
MM "MUFEED MOLIYA"
Assalomu alaykum,
Jiddiy yolg‘onning kamdan-kam o‘ylaydigan juda katta bir narxi bor: uni doimiy ravishda “saqlab turishga” to‘g‘ri keladi.
Men tasodifiy xato yoki arzimas narsani nazarda tutmayapman. Gap muhim narsalardagi yolg‘on haqida: munosabatlarda, biznesda, sherikchilikda, pulda, obro‘da, majburiyatlarda, o‘zingizni boshqalarga qanday inson qilib ko‘rsatishingizda.
Agar muhim bir narsaning asosida yolg‘on yotsa, keyin uni doimiy ravishda himoya qilishga to‘g‘ri keladi. So‘zlaringizni nazorat qilish. Kimga nima deganingizni eslab yurish. Keyingi harakatlaringizni oldingi gaplaringizga moslashtirish. Biri oshkor bo‘lmasligi uchun boshqasini yashirish. Va asta-sekin bitta yolg‘on yana ko‘proq yolg‘onni talab qila boshlaydi.
Ishoning, buning uchun juda ko‘p kuch va energiya ketadi. Ba’zida esa bunga chidashning o‘zi juda qiyin...
Tashqaridan hammasi barqarordek ko‘rinishi mumkin. Lekin bu barqarorlik emas. Bu qo‘llab turishni to‘xtatishingiz bilan qulab tushishi mumkin bo‘lgan bir tuzilmani doimiy ravishda ushlab turishdir.
Shuning uchun hayotingizni muhim narsalarda yolg‘on gapirishga ehtiyoj qolmaydigan tarzda qurishga harakat qiling.
Keyin javob berishga uyaladigan ishni zimmangizga olmang. Yashirishga to‘g‘ri keladigan ishni qilmang. Keyinchalik himoya qilishga majbur bo‘ladigan soxta obrazni yaratmang.
O‘zingiz haqingizdagi haqiqat noqulay bo‘lsa ham, unga javob bera oladigan tarzda yashashga harakat qiling.
Chunki haqiqat ba’zan bir marta jasorat talab qiladi.
Jiddiy yolg‘on esa sizni har kuni uning "haqini to‘lashga" majbur qiladi.
@chiroylimoliya
SIZNING ENG KATTA MOLIYAVIY XAVFINGIZ - EHTIMOL, QARZLARINGIZ EMAS.
Asosiy xavf - agar ertaga daromadingiz to‘satdan yo‘qolsa, oilangiz bilan nima bo‘lishi.
Keling, hayotimizga rostgo‘y qaraylik.
- Mashina uchun hali ham to‘lovlar bor.
- Uy uchun ipoteka yoki uzoq muddatli bo‘lib-bo‘lib to‘lash majburiyati bor.
- Boshqa majburiy oylik to‘lovlar ham mavjud.
- Farzandlar sizning daromadingizga bog‘liq.
- Ota-onalar yoshi ulg‘aygani sari davolanish va parvarishga ko‘proq mablag‘ kerak bo‘ladi.
- Jamg‘armalar esa ko‘pincha unchalik katta emas.
Bugun bularning barchasi
boshqariladigan muammo
dek ko‘rinadi - toki biz sog‘lommiz, ishlayapmiz va har oy daromad olayapmiz.
Ammo ertaga ishingizdan ayrilsangiz-chi? Bir necha oy daromadsiz qolsangiz-chi? Yahshi ishdan to'satdan bo'shatishsa, kutilmagan jiddiy kasallik yoki nogironlik sababli ishlay olmasangiz-chi? Yoki undan ham yomoni sodir bo‘lsa?
Uy to‘lovlarini kim amalga oshiradi?
Mashina va boshqa majburiyatlarni kim to‘laydi?
Farzandlarni kim ta’minlaydi?
Oila nimaning hisobiga yashaydi?
Sizning ish beruvchingiz ham, davlat ham
bu muammolarni sizning o‘rningizga hal qilib bermaydi.
Shuning uchun moliyaviy mas’uliyat faqat
bugun qancha daromad topishingiz
bilan bog‘liq emas.
Bu yerda men hozir aniq vositalar yoki choralar - jamg‘arma, investitsiya va boshqalar haqida gapirmayapman. Men
fikrlash tarzi
haqida gapiryapman. Moliyangizga
strategik va uzoq muddatli nuqtai nazardan
qarash haqida.
Chunki bunday fikrlash bo‘lmasa,
qolgan barcha moliyaviy vositalarning foydasi cheklangan bo‘ladi.
Ba’zan hammasini bitta savoldan boshlash kifoya:
Agar ertaga daromadim butunlay yo'qolsa, oilam qancha oy davomida mablag'siz qolmasdan yashay oladi? Hisoblab ko‘ring.
Chunki bugun sizda hali
tanlov, vaqt va tayyorlanish imkoniyati bor.
Muammo allaqachon yuzaga kelganida esa
vaqt ham, tanlov ham ancha kamaygan bo‘lishi mumkin.
Moliyaviy yetuklik - faqat ko‘proq pul topishni bilish emas. Bu bir kun kelib pul topa olmay qolishingiz mumkinligini ham oldindan o‘ylashdir
.
Bu shunchaki nazariy savol emas. Men bu fikrni bir yil oldin ishidan ayrilgan bir insonning real hayotdagi holatiga asoslayapman. Ish beruvchisi uni ishdan bo‘shatgan. Oradan bir yil o‘tgan bo‘lsa-da, u hali ham o‘ziga mos yangi ish topa olmadi.
Uning avtomobili bo‘lib-bo‘lib to‘lash asosida olingan edi. Oxir-oqibat, moliyaviy yuklama og‘irlashgani sababli, avtomobilni sotishga to‘g‘ri keldi.
Shuning uchun menimcha, bunday holatlar haqida muammo yuzaga kelganidan keyin emas, balki hali tanlovimiz va tayyorgarlik ko‘rish imkoniyatimiz bor paytda o‘ylash kerak.
@chiroylimoliya
@chiroylimoliya
depozit yoki ko’chmas mulk: 2 qism
@chiroylimoliya
depozit yoki ko’chmas mulk: 1 qism
Aqlli odamlar nega ahmoqona qarorlar qiladi?
Meni anchadan beri bir savol qiziqtirardi. Nega aqlli, bilimli, odatda juda ratsional odamlar ba’zida juda ahmoqona moliyaviy qarorlar qiladi? Axir u nima to‘g‘ri, nima noto‘g‘ri ekanini biladi. Oqibatini ham tushunadi. Lekin baribir qiladi.
Shu fenomenni o‘rganishni boshladim. Va bir narsani tushundim: muammo ko‘pincha bilimda emas. Ba’zida hozirgi istak va emotsiya kelajakdagi oqibatdan kuchliroq bo‘lib qoladi.
Bu yerda ikkita tanish “qahramon” ham bor: dopamin va kortizol ))
Dopamin
(mukofot va uni kutish bilan bog‘liq gormon) ayniqsa biror narsani juda xohlab qolganimizda kuchli ishlaydi: yangi mashina, qimmat telefon, tez foyda beradigandek ko‘ringan investitsiya, katta chegirma yoki “bunday imkoniyat boshqa bo‘lmaydi” degan taklif.
U miyaga: “Buni ol! Mukofot yaqin!” degan signalni kuchaytiradi. Natijada hozirgi zavq kattaroq, kelajakdagi xarajat va risk esa kichikroq ko‘rinishi mumkin.
Kortizol
(stress gormoni) esa boshqa vaziyatlarda ishga tushadi: pul yo‘qotganda, qarz bosimi kuchayganda, bozor tushib ketganda, biznesda muammo chiqqanda yoki qo‘rquv va xavotir kuchayganda.
U paytda miya: “Muammoni tezroq hal qil!” rejimiga o‘tadi.
Shunda odam zarar ko‘rayotgan investitsiyasini vahimada sotishi, yo‘qotgan pulini tez qaytarish uchun yana kattaroq risk qilishi yoki bosim ostida noto‘g‘ri qaror qabul qilishi mumkin. Ya’ni biri “tezroq ol!”, ikkinchisi “tezroq qutul!” deydi.
Kuchli mukofot istagi yoki stress paytida esa ular bizning prefrontal korteksimizni go‘yoki vaqtincha “knock down”ga tushuradi )) Aynan shu qism (prefrontal korteks) sovuqqon fikrlash, impulsni nazorat qilish va uzoq muddatli oqibatlarni hisobga olishimizga yordam beradi.
Shuning uchun men o‘zim uchun bir narsani tushundim:
- Faqat o‘z ratsionalligingizga ishonmang. Ayniqsa emotsiya kuchli bo‘lgan paytda.
- Katta moliyaviy qaror oldidan biroz kuting. Emotsiya pasaysin. Keyin o‘zingizdan so‘rang:
- Men buni aslida nima uchun xohlayapman?
- Bu ehtiyojmi yoki nafsmi?
- Kim uchun qilyapman: o‘zim uchunmi yoki boshqalarga ko‘rsatish uchunmi?
- 10 soatdan keyin ham bundan xursand bo‘lamanmi? 10 kundan keyin-chi? Bir yildan keyin-chi?
Ba’zida moliyaviy qarorni tekshirishdan oldin o‘z nafsingizni tekshirib ko‘rish kerak. Chunki ko‘p moliyaviy xatolarimiz bilmaganimizdan emas, bilaturib o‘zimizni to‘xtata olmaganimizdan kelib chiqadi.
O‘zining ratsionalligiga haddan tashqari ishongan tanishingiz bo‘lsa, unga ham yuborib qo‘ying
.
@chiroylimoliya
Boylik daromaddan boshlanmaydi
Yaqinda bir qiziq fikrni eshitib, bir paradoks haqida o‘ylanib qoldim. Ekspert shunday deydi: biznesga qaraganimda, meni hech qachon faqat daromad qiziqtirmaydi.
Kompaniyaning yalpi daromadi 100 mlrd so‘m bo‘lishi mumkin, lekin barcha xarajatlardan keyin 2 mlrd so‘m foyda qolsa, demak, biznes amalda topganining atigi 2 foizini saqlab qolgan. Boshqa biznesning daromadi esa atigi 30 mlrd so‘m bo‘lib, 6 mlrd so‘m foyda olishi mumkin.
Shuning uchun biznesda biz juda yaxshi tushunamiz: faqat qancha topganing emas, qancha qolgani muhim.
Lekin shaxsiy moliyada negadir boshqacha fikrlaymiz. Odatda: “U qancha topadi?” deb so‘raymiz. Deyarli hech qachon: “Topganimdan qancha qismini saqlab qolaman?” deb fikrlamaymiz. Oyiga 30 mln so‘m topib, 28 mlnini sarflash mumkin. Yoki 15 mln so‘m topib, 10 mlniga yashab, qolgan 5 mlnini muntazam ravishda aktivlarga aylantirish mumkin.
Bir necha yildan keyin bu ikki insonning moliyaviy holati mutlaqo boshqacha ko‘rinishi mumkin.
Lekin bundan ham chuqurroq bir masala bor. Muhimi faqat qancha saqlab qolishingiz emas. Muhimi, o‘zingizni yetarli narsaga egadek his qilishingiz uchun (qanoat) sizga aslida qancha kerakligi.
Chunki daromadni ikki barobar oshirish mumkin, lekin u bilan birga ehtiyojlarni ham bir necha barobar oshirib borish mumkin. Shuning uchun men shaxsiy moliyada uchta ko‘rsatkichga qaragan bo‘lardim:
1. Qancha daromad topasiz.
Bu sizning daromad yaratish qobiliyatingiz, ya’ni intellektual kapitalingiz.
2. Qancha mablag‘ni saqlab qolasiz (tejash qobiliyati) va aktivlarga aylantirasiz.
Bu sizning kapital yaratish qobiliyatingiz, ya’ni intellektual kapitalni (teppadigi 1-ni) moliyaviy kapitalga aylantirish qobiliyatingiz.
3. Sizga aslida qancha kerak (qanoat).
Bu esa sizning qanchalik moliyaviy va nafisy erkinligizni belgilaydi.
Va ehtimol, uchinchi ko‘rsatkich dastlabki ikkitasidan ham muhimroq. Chunki boylik faqat sizda qancha borligi bilan belgilanmaydi.
U ko‘p jihatdan sizda qancha borligi va sizga qancha kerakligi o‘rtasidagi masofa bilan belgilanadi.
@chiroylimoliya
Assalomu alaykum,
Toshkentda bo‘lganimda o‘nga yaqin tadbirkor bilan uchrashdim va bir nechta biznes klubda biznes sherikchiligi mavzusida chiqish qildim. Va yana bir bor bitta narsaga amin bo‘ldim:
so‘nggi yillarda bizneslarimiz juda katta o‘sdi, lekin ko‘plab kompaniyalarda mulkdorlik madaniyati biznes endi kichik bo‘lgan davrdagi darajada qolib ketgan.
Kompaniyada yuzlab xodimlar, katta aylanma, bir nechta yo‘nalish va professional menejment bo‘lishi mumkin. Lekin biznes egasi hamon eski usulda boshqaradi: delegatsiya qilmaydi, chunki “mensiz buzib qo‘yishadi” deb qo‘rqadi; tizimni emas, odamlarni bevosita boshqaradi; CEO’ni chetlab o‘tib, xodimlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri topshiriq beradi va boshqaruv iyerarxiyasini buzadi; istagan qaroriga aralashadi, biznesdan pulni xohlagan paytda oladi, vazifasini uddalay olmayotgan qarindoshini lavozimda ushlab turadi, lekin ayni paytda korporativ boshqaruv kerakligi haqida gapiradi.
Bunday tizim badandagi parazitga o‘xshaydi. U biznesni darhol o‘ldirmaydi. Biznes o‘sishda va pul topishda davom etishi mumkin. Lekin u asta-sekin eng muhim narsaga, biznes egasining qarorlar sifatiga ta’sir qila boshlaydi.
Biznes egasi nimadir noto‘g‘ri ekanini his qiladi va o‘zgarish izlaydi: konsultantlar, strategik sessiyalar, KPI, ERP, yangi orgstruktura, chiroyli dashboardlar. Ammo haqiqiy o‘zgarishlar qurbonlik talab qilganida, ya’ni o‘zi aralashishni to‘xtatishi, CEO’ga real vakolat berishi, qarindoshini lavozimdan olishi yoki o‘zining qaror qabul qilish huquqini cheklashi kerak bo‘lganida, tizim o‘zini himoya qila boshlaydi.
Shunda haqiqiy o‘zgarishlar “o‘zgarish illyuziyasi” bilan almashadi. Natijaga emas, “biz nimanidir o‘zgartiryapmiz” degan hissiyotga qaramlik paydo bo‘ladi.
20-50 million dollarlik biznesni 1 million dollarlik biznesdagi fikrlash va odatlar bilan boshqarib bo‘lmaydi. Agar biznes o‘sib, biznes egasi u bilan birga o‘smagan bo‘lsa, bir nuqtada aynan biznes egasining o‘zi biznesning eng katta chekloviga aylanadi.
@chiroylimoliya
Pulning eng katta foydasi har doim ham kattaroq uy, yaxshiroq mashina yoki qimmatroq narsalar emas.
Pulning eng katta qiymati -
erkinlik
.
Moliyaviy mustaqillik - yoqtirmagan ishingizdan ketish imkoniyati.
Favqulodda vaziyatda hech kimga qaram bo‘lmaslik.
Qarorlarni pul yetishmasligi sababli emas, o‘z xohishingiz bilan qabul qilish.
Shuning uchun pulning haqiqiy boyligi -
qancha narsaga egaligingizda emas, qancha erkinlik sotib olganingizda.
@chiroylimoliya