NeoJadid
“Ijtimoiy yaqinlar” va “siyosiylar”...
Sobiq IIV zamministri tahminan 16 mln dollar (200 mlrd so‘m) naqd pul to‘lab berganidan so‘ng, unga qo‘llangan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi garovga o‘zgartirilibdi (va endi qo‘yib yuborilsa kerak). Navbatdagi amaldor bitta uzr (va qanchadir dollar) evaziga jazodan qutulib qolmoqda.
Sovet Ittifoqida jinoyatchilarning “nasabi yaqinlar” (социально близкие) kategoriyasi bo‘lgan. Bular o‘g‘rilik, qotillik, firibgarlik, zo‘rlash va hkz moddalari bilan qamalgan oddiy ugolovniklar edi. Kompartiya bularni, “siyosiy” yoki “sinfiy dushmanlar”dan farqli o‘laroq, bolsheviklar kabi oddiy xalqdan chiqqan va shuning uchun qayta tarbiyalash osonroq bo‘lgan unsurlar deb hisoblagan va yengilroq munosabatda bo‘lgan. Dindorligi, millatchiligi yoki haqiqatgo‘yligi, g‘oyaviyligi deb antisovet faoliyatda ayblangan “siyosiy” yoki sinfiy dushmanlar esa islohga moyil bo‘lmagan unsur sifatida jismonan yo‘q qilinishi yoki kamida qamoqda chirib ketishi kerak edi.
Mubashshir Ahmad kabi din ulamolari, sekulyar muxolifatchilar yoki bloger, jurnalistlar ot zvonka do zvonka srok motat qilayotgan bir paytda pedofil amaldorlar, o‘g‘ri zamministrlar va boshqa korrupsiyoner mansabdorlar yengil jazo bilan qutulib ketayotganini o‘qib qolsangiz, hayron bo‘lmang: bular “elitamizga” nasabi yaqinlardir.
SI bo'tqasi* avjiga chiqayotgan davrda iste'mol uchun kontentni qanday tanlayapsiz?
SI bo'tqasi– bu sun’iy intellekt yordamida yaratilgan, sifatsiz, ma’nosiz va pala-partish tayyorlangan, mehr berilmagan kontent.
Dushmaning xato qilayotganini ko'rsang, zinhor aralashma.
O'zbekchilikning g'oyaviy xaritasi
Hozirgi o‘zbek jamiyatiga ta'sir borasida turfa mafkuraviy oqimlar musobaqalashmoqda. Biroq, "tasavvurdagi o'zbekchilik" haqidagi ushbu raqobatchi ko'zlovlar nomlanmagani, "xaritaga" tushirilmagani bois ular yaqqol ifodalangan (“men falonchi o'laroq jamiyatimiz haqidagi falon tasavvurga qo‘shilaman/qo‘shilmayman”) pozitsiya emas, ko'proq vayb, hissiyotlar va e'tirozlar ("liberastlar"/"radikallar" menga yoqmaydi) sifatida yashalmoqda.
Bugungi o‘zbeklar amalda mafkuraviy jihatdan juda bo'lingan bo‘lsa-da, nazariyada o‘z g‘oyalarini ifodalashga ojizdir. Bu esa barqarorlik, tinchlik-totuvlik illyuziyasini beradi. "Kim kim ekanligini" yaxshiroq anglash mushtarak manfaatlarni paypaslash orqali murosa va muloqat qilishga yo'l ochadi. Yoki, kamida do'stni dushmandan farqlab olishga imkon beradi. Zero, aynan shu, do'stni dushmandan farqlab olish siyosatning ilk bosqichidir.
O'zbek ongini shakllantirayotgan g'oyalar xaritasini tuzish kerak. Bunday xarita, masalan, mafkuralarga (millatchilik, sotsializm, liberalizm, muhofazakorlik, feminizm va hkz) yoki dunyoqarashlarga (islomchilik, sekulyarizm, g'arbzodalik, turonchilik va hkz) bag'ishlangan alohida maqolalar turkumi shaklini olishi mumkin.
Sizning fikringizcha, bizda qanday mafkuralar o'zaro raqobat qilmoqda? Qaysi g'oyalar haqida ko'proq ma'lumot olishni istardingiz? Kim bizga do'st, kim dushman?
Mahluqlar Akademiyasi...
1-5 sinflardagi farzandingizga matematikani puxta o'rgatmoqchi bo'lsangiz, Beast Academy onlayn kursini (yoki kitoblarini) isrorla tavsiya qilaman.
Bu kurslarga hozircha sarflagan 100 dollarim kamida 5-6 ming dollarlik qiymat beryapti (agarda huddi shu sifatni beradigan, Toshkentdagi repetitorlarga ketadigan pulga chaqsak). Farzandim olayotgan, butun umr as qotadigan muhim (matematik tafakkur, izchil va mantiqiy fikrlashni o'rganish kabi) ko'nikmalarni esa dollarda ifodalash qiyin bo'lsa kerak.
BeastAcademy ingliz tilida, lekin farzandingiz bu tilni "London is the capital of Great Britain" darajasida bilishini o'zi yetarli, qolganini jarayonda o'rganib oladi.
Nimasi yaxshi, onlayn maktabi yilliga 100 dollar va agarda har kuni yarim soat- bir soat shu kursga sarflasangiz, bir yilda 1-5 sinf matematika dasturini o'tib qo'yasiz. Qizim maktabda 2-sinfda. Bu kursni sentyabrda sotib olgan edik va hozir u 4 sinfini tugatyabdi, sentyabrgacha bemalol 5 sinfini ham tugatsa kerak.
Xullas, homeschooler'lar orasida favorit bo'lgan bu kurslarni hamma do'stlarimga maqtab yuraman, sizga ham ilinyapman. Sinab ko'ringlar, achinmaysizlar.
Q.s. 6-12 sinflar uchun ham onlayn kurslari bor (Art of Problem Thinking, AOSP), lekin ular endi ozgina qimmatroq
Davlat jamoaning farovonligiga emas, bir hovuch "oila"ning boyishiga xizmat qiluvchi vositaga aylanganida jamiyat qanday o'zgarishi haqida Forobiy aniq tashxis qo'ygan ekan. O'zbek jamiyatida o'zaro agressiya darajasi nega bunchalik yuqori ekanligiga ishora.
“Ammo ba’zi (johil) shaharlar bo‘ladiki, ularda butun xalqning fikri-zikri, aql-idroki boylik to‘plash, mol-dunyo orttirishga qaratiladi. Ulardan chiqqan rahbarlar ham rahbarlikni mol-dunyoni ko‘paytirishda deb biladilar. Shuning uchun ham ular erta-kech mol-dunyo to‘plash harakatida bo‘ladilar. Bunday rahbarlar qo‘l ostida bo‘lgan shahar xalqlarida turli buzuq odatlar, shahvoniyat, bir-birini ko‘rolmaslik, bir-birini talash, dushmanlik, nizo-janjallar avj oladi”.
Abu Nasr Forobiy. Fozil odamlar shahri.
Dubayda mehmonxonalarning yangi klassifikatsyasi paydo bo'libdi:
- 6 yulduzli: o'z havo mudofaa tizimiga ega.
- 7 yulduzli: dushmanga qarshi o'zi ham raketa hujumini uyushtira oladi.
Qiziq. FSB'ning O'zbekistondagi qulayotgan biznes imperiyasi o'rnini kim bosar ekan? Yoki, shunchaki daromadlarning xususiylashtirish, zararlarni esa milliylashtirish jarayoni ketyaptimikin?
Yangi jargonlar... AI:DR va FOBO
TL;DR
yoki tl;dr ("Too long; didn’t read" – "Juda uzun ekan; o‘qimadim") – Avvallari, foydalanuvchi matn devoriga (haddan tashqari uzun post yoki maqolaga) uchraganda, “Juda uzun ekan; o‘qimadim” der edi. Shundan keyin, uzun matn tagida qisqa xulosasini berib ketish urfga kirgan.
AI;DR
(Aritifical Intelligence, didn’t read - “Sun’iy intellekt ekan, o‘qimadim”). Muallif hafsala qilmasdan, maqola yoki postni sun’iy intellekt yordamida yozsa, nega men uni o‘qishga hafsala qilishim kerak, demoqda foydalanuvchilar.
FOMO
(ingl. Fear of missing out – biror narsadan quruq qolib ketish vasvasasi) ko‘pincha ijtimoiy tarmoqlardagi postlar ta’sirida biror qiziqarli yoki muhim narsadan bexabar qolib ketish, o‘tkazib yuborish qo‘rquvi. Buning aksi, JOMO (Joy of missing out) - Ijtimoiy tarmoqdagi navbatdagi yuzaki trend yoki jarayondan quruq qolib ketganidan hursand bo'lish.
FOBO
(Fear of becoming obsolete - Keraksiz bo‘lib qolish vasvasasi). Yangi texnologiyalar, jumladan SI rivojlanishining oqibatida ishsiz, malakasiz qolib ketish qo‘rquvi.
O'zbekchalashtiramizmi? Izohda o'z takliflaringizni bering:).
SI hayotimizga kirib kelayotganidan keraksiz bo'lib qolish vasvasasiga (FOBO) hali tushmagan bo'lsangiz, Internetni portlatgan mana bu maqolani o'qib bu gal endi jiddiy o'ylanib qolasiz. Haqiqatdan ham, olamshumul jarayonlar sodir bo'lyapti, biroq biz bunga tayyor emasmiz. Endi qanday yashaymiz?
Maqola:
Something Big Is Happening By Matt Shumer