
Tafakkur chizgilari
Islom siz uchun
nimanidir anglatishini
roʻkach qilishni bas qiling.
Gar masjidingiz
oʻzingiz va badavlat
oʻrtoqlaringiz
toʻplanadigan joygina boʻlsa;
Gar xayr-u ehson emas,
sayohat uchungina
koʻproq mablagʻ sarflasangiz;
Gar bolaligingizdan beri
biror savobli ishga xolis bel bogʻlamagan boʻlsangiz;
Gar ilm va ruh
qadrli boʻlishi uchun
albatta qimmat turishi kerak,
degan fikrda boʻlsangiz;
Gar Mahalliy dargohlarni
qoʻllashdan koʻra Umraga
koʻproq pul sarflasangiz —
Islom siz uchun nimanidir
anglatishini roʻkach qilmang.
Qul, koʻzi ojiz,
faqir va bechoralar
yelkasida qad rostlagan bu din
bugun oʻzini oqsuyak hisoblaydiganlarning
dabdabali klubiga aylantirildi.
Biz Islom nomiga niqob qilingan, dindorlik tomosha qilinadigan,
ruhiyat sahnaga olib chiqilgan
zamonda yashayapmiz.
Thawb va abaya koʻz-koʻz uchun kiyiladigan libosga;
soqol va hijob esa shunchaki bezakka;
Tasbeh va joynamoz
sahna rekvizitiga aylandi.
Alloh sizdan
Istanbul sayohatiga qancha sarflaganingizni soʻramaydi.
U nima uchun xastaga parvo qilmading,
nima uchun faqirni och qoldirding, deb soʻraydi.
Qalbingizda Xudodan ozgina qoʻrquv boʻlsa,
Islomni qanday "his qilish"ni emas,
Uni qanday yashashni soʻrang.
(C) Saad Yacoob
@Tafakkur_chizgilari
Uzun matnlar oʻqish madaniyati oʻlib borayotgan muhitda haqiqiy inqilob uzun matnlar oʻqiy bilishdir.
Agar har bir inson oʻzi uchun oʻzi axloqiy mezon belgilaydigan boʻlsa, jamiyat poydevori muqarrar ravishda darz ketadi. Agar har bir shaxs faqat oʻzining axloqiy dunyosida yashasa, biz oʻzimizga oʻxshamagan har qanday insondan ajralib, yakkalanib va sargardon boʻlib qolamiz. Har kim oʻzi uchun oʻzi haqiqat manbai boʻlgan madaniyatda maʼnoli axloqiy muloqot oʻrnatib boʻlmaydi. Chunki u yerda hamma uchun umumiy boʻlgan axloqiy tayanch nuqtasi yoʻq.
Makintayr axloqni har qanday qatʼiy va ilohiy freymvorkdan (qolipdan) uzib qoʻyishning oqibatlarini juda yaxshi tushungan edi. Uning fikricha, jamiyat din, tabiiy qonunlar yoki mustahkam falsafiy anʼanalarga asoslangan umumiy ezgulik tushunchasidan voz kechsa, axloqiy muloqot yanada bagʻrikengroq yoki rahmdilroq boʻlib qolmaydi. Aksincha, u boʻlaklarga boʻlinib ketadi.
Odamlar obyektiv axloqiy haqiqatlarga emas, shunchaki shaxsiy afzalliklarga tayanishga majbur boʻlishadi.
Umumiy axloqiy til va mantiqiy mezonlar boʻlmagan joyda, kimidir nimagadir ishontirish va koʻndirishning mutlaqo iloji qolmaydi.
Yaxshi va yomon haqidagi bahslar endi mantiq va oʻzaro tushunishga emas, balki kuch va hokimiyat uchun kurashga aylanadi. Shunday muhitda kim madaniy targʻibotni, media platformalarini yoki institutsional vositalarni nazorat qilsa, oʻsha ustunlikka erishadi.
Makintayr ogohlantirganidek, bu jarayon shunchaki axloqiy relativizm bilan tugamaydi, balki axloqiy majburlash va tazyiqqa olib keladi. Agar odamlar biror narsaning nega yaxshi yoki yomonligi haqida bir toʻxtamga kela olishmasa, hokimiyatdagilar oʻz qarashlarini uyaltirish, ijtimoiy bosim, senzura va hatto qonunlar orqali majburan singdira boshlaydilar. Chunki ular boshqalarni mantiqan koʻndirish vositalarini yoʻqotgan boʻlishadi (boshqalar esa, oʻz navbatida, koʻnish qobiliyatini yoʻqotgan boʻladi).
Oqibatda, rahbarlar oʻz qarashlarini ommatan qabul qildirish uchun ham yumshoq, ham qattiq kuchni ishga solishga majbur boʻladilar.
Biz har kimga oʻz axloqiy mezonini belgilashga izn berilsa, har bir inson oʻz ichki kompasiga amal qiladigan bagʻrikenglik va plyuralizm utopiyasiga (ortiqcha orzusiga) erishamiz deb oʻylagan edik. Ammo buning oʻrniga ideologik urugʻ-aymoqchilikka yuz tutdik; hamma narsa savdolashiladigan muhitda faqat kuch va hokimiyatgina savdolashib boʻlmaydigan yagona narsaga aylanib qoldi.
Islom esa bundan tubdan farq qiluvchi yoʻlni taklif etadi. Islomda axloq shaxsiyat tomonidan oʻylab topilmaydi; u Yaratuvchi tomonidan vahiy qilinadi.
Qurʼoni karim axloqni qandaydir mavhum nazariya sifatida emas, balki insonning yaratilish maqsadi bilan uzviy bogʻliq boʻlgan hidoyat (yoʻl-yoʻriq) sifatida taqdim etadi. Alloh taolo marhamat qilganidek: “Biz insonni eng goʻzal suratda (asl tabiatda) yaratdik” (Tin surasi, 4-oyat) — lekin bu fitrat ilohiy vahiy orqali muhofaza qilinishi, parvarishlanishi va yoritilishi lozim.
Islomda siz axloqning maʼnosini noldan kashf qilishingiz shart emas, nimaning yaxshi-yu nimaning yomonligini bir oʻzingiz hal qilishingiz ham talab etilmaydi. Siz Alloh nozil qilgan koʻrsatmalarga ergashishingiz kerak. O'sha ilohiy hidoyat har birimizning shaxsiy fitratimizni uygʻotadi va uni charxlaydi.
Makintayr musulmon boʻlmagan boʻlsa-da, umumiy maqsadga asoslangan axloqiy anʼanalarga qaytish zarurligini aniq tushungan edi. Uning Islomni chuqurroq oʻrganmagani achinarli, albatta. Chunki Islom asrlar davomida ilohiy vahiyga tayangan mukammal axloqiy arxitekturani asrab qola oldi. Islom har doim axloqni ubudiyyat — yaʼni shaxsiyatdan koʻra buyukroq boʻlgan Oliy Haqiqatga qullik va bandalik qilish deb bilgan. Qalbni xotirjam qiladigan, insonni chinakam taslimiyat va masʼuliyat orqali haqiqiy erkinlikka olib chiqadigan narsa ham aslida mana shudir.
(C) Opening My Heart
@Tafakkur_chizgilari
Islom va axloqiy nisbiylik inqirozi
Musulmonlar koʻpincha Islomni shunchaki bir din emas, balki mukammal hayot tarzi oʻlaroq koʻrishadi. Xoʻsh, Islom shunchaki marosimlar va taqiqlardan iborat boʻlib qolmay, insonga maʼnaviy va axloqiy kompas taqdim etadi degani nimani anglatadi? Bugungi kunda tevaragimizda jamiyatning asosini tashkil etuvchi axloqiy ustunlar yemirilayotgandek tuyulmoqda. Yaxshilik va yomonlik tushunchalari endi hamma uchun umumiy boʻlgan haqiqatga emas, balki har kimning oʻz qarashlariga va yo u mansub boʻlgan guruhning nisbiy tushunchalariga bogʻlanib qoldi.
Bu yemirilish tasodifan yuz bergani yoʻq.
Uni 2025-yilning may oyida vafot etgan taniqli axloq faylasufi Alister Makintayr teran tahlil qilib bergan edi.
U zamonaviy Gʻarbdagi axloqiy parokandalikning ildizlarini Maʼrifatparvarlik davriga borib taqalishini isbotlagan.
Oʻzining mashhur “Fazilatdan keyin” (After Virtue) nomli asarida Makintayr zamonaviy axloqiy lugʻatimizni smartfondagi hamma ilovalar bor-u, lekin aloqa signali yoʻqligiga, yoki taom uchun barcha masalliqlar bor-u, ammo uning retsepti yoʻqligiga oʻxshatadi.
Biz bugun ham “fazilat” yoki “adolat” kabi soʻzlarni ishlatamiz, ammo bu tushunchalarga mazmun baxsh etib turgan maʼnaviy dunyoqarashni yoʻqotib qoʻyganmiz.
U bu holatni emotivizm deb atadi — yaʼni axloqiy daʼvolar shunchaki shaxsiy hissiyotlarning ifodasiga aylanib qolishi.
Emotivizmga koʻra, agar men “bolalarga nisbatan zoravonlik qilish — bu yomonlik” desam, bu bilan umumeʼtirof etilgan umuminsoniy mezonlarga suyanayotgan boʻlmayman, balki shunchaki “menga bolalar zoravonligi yoqmaydi” degan boʻlaman.
Agar “muhojirlarni sudsiz qamash — yomon ish” desam, bu shunchaki mening shaxsiy fikrim boʻlib qoladi, menga qoʻshilmaslik ham shunchaki “farqli fikr” deb qabul qilinadi. Shu tariqa, axloqiy mulohaza yuritish oddiy bir shaxsiy tanlov darajasiga tushib qoladi. Agar men “genotsid — bu toʻxtatilishi shart boʻlgan yovuzlik” desam, boshqalar “men bunga qoʻshilmayman, baʼzi vaziyatlarda genotsidni ham oqlash mumkin” deyishi mumkin.
Jamiyatda “axloqli inson” boʻlishning yagona va aniq mezoni qolmadi, chunki har kimning shaxsiy xohishi va qarashlari hammasidan ustun qoʻyilmoqda.
Makintayrning bu tanqidi chuqurroq axloqiy inqirozga ishora etadi. Gʻarb olami Koinotning Yaratuvchisi boʻlmish Alloh tushunchasidan uzoqlashgach, axloq endi obyekiv, ilohiy va muayyan oliy maqsadga ega boʻlmay qoldi. Maʼrifatparvarlik davri diniy urushlarga chek qoʻyish va aqlga tayangan tartib oʻrnatishni maqsad qilgan edi (bu oʻz-oʻzidan yomon niyat emasdi), ammo oqibatda axloqni shaxsiy hududga surib qoʻydi. Bu esa insonlar jamiyat bilan hisoblashmay, yaxshi va yomonni faqat oʻzlari hal qila boshlashlariga yetakladi.
Lekin keling, ochiq tan olaylik: liberalizmning “men axloqiy masalalarda betarafman” degan daʼvosining oʻzi ham muayyan bir axloqiy pozitsiyadir.
Doktor Muhammad Legenhauzen taʼkidlaganidek: "Relyativist (haqiqatni nisbiy deb biluvchi) inson 'hech qanday absolyut haqiqat yoʻq' deb aytishning oʻzi bilan absolyut haqiqatni eʼlon qilib oʻziga-oʻzi zid chiqqanidek, liberal ham barcha mafkuralar oʻrtasida betarafman deb daʼvo qilib, aslida liberalizmning oʻzi ham bir mafkura ekanligini inkor etadi va oʻz-oʻziga zid keladi."
Har bir dunyoqarashni shunchaki “shaxsiy erkinlik” niqobi ostida teng huquqli deb tan olish orqali biz natsizm, irqchilik va fashizm kabi xatarli gʻoyalarning ham jamiyatda ildiz otishiga yoʻl ochib beramiz.
Bu gʻoya boshqa joylardan koʻra AQShda chuqurroq tomir otdi. Amerika — shaxsiy suverenitetning avj nuqtasi, shaxsiy erkinlikni har qanday narsadan ustun qoʻyadigan madaniyatdir. Amerika shunday bir fuqarolik dinini aks ettiradiki, unda shaxsiy muxtoriyat (avtonomiya) eng oliy qadriyat deb bilinadi. Ammo aslida bugungi Amerika taqdim etayotgan narsa — jamiyat bilan bogʻlanmagan cheksiz erkinlik va masʼuliyatsiz huquqlardan iboratdir.
@Tafakkur_chizgilari
Yuqoridagi suratda Gyotening o'z qo'li bilan yozgan xati: arab xattotligida "Ali Valiyullohdir" ("Ali Allohning valisidir") iborasi, Gyote tomonidan "G'arb-Sharq devoni" bilan bog'liq holda chizilgan. Bu ibora shia diniy amaliyotida hamda Gyote Hofiz orqali tanishgan fors tasavvuf an'anasida markaziy o'rin tutadi.
@Tafakkur_chizgilari
Muhammad (s.a.v.) haqida gap ketganda, Gyote Payg'ambarimizni o'z davri va makonining odatiy talqinidagidek — firibgar yoki mutaassib sifatida emas, balki haqiqiy diniy daho sifatida tasavvur qilgan. U Volterning Payg'ambarni sinik manipulyator sifatida tasvirlagan "Mahomet" pyesasini qat'iyan rad etdi. Gyote dastlab Volterning ushbu asarini tarjima qilgan bo'lsa-da, keyinchalik uning dushmanlik ruhidagi talqinidan uzoqlashdi.
Devonning "Izohlar va risolalar" qismida, maxsus Muhammad (s.a.v.)ga bag'ishlangan parchada Gyote shunday yozadi: u
“o'zini shoir emas, balki payg'ambar ekanligini qat'iyat bilan ta'kidlab va isbotlab kelgan, shuning uchun uning Qur'oni insonlarni o'qitish yoxud xushnud etish uchun yaratilgan insoniy kitob emas, balki ilohiy qonun sifatida qaralishi lozim edi”.
Gyote aytmoqchiki, Qur'on adabiyotga qarshi adabiyot sifatida baholanmasligi, balki o'zi da'vo qilgan shartlar asosida qabul qilinishi lozim.
Gyotеni o‘qib shuni tushunish mumkin: Yevropa islomga qadimgi yunon merosiga qanday yondashgan bo'lsa, xuddi shunday — yengib o'tilishi kerak bo'lgan narsa sifatida emas, balki o'rganilishi kerak bo'lgan an'ana sifatida yondasha olardi. Gyote ko'rsatib turibdiki, G'arbning islom bilan eng jiddiy uchrashuvi — matnlar, an'analar va ilohiyot mohiyati darajasidagi uchrashuv — e'tirofga yoʻl ochadi.
Gyote bir yodgorlik emas, balki — o'lchov. Islom bilan halol uchrashuv G'arbga xiyonat emas — bu G'arb o'zining eng uzgu paytlarida qilgan ishdir. Napoleon inson sifatida tan olgan odam, nemis adabiy o'ziga xosligining markazida turgan yozuvchi — mana shu ishni qildi, va bu ish uni o'zgartirdi. U Muhammad (s.a.v.) siymosida o'z birodarlarini dengizga to'playotgan daryoni ko'rdi. U yozgan dengiz — musulmonlar Alloh deb ataydigan xuddi shu dengizdir.
Tarjima
@Tafakkur_chizgilari
Iogan Volfgang fon Gyote va Muhammad Payg‘ambar
ﷺ
1772-yilda yigirma uch yoshli germaniyalik huquqshunos talaba Islom payg‘ambari haqida bir poema yozadi:
"Musulmon kitobxonlar uchun kichik izoh: ushbu inshoda, g‘ayrimusulmon kitobxonlar uchun mo‘ljallangan akademik yozuv qoidalariga amal qilgan holda, Muhammad ﷺ ismini har gal eslaganda odatiy ehtirom iboralarini takrorlamay yozaman. Hurmat va ehtirom o‘z-o‘zidan tushunarli deb bilinadi; u qalbingizning qayerida bo‘lsa, o‘sha yerda uni o‘zingiz to‘ldirib ketishingizni so‘rayman".
Gyote imperiyaga qarashli Frankfurtda lyuteran oilasida kamol topgan, yigirma besh yoshga to‘lmay turib uni butun Yevropaga mashhur qilgan “Yosh Verter iztiroblari” romanini yaratish arafasida turgan yosh yigit edi. Keyinchalik u nemis adabiyotining yuksak cho‘qqisi va timsoliga aylangan “Faust” asarini yozdi. Veymar hukumatida o‘ttiz yil xizmat qildi. Qiyosiy anatomiya va ranglar nazariyasi poydevoriga hissa qo‘shgan ilmiy tadqiqotlar olib bordi. Hegel, Shopengauer, Nitsshe, Emerson, Karlayl va XIX asr Yevropa tafakkurining butun yo‘nalishiga kuchli ta’sir ko‘rsatdi. 1808-yilda Yevropa fotihi Napoleon u bilan uchrashganida, mulozimlariga o‘girilib:
“Mana bu haqiqiy erkak!”
(“Voilà un homme!”) degani manbalarda keltiriladi.
1819 yilda Gyote "West-östlicher Divan" ("G'arb-Sharq девони")ni nashr etdi — bu XIV asr fors tasavvuf shoiri Hofiz bilan dialog tarzida yozilgan she'rlar to'plami bo'lib, Gyote bu shoir bilan Jozef fon Hammer-Purgshtalning 1812 yildagi nemischa tarjimasi orqali tanishgan edi. Gyote asarni boshlaganida oltmish yoshlar arafasida edi. U soʻnggi qirq yil davomida butun Yevropada eng mashhur yozuvchi hisoblangan. Va u o'z ijodining cho'qqisiga erishgan vaqtda, islom she'riyat an'anasi bilan jiddiy adabiy muloqotga kirishdi. U forscha "Hotam" taxallusini oldi. O'zining hamkori Marianne fon Vilmer asosida yaratilgan "Zulayho" obraziga muhabbat she'rlari bag'ishladi. Fors uslubidan ta'sirlangan she'riy shakllarda asarlar bitdi. Qur'on parchalarini o'z qo'li bilan ko'chirib yozdi. Devonda quyidagi satrlar bor:
*Närrisch, daß jeder in seinem Falle*
*Seine besondere Meinung preist!*
*Wenn Islam Gott ergeben heißt,*
*Im Islam leben und sterben wir alle.*
“Ahmoqona-ki, har kim o'z holida o'zining yakka fikrini ma'qtaydi. Agar islom Allohga taslim bo'lish degani bo'lsa, biz barchamiz islomda yashaymiz va o'lamiz.”
Devonning "Yaxshiroq tushunish uchun izohlar va risolalar" (Noten und Abhandlungen) qismida u shunday deydi:
“Qur'onning uslubi, uning mazmuni va maqsadiga mos ravishda, qat'iy, ulug'vor, dahshatli — vaqti-vaqti bilan haqiqatan ham yuksak. Shu sababli bu kitob barcha davrlarda eng kuchli ta'sirini ko'rsatishda davom etadi.”
Shuningdek, u shunday yozadi: hech kim kitobning buyuk ta'sirchanligidan hayratlanmasin — biz uni fors, arab va hind donishmandligining eng yuksak mahsuli sifatida hurmat qilishga tayyormiz (bu yerda uning umumiy pozitsiyasi bayon qilinmoqda: u Qur'onni insoniyatning eng buyuk ma'naviy adabiyoti qatoriga qo'ygan, uni rad etishdan bosh tortgan). Bir necha sahifadan so'ng Gyote yozadiki, bu kitob “har safar yaqinlashganda yana itaradi, keyin o'ziga tortadi, so'ngra hayratga soladi va oxir-oqibat hurmat koʻrsatishga majbur qiladi”.
@Tafakkur_chizgilari
Insonga quyidagicha ta’rif berilgan: aqlli hayvon, tabiatan siyosiy hayvon, oliy hayvon va osmondan yerga tushgan samoviy ruh.
Birinchisi uni aqliy afzalliklari nuqtayi nazaridan, ikkinchisi ijtimoiy munosabatlari jihatidan qamrab oladi; uchinchisi evolyutsion ta’limotga ko‘ra uning tirik mavjudotlar turlari orasidagi o‘rnini ko‘rib chiqsa, so‘nggisi Odam Atoning gunohi haqidagi qissaga nazar soladi...
Insonni Qur’oni Karim va Payg‘ambarimiz alayhissalom hadislarida sifatlanganlari ila ta’riflashga kelsak, bularning barchasi quyidagi keng qamrovli ta’rifda jamlangan:
«Inson — axloqan mas’uliyatli zotdir».
Musulmon e’tiqod qiladigan narsalar qatorida insonning yuksalishi va tubanlashishi ham erkinlik, ham hisobdorlikka asoslangan axloqiy mas’uliyatga bog‘liqligi ham bor. U axloqiy mas’uliyat omonati bilan xilqatning eng yuksak cho‘qqisiga ko‘tarila oladi va shu mas’uliyat sabab eng tuban darajaga ham tushishi mumkin.
Bu — uni farishtalardan-da yuksakroq martabaga ko‘targan va shaytonlar davrasiga loyiq maqomga tushirgan muqaddas omonatdir.
(C) Abbos Mahmud al-Aqqod
@Tafakkur_chizgilari
Ziyolilik (intellektuallik) — bu huzur ichida yashash yoxud biror bir mashgʻulot bilan band boʻlish degani emas. U ekzistensial yo‘nalganlikdir. U nainki haqiqatni bilishga intilishni, ayni paytda haqiqat ichida yashashni ham taqozo qiladi. Agar Haqiqat butun borlig‘ingizni, hatto eng ichki darajangizni ham egallamasa, bu shunchaki o‘zingizga tasalli berish yoki lazzatlanish masalasidan boshqa narsa boʻlmaydi.
Intellektual (ziyoli) kishi yuksakdan turib fikrlash va maqsadsiz harakat qilish o‘rtasida qolib ketmasligi kerak. Intellektual harakatdagi fikrlash va fikrdagi harakatni o‘z ichiga oladi. Men buni transsensiya praksisi deb atayman.
Intellektualning vazifasi Imperiyadagi yoriqlarni, ya’ni uning qurbonlari qayerda ekanligini fosh etishdir. O‘sha yoriqlarni toʻldirish, o‘sha qurbonlarni nomlash va o‘sha o‘lim zonalarini yangi subyektivlik va tasavvur uchun tramplinlarga aylantirish. Qanday? Bu oʻzgacha fikrlash va harakat qilish bilan boʻladi, ya’ni Imperiya buyurganidek emas, balki buning teskarisi orqali. Bu mavjud boʻlishning tamoman oʻzgacha shakli deganidir.
(C) Ali Harfush
@Tafakkur_chizgilari
Dunyodagi eng mashhur islomshunos olimlardan biri, professor
Jon Esposito
86 yoshida vafot etibdi. Nafaqat Amerikaga, balki butun dunyoga islomning yovuzlik emas, balki tinchlik dini ekanini anglatgan, bu sohada oʻnlab kitoblar qalamga olgan, Islom yoʻlida uzoq yillar xizmat qilgan, shogirdlar yetishtirgan, haqiqiy falastinparvar edi u.
@Tafakkur_chizgilari