
Doctor Feruz
4-QISM.
BARIBIR
Ikkinchi bo‘lak birinchisidan kattaroq edi.
Mavhumaxon uni yeb ulgurmay, nonni yana sindirdi. Birinchi burdani qorni ochgani uchun olgandi. Ikkinchisiga qo‘l cho‘zganida esa ochlikdan ko‘ra boshqa bir fikr kuchliroq edi:
Endi baribir buzildi.
Bu fikr shu paytgacha uni ushlab turgan taranglikni bir zumda bo‘shatdi. Bitta bo‘lak non yeganidan keyin to‘xtashning ma’nosi qolmagandek tuyuldi. Ertadan yana yemaydi. Bugun esa yeb qolsin.
U stolga o‘tirmadi, choy ham quymadi. Qorong‘i oshxonada tik turganicha nonni uzib yedi. Birinchi burdalarda tandirning ta’mi bor edi. Keyingilarining mazasini sezmadi.
Har safar qo‘lini tortmoqchi bo‘lsa, ertangi kunni o‘ylardi: nonushta qilmaydi, tushlikni kamaytiradi, kechqurun faqat kefir ichadi. Bugungi nonning o‘rnini chiqarib yuboradi.
O‘zini ertaga qanchalik qattiq jazolamoqchi bo‘lsa, bugun davom etish shunchalik osonlashardi.
Bir mahal qo‘lini yana uzatdi-yu, qorni endi och emasligini sezdi. Sochiq ustida nonning yarmidan kami qolgan edi. Mavhumaxon qancha yeganini shundagina payqadi.
Nonni o‘rab, avvalgi joyiga qo‘ydi. Ertalab ko‘ziga tashlanmasin deb, stol ustidagi ushog‘larni kafti bilan yig‘ib tashladi.
Yotoqqa qaytganida Mavhumbek uyqusida bir muddat jimib, uning tomoniga o‘girildi. Mavhumaxon ko‘zlarini yumib, qimirlamay yotdi. Go‘yo uxlayotgan odamga emas, uyg‘oq o‘ziga ko‘rinib qolishdan qo‘rqayotgandek edi.
Ertalab ko‘zini ochishi bilan non yodiga tushdi.
Kecha o‘ylaganidek ovqatdan tiyilmadi. Nonushtada o‘g‘liga non uzatayotib, o‘zi ham bir burdasini oldi. Kecha buzilgan narsani bugun asrashning foydasi yo‘qdek tuyuldi.
Daftarini ochmadi. Tayyorlagan tushligini ham sumkasiga solmadi.
Shu tariqa bitta tungi chekinish butun haftaga nom berib bo‘lgandi: buzilgan hafta.
Aslida Mavhumaxon o‘sha kunlarda odatdagidan juda ko‘p ham yemadi. Faqat har bir yeganini dushanba oqshomida boshlangan mag‘lubiyatning davomidek qabul qildi. Endi biror mahalni to‘g‘rilash haqida emas, navbatdagi dushanbani kutib yashardi.
Yakshanba oqshomi u oshxona shkafining yuqori tokchasidan daftarini yana oldi. Birinchi sahifadagi 97,4 ham, uning tagidagi 68 ham o‘sha joyida turardi. Mavhumaxon keyingi sahifani ochib, yangi reja tuzdi.
Ertalab ikkita tuxum.
Tushlikka tovuq go‘shti bilan salat.
Kechqurun bir piyola kefir.
Yana non yo‘q, shirinlik yo‘q, xamirli ovqat yo‘q edi.
Qozonda tuxumlar qaynay boshlaganida Mavhumbek oshxonaga kirdi. Daftarga, muzlatkich yonidagi idishlarga, keyin xotiniga qaradi.
— Ertadan yanami? — dedi u.
Savolida kinoya yo‘q edi. Balki shuning uchun Mavhumaxonga og‘ir botdi.
4-qism tugadi.
@doctorferuz
Tibbiyot yo‘nalishida ham startaplar, turli AI loyihalari ko‘payyapti.
Ularni kuzatib boryapman va qaysidir ma’noda xursandman. Lekin...
Real hayotda, real tibbiyotda ko‘pincha ma’lumot yetishmasligi asosiy muammo emas.
Misol uchun:
Odam semirishning zararini biladi, lekin xulqini o‘zgartira olmaydi.
Ozish uchun nimalar qilishni ham biladi. So‘rasangiz, hatto yuzga yaqin maslahat yozib berishi mumkin. Lekin o‘zi qilolmaydi.
Gipertoniya borligini va uning xavfini biladi, lekin davolanishni davom ettirmaydi.
Qandli diabet va boshqa surunkali kasalliklarda hayot tarzi muhim ekani haqida aytilmagan gap qolmagan. Lekin ko‘pchilik baribir qilmaydi.
Ilm va amal o‘rtasidagi jarlik...
Nazarimda, tibbiyotdagi ko‘p AI loyihalari odam yoki shifokor to‘g‘ri ma’lumot olsa, to‘g‘ri qaror qiladi va muammo hal bo‘ladi, degan faraz asosiga qurilyapti.
Hozir sun’iy intellekt startap yaratishni juda osonlashtirdi. Shu sabab mahsulot yaratish endi eng qiyin ish emas.
Tibbiyotdagi eng qimmat narsa chiroyli javob emas, balki shu javobning oqibatini ko‘tara oladigan tizim.
AI yana bitta juda yaxshi tavsiya berishi mumkin. Lekin odam bu tavsiyani amalga oshira olmasa yoki tavsiya mahalliy va madaniy kontekstni hisobga olmasa, u klinik jihatdan foyda bermaydi.
U yana bitta ma’lumot beradigan vosita bo‘lib qolaveradi.
Mahalliylashtirish shunchaki tarjima qilishdan ancha chuqur narsa. Mening eng ko‘p boshimni qotiradigan masalalardan biri ham aynan shu.
Chunki tadqiqotlarning katta qismi chet elniki, asosan G‘arb davlatlarida o‘tkazilgan.
Bizda tibbiyot sohasida, ayniqsa semizlik masalasida, birorta sifatli tadqiqot oʻtkazilganini bilmayman (bor bo‘lsa, menga yuboring).
Mahalliylashtirish esa din, odob, o‘zbek oilasi, qadriyatlar, an’analar va yana ko‘p narsalarni qamrab oladi. Bularni shunchaki tarjima bilan hal qilib bo‘lmaydi.
Aytmoqchimanki boshqa davlatda yaratilgan mahsulotni olib kirib, uni chiroyli tarjima qilishni mahalliylashtirish deb bo‘lmaydi.
Men AI’ni otga o‘xshataman.
Agar ustidagi chavandoz mahoratli va tajribali bo‘lmasa, ot qayerga ketsa, u ham ergashib ketaveradi. Yo‘nalish noto‘g‘ri bo‘lsa ham.
Eng yomoni va xavflisi ortidan butun podani ham ergashtirib ketishi mumkin.
@doctorferuz
3-QISM
KO‘K KO‘YLAK
Mavhumaxon suratdagi o‘ziga uzoq tikilib qoldi. Muzlatkichning bir maromdagi g‘uvillashi sekin uzoqlashdi. Surat ichidagi to‘yxona esa musiqa, kulgi va bir-biriga qo‘shilib ketgan atir hidlari bilan qayta jonlandi.
Zal odamga to‘la edi. Dasturxonga idishlar sig‘mas, rang-barang ichimliklar qadahlarda bijirlab turardi. Mavhumaxon ko‘k ko‘ylagining etagini kafti bilan tekislab, odamlar orasidan bemalol yurardi.
Fotograf qarindoshlarni suratga chaqirganida u odatdagidek chetroqqa o‘tib olmadi. Kimningdir ortiga yashirinish uchun joy qidirmadi. Sumkasi bilan qornini to‘smadi. Borib, qoq o‘rtaga turdi.
O‘sha kuni unga eng ko‘p huzur berayotgan narsa u hech kimdan bekinmayotgan edi.
Suratga tushib bo‘lishlari bilan ayollar uni o‘rab oldi.
— Voy, tanib bo‘lmay qolibsiz-ku!
— Juda ochilib ketibsiz!
— Qanday ozdingiz?
— Tinchlikmi, kasal bo‘lib qolmadingizmi?
Mavhumaxon kulib javob berardi. Nimalarni yemagani, necha mahal ovqatlangani, kechqurun og‘ziga hech narsa solmagani haqida birma-bir aytib berardi. Har bir maqtov oylar davomida chekkan mashaqqatining mukofotiga o‘xshardi.
U oylar davomida taomlarni mumkin va mumkin emasga ajratib yashagandi. Nonning hidini sezmaslikka, shirinlikka qaramaslikka, mehmondorchilikda boshqalarning qo‘liga emas, o‘z likopchasiga tikilib o‘tirishga majbur bo‘lgandi.
Bularning bariga bir kun maqsadiga yetish uchun rozi edi. Endi esa maqsadiga yetib turib, birinchi marta bunday hayotning oxiri yo‘qligini anglagandi. Demak, ko‘k ko‘ylakda qolish uchun umrining oxirigacha shu tarzda yashashi kerakmi?
Bu savol to‘yxonadagi shovqinda ham yo‘qolmadi. Oyoq kiyimga kirgan mayda toshdek, qadam tashlagan sari o‘zini eslatib turdi.
Eshikning ochilgan ovozi Mavhumaxonning to‘yxonadagi xotiralarini buzib yubordi.
Mavhumbek kirib keldi. Ust kiyimini yechib, qo‘lidagi qog‘oz o‘ramni stolga qo‘ydi.
— Issiqligida olay dedim, — dedi u.
Qog‘oz ochilishi bilan tandir nonning hidi oshxonaga yoyildi. Mavhumbek nonni sindirdi. Yumshoq joyidan bir parcha uzib, xotiniga tutdi.
Mavhumaxonning qo‘li beixtiyor oldinga yurdi-yu, yarim yo‘lda to‘xtadi. Daftardagi rejasida non yo‘q edi.
Lekin Mavhumbek uzatib turgan narsa faqat non emasdi. Bu ularning yillar davomida birga ichgan kechki choyi, kun oxirida bir dasturxon atrofida tin oladigan odati edi.
Nonni olsa, yana o‘ziga bergan va’dasini buzadigandek tuyuldi. Olmasa, oddiygina bir oqshomdan o‘zini chiqarib tashlayotgandek.
— Olmaysanmi? — dedi Mavhumbek.
— Yo‘q, — dedi Mavhumaxon qo‘lini tortib. — Diyeta boshladim.
Mavhumbek boshqa hech narsa demadi. Nonni o‘z oldiga qo‘yib, choyini ichishda davom etdi.
Uxlash uchun yotganida Mavhumaxonning ko‘nglida o‘zini nondan tiyib qolgani uchun kuchli ekanidan g‘ururlandi.
Lekin uyqusi ham kelmasdi. Ko‘zini yumdi deguncha, unga haligi tandir non ko‘rinardi. Bir yoniga ag‘darildi, keyin ikkinchi yoniga. Oshqozonidagi bo‘shliq sekin-asta kattalashib, kun davomida o‘ylagan barcha gaplarining ovozini bosib ketdi.
Mavhumbek xurrak otishni boshlagach, Mavhumaxon ko‘rpani sekin surdi. Oshxonaga chiqdi. Chiroqni yoqmadi. Stol yoniga bordi. Sochiqqa o‘ralgan nonni ochib, chetidan bir burda uzib yedi.
Keyin nonning yana bir bo‘lagini sindirdi.
3-qism tugadi.
@doctorferuz
…
Ko‘m-ko‘k, go‘zal o‘tloqlaring bosilg‘on,
Ustlarida na poda bor, na yilqi,
Podachilar qaysi dorg‘a osilg‘on?
Ot kishnashi, qo‘y ma’rashi o‘rniga
— Oh, yig‘i,
Bu nega?
…
Kecha Abdulhamid Choʻlpon haqida film koʻrdim. Namoyish qilinganiga bir yildan oshgan ekan.
Film qisqa, 30 daqiqa ham emas. Youtube’da koʻrish uchun havola
👇
https://youtu.be/aye8x7_2qJU?si=PIlC90c43hS6s6GV
Mana
yana navbatdagi
qurbon
Bu menga yozgani, yozmaganlari qancha...
@doctorferuz
Hatto Xudosizlar jirkanadigan ishni nega biz musulmonlar qilyapmiz?
Shunchalik qadriyatsiz, nomussiz bo‘lib ketdikmi yoki?
Ogohlikni, diqqatli va e’tiborli bo‘lishni asrlar davomida biz musulmonlardan o‘rganishgan.
Endichi, namuna bo‘lolmaymizmi? Demak xohlagan odam xohlagan vaqtda uxlatib ketaverishi mumkin ekanda?
Meni nomimdan mahsulotini reklama qiladiganlarga qarata gapirishdan foyda yo‘qligini bilaman. Ishoning, ularga hech narsani farqi yo‘q.
Buni tushunganimga 5 yil bo‘lyapti va bu orada ko‘pini ko‘rdim.
Men bu gaplarni aynan shunaqa soxta ma’lumotlarga laqqa ishonib sotib olayotganlarga qarata aytyapman.
Shu kanalimning o‘zida ham kunda har balolar reklama qilinadi. Post bilan reklamani farqiga bormaydigan darajada sodda bo‘lmaylik.
Farqiga bormayapsizmi, yaxshisi ishlatmang. Shunda o‘zizga ham, boshqalarga ham kamroq zarar berasiz.
Ko‘r-ko‘rona ergashib ketaverish biz musulmonlarga yarashmaydi.
@doctorferuz
🥵
5-6 kun juda issiq boʻlarkan. Issiq urishidan ehtiyot boʻling.
Ayniqsa bolalarga tez-tez suyuqlik bering. Hali tili chiqmagan yoki chanqoqni tushunmaydigan va suv soʻrashni bilmaydigan bolalarga juda diqqatli boʻling!
@doctorferuz
2-QISM.
SAKKIZTA TUXUM
Dushanba oqshomi Mavhumaxon sumkasidan yemay qolgan tushlik idishini oldi. Bodringlar suv chiqarib, qaynatilgan tovuqning chetlari qotib qolgan edi. Kecha yangi tartibning boshlanishidek ko‘ringan taom bugun sumkaning ichida ortiqcha yuk bo‘lib qaytgandi.
U idishni muzlatkichga qo‘ydi-da, yakshanba kuni ochgan yangi daftarini oldiga tortdi. Unda ertalab ikkita tuxum, tushlikka tovuq go‘shti bilan salat, kechqurun esa bir piyola kefir yozilgandi. Daftarda non yo‘q, shirinlik yo‘q, xamirli ovqat yo‘q, ayniqsa somsa yoʻq edi. Yozuvlar chizg‘ichdan chiqarilgandek tekis turardi — go‘yo kun ham shu chiziqlardan tashqariga chiqolmaydigandek.
Faqat tuzgan rejasining ichida oʻzining hayoti yo‘q edi.
Ertalab u ko‘pincha o‘g‘lining ikkinchi paypog‘ini qidirar, tushligi hisobotlar ichiga koʻmilib ketar, kechga borib esa yo‘lda bo‘lar, uyida hatto bir piyola choyni ham issiqligicha icholmasdi. Choy uni kutib sovirdi.
Reja uning hayoti uchun tikilgan, ammo o‘lchovi olinmagan ko‘ylakka o‘xshardi. Qog‘ozda bejirim, juda chiroyli, lekin u yashayotgan hayotida har yeridan tortardi. Mavhumaxon aslida ko‘ylakni qayta tiktirish o‘rniga, yana o‘zini unga sig‘dirishga urinayotgandi.
U daftarni yopib, oshxona shkafining yuqori tokchasiga qo‘ymoqchi bo‘ldi. Yangi daftar sig‘may, eskilaridan ikkitasi yerga tushdi. Biri yashil, ikkinchisi atirgulli edi. Tokchada muqovasiga inglizcha “My Dream” deb yozilgan yana bittasi ham turardi.
Har birini sotib olgan kuni ko‘nglida bir xil yengillik tug‘ilgandi: mana endi hammasi boshqacha bo‘ladi. Birinchi sahifalarda yozuvlar to‘lib-toshib oqardi. Keyin ular suvi kamaygan ariqdek ingichkalashib, bir joyiga kelganda qumga singgandek g‘oyib bo‘lardi. Undan keyin faqat oppoq sahifalar qolardi.
Atirgulli daftarni varaqlayotganida orasidan eski surat sirg‘alib tushdi.
Rasmda Mavhumaxon ko‘k ko‘ylakda kulib turardi. U birovning ortiga yashirinmagan, suratning qoq o‘rtasida, bemalol, rassomning asaridagi qahramondek turardi. O‘sha paytda Mavhumaxon maqsadiga yetgandi.
U paytda “bo‘ldi, maqsadimga yetdim” degan bitta gap hammasi tugaganini anglatgandi.
Aslida esa hammasi aynan shu gapdan keyin boshlangandi.
2-qism tugadi
.
@doctorferuz