ich ketishi, qorin dam bo‘lishi kuzatilishi mumkin.
Emizishdan chiqarmoqchi bo'lgan onajonlar uchun eng yahshi tanlov bu vaqtinchalik sun'iy sut yoki mol suti hisoblanadi ( bola 1 yoshdan katta bo'lsa).
Hurmat bilan Pediatr Nur Olimovna
Mukofot evaziga nima taklif qilyapsiz?
Assalomu alaykum qadrli obunachilar!
Bolaga "pora" berish deganda nimani tushunasiz?
Bog'chaga borishi uchun albatta do'kondan nimadir olib berish yoki ovqatini yeb olsa shokolad berish yoki yig'lamasa telefon berish bu "pora"
Pora bu yoqimsiz yoki noto'g'ri ishda ishtirok etish evaziga mukofot olishdir.
Demak bog'cha, ovqat, yig'lash bu yoqimsiz, qiyin ish mukofot olinuvchi jarayon.
Bola hech qachon bu jarayonni yahshi deb qabul qilmasligini o'zimiz o'rgatyapmiz ekan...
Eng yahshi sovg'a bu shunchaki odatiy yumushlar kabi yondoshish va " bugun bog'chaga jasorat bilan kirib ketding, sendan hursand bo'ldim", yoki " Bugun ovqat yeyishni nima yeyishdan boshlaymiz, sabzi yoki kartoshka? " deb hotirjam so'rash kerak.
Bola yig'laganda esa " men seni tushunaman, sening yig'laging kelyapti va bu senda uncha uzoq bo'lmaydi deb o'ylayman" deb yonida shunchaki o'tirish kifoya.
Sovg'ani esa, bugun seni rosa yahshi ko'rib ketdim , deb odatiy kunlarida berish foydalidir yoki sen bunday sovg'aga munosibsan deb berish kifoya.
Azizlar, bolalarga mukofot berishga shoshilmang, ular doimo nimanidir ta'ma qiluvchi bo'lib qolishadi.
Hurmat bilan Pediatr Nur Olimovna
Oshxonadan boshlanuvchi diareya
Assalomu alaykum qadrli obunachilar, aziz onalar!
Ichak infeksiyalari o'zimiz bilmagan holda oshxona buyumlaridan yuqadi.
Ayniqsa bolalar ichagi Juda nozik bo'ladi va tezda kasallanadi.
Oshxonada go'sht mahsuloti uchun alohida pichoq va tataxtakach ishlating.
Bu pichoq bilan non, sabzavot , meva to'g'ramang.
Idish yuvish uchun mochalkalar esa go'sht ishlatgan idishlarga alohida bo'lsin, sabzavot ishlatgan idishlarga alohida va bolalar idishiga alohida bo'lsin.
Ayniqsa, suv idishlar, sut idishlar qaynatib turilsin, so'rg'ichlar ham tez- tez qaynatilsin.
Zinhor bolaga ovqatni og'zingizda chaynab bermang yoki haroratni bilish uchun bolaga beriluvchi luqmani og'zingizga solmang.
Bolalaring qo'llarini, hattoki chaqaloqlar qo'llarini ham tez- tez sovunlab yuving.
Pashshalardan ehtiyot bo'ling, ular eng katta dushman.
Bolalar uchun ishlatiladigan idishlarni maxsus konteynerda saqlang.
Bolalarni ich ketardan saqlash uchun gigienaga rioya qiling va erinmang!
Hurmat bilan Pediatr Nur Olimovna
Bir uyda ikki orol
Assalomu alaykum qadrli obunachilar.
Oila aslida katta tushuncha, o'zbek xonadonlarining deyarli barchasida buvi, bobo, amakilar va yana, yana kimlardir bor...
Lekin shu oilada kichik oila borki, bu ota, ona va bolalardan iborat.
Bir ayol dilini ochdi, " Mening uchta bolam bor, kichik farzandim harhasha qilib, to'kib ovqat yegani uchun qaynonam bemalol ovqatlana olmaydi, shuning uchun men shu bolalar bilan birga ovqatlanaman, ular bilan dardlashaman, dars qildiraman, ota-onalar majlislariga ham o'zim boraman. Lekin turmush o'rtog'im onasi va opa- ukalari bilan ovqatlanadi, ular bilan kulishadi, dardlashadi, vaqt o'tkazadi. U onasi bilan doimo opa-ukalarining hojatini chiqarish, ularning muammolarini hal qilish bilan mashg'ul. Bolalar uchun vaqti yo'qligi endi tabiiy holga aylangan. Endi ishlayotganim uchun mablag'ni ham o'zim sarflayapman, bolalarim dadasidan pul so'ragani uyalishadi. Maktabda biror muammoga uchrashishsa bolalarim aybdor deb hisoblanadi va odatdagiday yana bildirmasdan men muammoni hal qilishga urinaman
Ba'zan qo'rqib ketaman, farzandlarim dadasini kutishmaydi, sog'inishmaydi va unga yaqin borisha olmaydi.
Bir kuni qizim tog'asi qizlarini erkalatayotganini ko'rib, havasdan ko'zlarini uzolmay qoldi, va men tushundimki, men va uchta bolam alohida orolda yashayotgandekmiz, menga maslahat bering"
Qadrli obunachilar, siz nima deb o'ylaysiz? Tashqaridan qaraganda itoatli, tinch oila, lekin oila negizida chuqur muammolar kechishi mumkinligini tasavvur qilish qiyin.
Sizningcha bolalar katta bo'lishgach qanday qiyinchilik ularni kutishi mumkin?
Shu postdan keyin bolalaringizning dadasi qanchalar mehribon ekanligini o'ylab qolarsiz balki...
Hurmat bilan Pediatr Nur Olimovna
Bola bilan suv olib yuring
Assalomu alaykum qadrli obunachilar.
Yo'lda, transportda yurar ekanman, eng issiq kunlari ham bolalarni olib yurgan onalarni ko'raman.
Bola yig'laydi, hatto berilgan telefonlarni ham hohlashmaydi.
"Suvi bormi?"- deb so'rayman, ular esa " Olmabmiz" deyishadi.
Bolaning yoshi nechada bo'lishidan qat'iy nazar, suv olib yurish kerak.
Maxsus suv idishda suv, rasmli kitob, bolaning sevimli o'yinchog'i doim yoningizda bo'lsin.
Bola bilan transportda ketayotganda yoningizdagi ayol bilan gaplashgadan ko'ra bola bilan gaplashib ketgan afzal.
Yoz kunlarida oq paxta toladan shapka, ro'mol yoki panamka kiydirish kerak, lekin paypoq kiydirish shart emas.
Bolaning kiyimlari sumkada zahira bo'lishi kerak, ko'pincha terlab ketsa ham yechilmaydi.
Hammadan eng muhimi bolalarni yoz kunlarida 10.00 dan 17.00 gacha jamoat transportida olib yurish bolani qiynab qo'yadi.
Bolani oftob urishidan ehtiyot qiling.
Hurmat bilan Pediatr Nur Olimovna
Kanal navigatori
(1-qism)
1.
Bola nega yig'laydi?
2.
Qorindagi sanchiq nimadan?
3.
Emizikli ayolning taomlari
4.
Bolangiz ona sutini yetarli emyaptimi?
5.
Bolani cho'miltirish - sog'lik garovidir
6.
Bolaning rivojlanish mezonlari 0-6 oy
7.
Bolaning yurib ketish jarayonlari
8.
Dastlabki tishlar - muammo emas
9.
Tuvakka o'tqazishni o'rgatish (1-qism)
10.
Tuvakka o'tqazishni o'rgatish (2-qism)
11.
Tuvakka o'tqazishni o'rgatish (3-qism)
12.
Bolani tuvakda uzoq o'tirishiga yo'l qo'ymang (4-qism)
13.
Bolangiz 1 yoshga kirdi!
14.
Uyni zaharli moddalar va xavfli dorilardan holi qiling!
15.
Betob bolani ovqatlantirish
16.
Bolangiz betob bo'lsa, ...
17.
Bemor bolaning terisini parvarishlash
18.
Betob bolaga dori berish odoblari
19.
Yaxshi uyqu - sog'lik garovi
20.
Toza havoda sayr
21.
Betob bolaga xantalma(gorchishnik) qo'yish
22.
Bolani tez-tez bag'ringizga bosing
23.
Bolaning jismoniy rivojlanishini baholab boring
24
. Bolaning liqildoqlari nimani anglatadi?
25.
Yassi oyoqlikni uyda aniqlash mumkinmi?
26.
Yosh onalarga!
27.
Qo'shimcha ovqat tayyorlash
28.
7 oydan so'ng berilishi kerak bo'lgan ovqatlar
29.
Bola qo'lini nega so'radi?
30.
Ona bilan bolada kandidoz kasalligi
Bog‘chaga berishda asosiy qoidalar
(2-qism)
Assalomu alaykum, qadrli obunachilar!
Bog'chaga berishdagi keyingi qoidalar haqida yana davom ettirishimiz mumkin.
7. Moslashuv davrida bolani qo'llab quvvatlang.
Bog‘chaga qatnay boshlagan dastlabki kunlarda bolada yig‘loqilik, injiqlik, uyqu buzilishi, ishtahaning pasayishi yoki ota-onaga kuchli bog‘lanib qolish kuzatilishi mumkin.
Bunday holatda bolani koyish yoki jazolash to‘g‘ri emas. Uning his-tuyg‘ularini tushunishga harakat qiling va dalda bering.
8. Xayrlashishni cho'zib yubormang.
Bog‘chaga olib kelganda bolani quchoqlab, qachon qaytib kelishingizni sodda qilib tushuntiring va xotirjam xayrlashing.
Uzoq vaqt eshik oldida turish, qayta-qayta xayrlashish yoki yashirincha chiqib ketish bolaning xavotirini kuchaytirishi mumkin. 9. Uy bolaning xavfsiz joyi bo‘lib qolsin
Farzandingiz bog‘chadan qaytgach, unga mehr va e’tibor bering. Kun qanday o‘tganini so‘rang, lekin javob berishga majburlamang.
Bola uyiga qaytishini va ota-onasi uni doimo kutishini bilsa, yangi muhitga tezroq moslashadi.
10. Bog'cha tanlashda juda ko'p bolalar guruhiga (25-30 ta) ba'zi bolalar ko'nikolmaydilar, bunday hollarda kichik hajmdagi bolalar guruhiga qo'shing, ba'zi bolalar umuman bog'chaga ko'nikolmaydilar, bunday holatda ular uchun uyda enaga yo'llash juda ahamiyatlidir.
11. Har bir bolaning moslashish muddati har xil.
Ba’zi bolalar bir necha kun ichida, boshqalari esa bir necha hafta davomida moslashadi. Farzandingizni boshqa bolalar bilan taqqoslamang.
Bog‘chaga tayyorgarlik faqat kiyim-kechak va hujjatlarni tayyorlashdan iborat emas. Eng asosiysi, bolani ruhiy, ijtimoiy va maishiy jihatdan yangi hayot bosqichiga asta-sekin tayyorlashdir.
Hurmat bilan Pediatr Nur Olimovna
Bog‘chaga berishda asosiy qoidalar
1-qism.
Assalomu alaykum, qadrli obunachilar!
Farzandni bog‘chaga berish uning hayotidagi muhim bosqichlardan biridir. Bola oilaviy muhitdan yangi jamoaga kiradi, tengdoshlari bilan muloqot qilishni, tarbiyachini tinglashni va ayrim ishlarni mustaqil bajarishni o‘rganadi.
Bolani necha yoshdan bog‘chaga berish ma’qul?
Bolani bog‘chaga berish uchun eng qulay davrlardan biri 2–3 yosh oralig‘i hisoblanadi. Bu yoshda bola yaqin va begona insonlarni yaxshiroq ajrata boshlaydi, oddiy ehtiyojlarini so‘z bilan ifodalashga harakat qiladi va boshqa bolalar bilan muloqot qilish ko‘nikmalari shakllanadi.
Ikki yoshga to‘lmagan bolalarda ota-onaga bog‘liqlik kuchliroq, nutq rivojlanishi esa hali yetarli bo‘lmasligi mumkin. Shu sababli ular yangi muhitga qiyinroq moslashadi. Biroq har bir bolaning rivojlanishi individual ekanini unutmaslik kerak. Faqat yoshga emas, bolaning ruhiy, jismoniy va ijtimoiy tayyorgarligiga ham e’tibor berish zarur.
Bolaning bog‘chaga osonroq moslashishi uchun quyidagi qoidalarga amal qilish tavsiya etiladi.
1. Bog‘chani to‘g‘ri tanlang
Bog‘chaning uyga yaqinligi, qatnov yo‘lining xavfsizligi va bolani olib borib-kelish qulayligini hisobga oling. Bog‘chadagi tozalik, xonalarning holati, ovqatlanish sharoiti, o‘yin maydonchasi va xavfsizlik choralariga e’tibor bering.
Tarbiyachilarning bolalar bilan qanday gaplashishi va muomala qilishi ham juda muhim.
2. Kun tartibini oldindan moslashtiring
Bog‘chaga borishdan bir necha hafta oldin bolaning uyg‘onish, ovqatlanish, sayr qilish va uxlash vaqtlarini bog‘cha tartibiga yaqinlashtiring.
Kun tartibining keskin o‘zgarishi bolada charchoq, injiqlik va bog‘chaga borishni istamaslik holatlarini kuchaytirishi mumkin.
3. Bolaga mustaqillikni o‘rgating
Bola yoshiga mos ravishda quyidagi ishlarni bajarishga harakat qilishi kerak:
— qoshiqdan foydalanib ovqatlanish;
— stakandan suv ichish;
— qo‘lini yuvish va artish;
— kiyimlarini yechish va kiyishga harakat qilish;
— hojatga borish istagini ayta olish;
— o‘z ehtiyojlarini so‘z bilan tushuntirish.
Bola barcha ishlarni mukammal bajarishi shart emas. Muhimi, u mustaqil harakat qilishga asta-sekin odatlanishi kerak.
4. Muloqot ko‘nikmalarini rivojlantiring
Farzandingizga salomlashish, xayrlashish, yordam so‘rash, navbat kutish, o‘yinchoqlarni bo‘lishish va boshqa bolalarga ozor bermaslikni o‘rgating.
Bola o‘z ehtiyojlarini oddiy so‘zlar bilan ifodalay olsa, bog‘chada o‘zini ancha ishonchli his qiladi.
5. Bog‘cha haqida ijobiy gapiring
Bolani bog‘cha bilan qo‘rqitmang. “Bog‘chaga borsang, tarbiyaching jazolaydi” yoki “yig‘lasang, seni bog‘chada qoldirib ketaman” kabi gaplarni aytmang.
Aksincha, bog‘chada yangi do‘stlar, qiziqarli o‘yinlar va mashg‘ulotlar borligini tushuntiring. Biroq bog‘chani haddan tashqari maqtash ham kerak emas. Bolaga sodda va haqqoniy ma’lumot bering.
6. Ajralishga asta-sekin tayyorlang
Bola doimo faqat ota-onasi bilan bo‘lsa, bog‘chadagi ajralish unga og‘irroq kechishi mumkin. Uni vaqti-vaqti bilan ishonchli yaqinlari bilan qoldirish, bolalar maydonchasida tengdoshlari bilan o‘ynashiga imkon berish foydali.
Shunda bola ota-onasi vaqtincha ketishi, lekin albatta qaytib kelishini tushuna boshlaydi.
(davomi bor)
Hurmat bilan Pediatr Nur Olimovna
Chaqaloqlarda axlat ranglari qachon kasallik alomati bo‘ladi?
Assalomu alaykum, qadrli ota-onalar!
Chaqaloqning axlati rangi ko‘p narsani aytib berishi mumkin. Ayniqsa yangi tug‘ilgan chaqaloqlarda axlat rangi tez-tez o‘zgaradi va bu har doim ham kasallik degani emas.
Qaysi ranglar ko'pincha normal husoblanadi?
1. Qora-yashil, yopishqoq axlat
Bola tug‘ilgandan keyingi ilk 1–2 kunlarda bo‘ladigan axlat mekoniy deyiladi. Bu normal holat.
2. Sariq yoki xantal rang axlat
Ko‘krak suti bilan oziqlanadigan chaqaloqlarda ko‘p uchraydi. Odatda suyuqroq va donador narsalari bo‘ladi.
3. Jigarrang yoki och jigarrang axlat
Sun’iy aralashma bilan oziqlanadigan bolalarda ko‘proq uchraydi. Bu ham ko‘pincha normal.
4. Yashil axlat
Ba’zan normal bo‘lishi mumkin. Masalan, ona ovqatlanishi, temir preparatlari, aralashma turi yoki ichak harakati tezlashishi sababli yashil rang kuzatiladi.
Qachon xavotir olish kerak?
1. Oq, kulrang yoki loy rang axlat
Bu eng muhim xavf belgilaridan biri. Safro ichakka tushmayotganini yoki jigar-o‘t yo‘llari muammosini ko‘rsatishi mumkin. Ayniqsa bola sarg‘aygan, siydigi to‘q rangli bo‘lsa, shoshilinch pediatrga murojaat qiling.
2. Qizil axlat yoki qon aralash axlat
Bu ichakdan qon ketishi, anal yoriq, allergiya yoki infeksiya belgisi bo‘lishi mumkin. Qon oz bo‘lsa ham, shifokor ko‘rigidan o‘tish kerak.
3. Qora axlat
Tug‘ilgandan keyingi birinchi kunlardagi mekoniy normal. Lekin bola oldin sariq/yashil/jigarrang axlat qilgan bo‘lsa-yu, keyin axlati qora saqich kabi bo‘lib qolsa — bu qon ketish belgisi bo‘lishi mumkin.
4. Suvdek ich ketishi, shilimshiq yoki badbo‘y axlat
Agar bunga isitma, qusish, holsizlik, emmaslik, siydik kamayishi qo‘shilsa, bu suvsizlanish yoki infeksiya belgisi bo‘lishi mumkin.
Bunday holatda nima qilish kerak?
:
Agar axlat rangi tufayli xavotirga tushsangiz, taglikni tashlab yubormang. Rasmga olib qo‘ying yoki imkon bo‘lsa shifokorga ko‘rsating. Bu tashxis qo‘yishda juda yordam beradi. Va eng muhimi turli dorilar berishdan ehtiyot bo'ling.
Hurmat bilan Pediatr Nur Olimivna