
Eltuz portali
Shikoyat va arizangiz bo‘lsa, qisqa qilib tushuntiring. Faktlar, hujjatlar, audio va videolarni yo‘llang. Shaxsingizni hech qachon oshkor etmaymiz.
Murojaat uchun:
@eltuzportali_bot
Elektron manzil: eltuzportali@gmail.com
EP: Ichimlik suvi — milliy boyligimizni asrash burchimiz
Hazorasp pedagogika kolleji oldida bir necha kundan beri toza ichimlik suvi behuda oqib, isrof bo‘layotgani ko‘pchilikni tashvishga solmoqda. Toza ichimlik suvi — bu tabiatning bebaho ne’mati, inson hayoti uchun zarur bo‘lgan eng muhim resurslardan biridir. Uni asrash va tejab ishlatish har bir fuqaroning burchidir.
Bugungi kunda Hazorasp tumanining qariyb 30 foiz aholisi toza ichimlik suviga to‘liq ega emas. Shunday paytda, shaharchaning markazida — E. Gayazov ko‘chasida — bir necha kundan buyon tunda ham, kunduzi ham toza suvning erga behuda oqib ketayotgani achinarli hol, hattoki, bu holatni vijdonsizlik deb atash mumkin.
Ayniqsa, kech kuz kunlarida ekinlarga yoki daraxtlarga sug‘orish zarurati bo‘lmagan bir paytda, suvning shunchaki yo‘qotilishi nafaqat iqtisodiy, balki ma’naviy zarar ham yetkazadi. Zero, suv — bu hayot manbai, uni qadrlash esa har birimizning mas’uliyatimizdir.
Ushbu muammo bo‘yicha tegishli tashkilotlar va mutasaddilar tez fursatda chora ko‘rib, suvning behuda oqishiga barham berishlari, mavjud tarmoqlarni ta’mirlash va nazoratni kuchaytirishlari zarur.
Xulosa qilib aytganda, ichimlik suvi — bu xalqning umumiy boyligi. Uni isrof qilish — kelajak avlodlarimizning suv manbalariga nisbatan befarqlikdir. Shunday ekan, har bir fuqaro bu borada hushyor bo‘lishi, jamiyatimizda ekologik va fuqarolik mas’uliyatini oshirishga hissa qo‘shishi kerak.
@eltuzportali
-
muammolar yechimi!
"Assalomu alaykum, Eltuz!
Sizga yozgan murojaatimni iltimos qilib so‘rayman — agar kanal orqali yoritib bersangiz, mas’ul xodimlar ko‘rib chiqib, murojaatimni o‘qib yordam berishsa, juda xursand bo‘lardim.
2024-yildan buyon yangi olgan hovli uyimizdagi tarmoqdan uzilgan tabiiy gazni qayta ulashtirish masalasida Uchqo‘rg‘on tumani gaz boshlig‘iga bir necha bor murojaat qilib chiqdim va shaxsan gaplashdim.
Ammo hozirgi kunda aholiga abonent raqami berilmayotganini, shuningdek, xonadonida gaz tarmog‘i uzilgan fuqarolarga uni qayta ulashga ruxsat yo‘qligini aytishdi.
Menga esa “agar tanishingizda hozirda foydalanilmayotgan gaz uchug‘i (gaz hisoblagichi) bo‘lsa, toping — shunda sizning uy tarmog‘ingizni ana shu uchug‘ orqali qayta ulanadi”, deb aytishdi.
Bir yil davomida shunday foydalanilmayotgan gaz uchug‘ini bir tanishimdan topdim. U menga uni vaqtincha foydalanish uchun berdi va ruxsati bilan suratdagi gaz uchug‘ini oldim.
Shunga qaramay, hali ham ruxsatsiz deb, gaz tarmog‘iga ulamayapti.
Endi nima qilishimni bilmay, hayronman."
@eltuzportali
-
muammolar yechimi!
EP: GUZORDA BOLA KALTAKLANDI — AXVOLI OGʻIR
Qashqadaryo viloyatining Gʻuzor tumani, Chug‘urtma qishlog‘ida voyaga yetmagan bola qattiq kaltaklandi. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2007 yilda tug‘ilgan yigitni 2004 yilda tug‘ilgan bir necha bolalar urgan.
Jabrlanuvchining ahvoli og‘ir, shifokorlar jigar sohasiga jiddiy shikast yetganini aytishmoqda. Hozirda u shifoxonada davolanmoqda.
Hodisa tafsilotlari va jazo choralari bo‘yicha rasmiy idoralar hali izoh bermagan.
@eltuzportali
-
muammolar yechimi!
EP: Namangan viloyati Namangan tumani Qurama MFY fuqarolaridan murojaat
"Assalomu alaykum.
Biz, Qurama mahalla fuqarolar yig‘ini aholisi, Sizga quyidagi masala bo‘yicha murojaat qilmoqdamiz.
Yaqinda 5-yo‘nalish bo‘yicha “Chorsu–Qo‘rg‘oncha” yo‘nalishida Xitoydan olib kelingan yangi avtobuslar qatnovi yo‘lga qo‘yilgan. Biroq ushbu yo‘nalishning oxirgi bekati — Qo‘rg‘oncha hududida fuqarolar avtobus kutishi uchun hech qanday sharoit yaratilmagan.
2025-yil 18-oktabr kuni soat 13:50 da ikkita avtobus bekatda turgan bo‘lib, yo‘lovchilar ularga chiqmoqchi bo‘lganda, haydovchilardan biri “men emas, sherigim yuradi” deb javob berdi. Boshqa haydovchi esa “men ham yurmayman, dam olayapman” dedi. Natijada fuqarolar 6–7 daqiqa davomida navbatdagi avtobusni kutishga majbur bo‘lishdi. Afsuski, keyingi avtobus haydovchisi ham shu kabi sabab bilan yo‘lga chiqmasligini aytgan. Shunday qilib, yo‘lovchilar bekat sharoiti bo‘lmagan joyda noqulay vaziyatda kutishga majbur bo‘lishdi.
Bundan tashqari, bir kun avval haydovchilardan biri 3 yoshli bola uchun yo‘l kira to‘lovi talab qilgan. “Bola hali kichkina-ku?” degan savolimizga “bo‘yi 1 metr 10 santimetrdan oshgan bo‘lsa, to‘laysiz” deb javob berdi. Aslida esa bola bo‘yi 1 metr atrofida edi. Haydovchi muomala madaniyatiga ham rioya qilmagan, qo‘pol munosabatda bo‘lgan.
Surishtirish natijasida ushbu avtobuslarga “TURON 96” MChJ mas’ul ekanligi aniqlandi.
Hurmatli rahbarlar, Sizlardan iltimosimiz — mazkur masalani o‘rganib chiqib, bekat sharoitini yaxshilash, haydovchilarning xizmat madaniyatini oshirish va yo‘lovchilar, ayniqsa bolalarga nisbatan to‘g‘ri muomala qilish bo‘yicha amaliy choralar ko‘rishingizni so‘raymiz.
Hurmat bilan,
Qo‘rg‘oncha va Qurama MFY fuqarolari nomidan"
@eltuzportali
-
muammolar yechimi!
EP: SHOVOTDAGI “TROTUAR QOTILLARI”NI JAVOBGARLIKKA TORTA OLADIGAN BORMI?
Xorazm viloyati Shovot tumani K. Otaniyozov ko‘chasida davlat byudjeti mablag‘i hisobidan yangidan ta’mirlangan trotuar (piyodalar yo‘lagi)ni qandaydir befarosat shaxs buzib, unga zarar yetkazgan.
Davlat va jamiyat manfaatlariga zarar keltirayotgan bunday “trotuar qotillari”ni topib, jazoga tortishadimi?
IIBdagi mas’ul shaxslar shunday qonunbuzar fuqarolar bilan ko‘proq ishlasa, foydali bo‘lardi…
@eltuzportali
-
muammolar yechimi!
EP: Andijon viloyatida yotoqxona ta’miri uchun pul yig‘ilayaptimi?
Andijon viloyatidagi ayrim oilaviy yotoqxonalar aholisi ta’mir ishlari uchun pul yig‘ilayotganini ma’lum qilmoqda. Fuqarolarning aytishicha, bu yotoqxonada asosan kam ta’minlangan oilalar yashaydi va ular bunday to‘lovni amalga oshira olmaydi.
Qonunchilikka ko‘ra, kam ta’minlangan aholi yashaydigan uy-joylarning ta’miri davlat yoki mahalliy byudjet hisobidan amalga oshirilishi kerak. Shuning uchun aholiden pul yig‘ish holati qonuniy emasligi mumkin.
Fuqarolar bu holat bo‘yicha ijtimoiy adolat va davlat yordamini so‘rab, ommaviy axborot vositalari orqali murojaat qilmoqda.
@eltuzportali
-
muammolar yechimi!
EP: NAMANGANDAGI MAKTABDA MAJBURIY YIGʻIMLAR VA BOSIM: “FAQAT PULING BO‘LSA, O‘QIYSAN”
Eltuz tahririyatiga kelib tushgan anonim murojaatga ko‘ra, Namangandagi 34-maktabda o‘qituvchilar o‘quvchilardan va ota-onalardan tizimli tarzda pul yig‘ib olmoqda.
Murojaatchining so‘zlariga ko‘ra, har oyda sinf fondi, farrosh, posbon, gazeta-jurnal obunasidan tortib, o‘quv yili oxirida sinf ta’mirigacha majburiy to‘lovlar talab qilinadi.
Har bir bola uchun har yili kamida 150–200 ming so‘m majburiy yig‘im qilinadi. Bu ko‘p farzandli va kam daromadli oilalar uchun jiddiy moliyaviy yuk bo‘lmoqda.
“O‘zim davlat ishida ishlayman. Bir million so‘m atrofida oylik olaman. Har oyda pul topib berish qiyin. Bir o‘g‘lim bu sharoitlardan so‘ng o‘qishni yoqtirmay qo‘ydi, baholari pasayib ketdi. Ruhiyatiga jiddiy ta’sir qildi”, — deydi murojaatchi.
Uning ta’kidlashicha, o‘tgan yili farzandlaridan biri obuna uchun pul olib kelmagani sababli, o‘qituvchisi sinfda boshqa bolalar oldida lineyka bilan urib, sharmanda qilgan.
Murojaatda yana bir jiddiy holat tilga olingan: maktab direktori o‘qituvchilardan pul yig‘ib, tug‘ilgan kunini restoranda nishonlagan. Pul berishni istamagan o‘qituvchilar “boshqa kamchilik” bahonasi bilan ishdan bo‘shatilish xavfi ostida qolishar ekan.
“Faqat pul to‘lasanggina o‘qish mumkin. Maktab ta’limi emas, pul yig‘ish markaziga aylanib qoldi. Hali unga pul, hali bunga pul. Ota-ona hamma narsaga balogardon. Bu tizim kim tomonidan nazorat qilinadi?”, — deydi murojaatchi.
@eltuzportali
-
muammolar yechimi!
EP: Hurmatli mas’ul idoralar va jamoatchilik e’tiboriga!
Mening farzandim Qo‘qon shahridagi Bobur ko‘chasi, 7-uyda joylashgan bog‘chada tarbiyalanadi. So‘nggi paytlarda ushbu bog‘chada bolalarga berilayotgan ovqat sifati juda yomon ekani aniqlandi. Shu sababli farzandim oshqozon kasalligiga chalinib qoldi.
Bundan tashqari, bolalarning pamperslari o‘z vaqtida almashtirilmaydi, gigiyena talablariga rioya etilmayotgani kuzatildi. Ovqatlar SÈS nazoratidan o‘tmagan, oshxona yonida bolalar g‘arshogi va hojatxona joylashgani holatni yanada og‘irlashtirmoqda.
Bu holatlar bolalar sog‘ligi uchun jiddiy xavf tug‘diradi.
Iltimos, tegishli idoralar (SÈS, XTV, shahar hokimligi) ushbu bog‘cha faoliyatini tekshirib, qonun doirasida chora ko‘rishlarini so‘rayman.
Farzandlarimiz sog‘ligi – xalqimiz kelajagi!
@eltuzportali
-
muammolar yechimi!
EP: QURAMADA SUV MUAMMOSI QACHONGACHA DAVOM ETADI?
"Har kuni ertalabdan kechgacha navbat, chelek, ariq bo‘yida suv kutgan xalqmiz…
Qish yaqin, qirovli kunlar oldidan bu mushkul ahvol yanada og‘irlashmoqda.
Biz, Qurama qishlog‘i aholisi, muhtaram hokimimiz
Abrorbek Qosimjonovich Ahmadaliyevdan
amaliy yordam so‘rab qolamiz.
Qishning sovuq kunlarida xalqning mushkulini yengillashtirib,
suv taqsimotini adolatli yo‘lga qo‘yishingizni so‘raymiz.
Biz norozilik bildirmayapmiz — xalqning haqqini talab qilayapmiz,
shu bilan birga hokimiyatdan umid ham qilayapmiz."
@eltuzportali
-
muammolar yechimi!
EP: Suvliq MFY aholisining yo‘l muammosi bo‘yicha murojaati
Assalomu alaykum, hurmatli Tuz og‘a!
Biz, Navoiy viloyati Nurota tumanidagi “Suvliq” mahalla fuqarolar yig‘ini aholisi, Sizga o‘z muammolarimizni yetkazish maqsadida murojaat qilmoqdamiz.
Yurtimizda “Hamma narsa Xalq uchun, Millat uchun, Vatan uchun” shiori ostida farovonlik va obodonchilik ishlari keng ko‘lamda amalga oshirilayotgan bir davrda, afsuski, bizning hududimiz aholisi tushkun kayfiyatda qolmoqda.
So‘nggi yillarda mamlakatimizning ko‘plab hududlarida yo‘llar asfaltlanib, xalq farovonligiga xizmat qilmoqda. Biroq, bizning mahallamizda 1–2 yil avval kapital ta’mirdan chiqqan yo‘llar bugun vayronaga aylanmoqda. Bunga asosiy sabab — hududimizdagi granit konlaridan har kuni 15–20 ta og‘ir yuk mashinalarida bloklarning tashib ketilishi.
Biz investitsiyalar kirib kelishi mamlakat iqtisodiyoti rivoji va xalqimiz farovonligiga xizmat qilishini yaxshi tushunamiz va qo‘llab-quvvatlaymiz. Ammo, afsuski, buning salbiy oqibatlari ham mavjud. Tog‘ va qirlardan iborat 20 kilometrlik Suvliq–Soykechar yo‘li yaqinda ta’mirlanganiga qaramay, bugun oddiy yengil mashinalar ham harakatlanolmaydigan ahvolga kelib qolmoqda. Natijada biz tuman markazi va boshqa aholi punktlaridan uzilib qolish xavfi ostidamiz.
Yo‘lga og‘irlikni cheklovchi belgilar o‘rnatilgan bo‘lsa-da, 80–110 tonna yuk ortilgan mashinalar hech qanday to‘siqsiz erkin harakatlanmoqda. Yo‘llardan foydalanishni nazorat qilishi lozim bo‘lgan tashkilotlar ham bosimlar sabab o‘z vazifalarini bajara olmayapti.
Savol tug‘iladi: qonun-qoidalar faqat oddiy xalq uchungina amal qiladimi? Og‘ir yuklarni tashish uchun muqobil variantlar mavjud emasmi? Bizning dardimiz mutasaddi tashkilotlargacha yetib boradimi?
Hurmatli Tuz og‘a, xalqimizning yagona tashqi dunyo bilan bog‘lovchi yo‘li saqlab qolinishini so‘rab, Sizdan chora-tadbirlar ko‘rilishiga umid qilamiz. Aks holda, odamlar norozilik sifatida keskin choralar ko‘rishga majbur bo‘lishi mumkin.
Hurmat bilan,
Navoiy viloyati Nurota tumani “Suvliq” MFY aholisi
@eltuzportali
-
muammolar yechimi!