Выберите регион
и язык интерфейса
Покажем актуальные для региона
Telegram-каналы и возможности
Регион
avatar

The Bookfather

timur_books
© Темур Тангриберганов. ✍️ Ношир, таржимон, китобхон 📚 *Танланган китоблар ✂️ *Танқид ва таҳлил 📝 *Тақриз ва тавсия ♻️ *Тил ва таржима ⚜️ *Тарих ва тафаккур 📽 *Тасвирий санъат, кино
Подписчики
2 550
24 часа
10
30 дней
-50
Просмотры
506
ER
18,59%
Посты (30д)
34
Символов в посте
1 456
Инсайты от анализа ИИ по постам канала
Категория канала
Книги
Пол аудитории
Женский
Возраст аудитории
25-34
Финансовый статус аудитории
Средний
Профессии аудитории
Медиа и коммуникации
Краткое описание
February 28, 19:01

​​
Bugun tunda kelarmish bahor
🌱
Derazangdan moʼralab asta,
Gul yuzingdan boʼlib shikasta,
Uzun qishga siltab qoʼlini,
Ham qalbingdan boshlab yoʼlini,
Toʼqqiz oyki, elarmish bahor,
Bugun tunda kelarmish bahor...
Qoru muzni suvga gʼarq qilib,
Izgʼirinni butkul tark qilib,
Eshitgandek mening nolamni,
Guldastaga oʼrab olamni -
Tushda boshing silarmish bahor,
Bugun tunda kelarmish bahor...
Goʼzallikni eltib jahonga,
Sano aytib har oʼtgan onga,
Jamolingga boʼlib mahliyo,
Istarangdan olgancha ziyo,
Bizga iqbol tilarmish Bahor,
Bugun tunda kelarmish Bahor..
Unutilar hazonrez kuzak,
Tabassuming yuzingga bezak.
Mehrlaring menga ogʼdirib,
Yomgʼirlarni yerga yogʼdirib,
Suvlarini elarmish Bahor,
Bugun tunda kelarmish Bahor..
Hissiyotga toʼldirib dilni,
Kengaytirib kichik koʼngilni,
Duolarga ijobat etib,
Tabiatni chamanzor etib,
Baxtimizdek kularmish Bahor,
Bugun tunda kelarmish Bahor..
©️
Zulfiya Isroilova
@timur_books

February 28, 07:56

​​
#taqriz
Frans Kafka - Otamga xat
1919-yil, noyabr oyida 36 yoshli Frans Kafka o‘z otasi German Kafkaga alamu iztirob va noroziliklarga to‘la uzun xat yozadi. Bu xatda Fransning otasiga bo‘lgan barcha salbiy xislatlari bayon etilgan bo‘lib, egasiga yetib borsa nima bo‘lishi ham dargumon edi. Ammo, otasiga nisbatan ichki qo‘rquvi tufayli jo‘natishga yuragi dov bermaydi. Ayrim manbalarda esa u xatni onasiga bergan, lekin onasi otasiga bermaganligi yozilgan.
Pragada yashovchi barcha yahudiylar singari Kafkalar oilasi ham serfarzand edi. Qattiqqo‘l ota – German Kafka va uning rafiqasi Juli Kafkalarning 6 ta farzandi bo‘lgan (ikkitasi 1 yoshligida vafot etgan, katta o‘g‘il Fransdan keyin uchta qiz ham voyaga yetgan edi).
Frans o‘z maktubida ongini taniganidan buyon otasiga nisbatan kuchli qo‘rquvni his qilishini, o‘zining kasalmand, qo‘rqoq, o‘jar, indamas va odamovi bo‘lganiga ham aynan otasining “zulmlari” sababchi bo‘lganini erinmasdan bayon qiladi.
Qizig‘i, otasi uni biron marta urmagan va so‘kmagan. Lekin, kesatiq gaplari va kinoyalari bilan muntazam Fransni jarohatlab kelgan.
Va bular bo‘lajak yozuvchining uylanishiga va hotirjam yashashiga to‘sqinlik qilgan.
Maktubda Kafka bolaligidagi bir voqeani xotirlaydi. Unga ko‘ra yosh Frans yarim tunda yig‘lab injiqlik qilaveradi. Jahldor dadasi esa bolani dast ko‘tarib, peshayvonga chiqarib qo‘yadi. Bola shundan so‘ng birmuncha vaqt yopiq eshik ortida, yupun kiyimda diydiragancha qolib ketadi. Aynan shu va boshqa voqealar Kafkaning miyasida chuqur jarohat (ruhiy travma) qoldirib, “Otamga xat”ning yozilishiga zamin hozirlagan edi.
Ammo, maktub yozilganidan besh yil o‘tar o‘tmas yozuvchi F.Kafka 41 yoshida sil kasalidan vafot etadi. Va o‘zining mashhurlikka chulg‘angan ikkinchi hayotini boshlaydi. O‘limidan oldin do‘sti Maks Brodga barcha nashr etilmagan asarlarini yoqib yuborishni vasiyat qilgan, do‘sti esa aksini qilib, ularni nashr qilib, Kafkaga olamshumul shuhrat keltirganini barchangiz bilasiz.
Otasining va boshqa singillarining taqdiri qanday kechadi?
Qo‘rquv timsoli bo‘lgan ota 1931 yilda salkam sakson yoshida dunyodan ko‘z yumadi. 1934 yilda onasi vafot etadi. 1941,1942,1943 yillarda birin ketin singillari ham bir xil yoshda bandalikni bajo keltirib, Kafkalar shajarasiga yakun yasaydilar.
Menimcha oilaning bu fojialari Kafkani o‘qib tushunmaganlar va uning asarlaridagi qorong‘ilikni his etganlar uchun kalit vazifasini o‘tab beradi. Chunki, bunday oiladagi qalbi tirik har qanday odam bir kun kelib hasharotga aylanib qolmasligi mumkin emasdi. Menimcha oilasidagi “g‘amgin muhit” va otasining fe’l atvori tufayli u “hasharot"ga evrilgandi...
@timur_books

February 27, 12:25

​​
#taqriz
Timsoh Gena
Har bir avlodning o‘z kino va multfilmlari bo‘ladi. Afsuski, keyingi avlodlar uchun bularning bari zerikarli va tushunarsiz. Masalan, biz ko‘rgan “Qirol Sher”, “Nu Pogodi” yoki “Aka-uka Grimm ertaklari” hozirgi alfa va beta avlod uchun umuman qiziq emas. Ularga kadrlar tez almashadigan, musiqasi baland, o‘ynoqi animatsiyalar qiziq.
Qizim uchun hozirdan ko‘plab ertak kitoblar to‘playapman. Shularni ko‘zdan kechirayotib E.Uspenskiy yozgan “Timsoh Gena va Cheburashka” kitobchasiga ko‘zim tushib qoldi va darrov o‘qib chiqdim. Ajoyib! Rostini aytsam kitob olisda qolgan bolaligimdagi yoqimli xotiralarni uyg‘otib yubordi.
Kitobchani mohir yozuvchi Ne’mat Aminov mahorat bilan tarjima qilgan va Cheburashkaga - Supraquloq deya nom bergan ekan.
Asar so‘zboshisida muallif bolaligidagi uchta sevimli qo‘g‘irchog‘i bo‘lganini va ular haqida ushbu kitobchani yozganini ta’kidlab o‘tadi. Ertakda siz hayvonot bog‘ida yashaydigan aqlli timsoh Genaning qanday qilib do‘stlar orttirgani, Galya hamda Supraquloq ismli do‘stlari bilan boshqalarni do‘stlashtirganini, hamjihatlik bilan Do‘stlik uyi qurganlarini o‘qiysiz.
Yaqinda bir kutubxonachi opaning qo‘lida A.Gaydarning “Temur va uning komandasi” nomli eski kitobni ko‘rib qolganimda biroz suhbatlashgandik. Opa o‘shanda: “Ex, u paytlardagi kitoblarda odamlarga tarbiya berilardi. Bolalarni do‘stlashishga, hamjihatlik bilan odamlarga yordam berishga, kattalarni hurmat qilishga o‘rgatardi...” deb aytib qoldi.
Opa haq edi. Nafaqat kitoblar, balki Sovet davridagi bolalar uchun yaratilgan kino va multfilmlar ham shunday g‘oyalar bilan sug‘orilganini bugun anglayapman. Afsuski, g‘arbdan kelayotgan ko‘plab yangi animasion kinolarda irqchilik, LGBT, yovuzlik g‘oyalari pinhoniy tarzda bolalar ongiga sindirilayotganiga ko‘z yumib bo‘lmaydi.
O‘zbek va jahon adabiyotida hozir ham yaxshi ertaklar yaratilmoqda, buni ham e’tirof etmasak bo‘lmaydi. Ammo, taroziga tortilsa ertaklar va ezgulik g‘oyalariga to‘la multfilmlarimiz emas, Tik Tok,Youtube kabi platformalarning tarafi og‘ir tosh bosayotganini tan olishimiz kerak.
Lekin, bu bilan fojia yasash ham to‘g‘ri emas. Bolalarni boshidan kitobga o‘rgatsak, ulardagi g‘oyalarni miyasiga singdira olsak, balki internetdan ustun kelarmiz.
Hammasi o‘zimizga bog‘liq...
@timur_books

February 27, 10:50

​​
Karl Yung Herman Hesseni qanday davolagan?
1916-1917-yillarda shveytsar adibi H.Hessening hayotida ruhiy inqirozli davr bo'lgan. Otasining vafoti, rafiqasining hastaligi va 1-jahon urushining salbiy ta'sirlari tufayli sal qolsa o'z joniga suiqasd qilmoqchi edi. Ammo, mashhur psixologlarning yordami tufayli nafaqat hayotga, balki faol ijodga ham qaytgan.
O'shanda Hessega mashhur psixolog Karl Gustav Yung bilan birga uning shogirdi Joseph Langlar uzoq muddatli analitik psixologiya bilan yordam berishgan.
Bu muolajalar bir necha turlardan iborat edi:
1. Tushlar tahlili orqali
Yungning nazariyalariga ko'ra tushlar - ong ostining tili hisoblangan. Shunga ko'ra
Hesse tushlarini yozib borgan va ularni ramziy ma’noda birgalikda sharhlab borishgan.
2. Arxetiplar bilan ishlash orqali
Bunda ong ostidagi obrazlarning timsollari ham tahlil qilingan.
Bu jarayon keyinchalik uning "Demian", "Cho'l bo'risi" va "Marjon o'yini" kabi asarlarida o'z aksini topadi.
3. “Individuatsiya” jarayoni
Yung nazariyasiga ko‘ra inson o‘z ichki qarama-qarshiliklarini tan olib, butun shaxsga aylanishi kerak.
Hesse terapiyada aynan o‘z ichidagi ziddiyatlar — ruhiy bo‘linish, yolg‘izlik va ma’naviy izlanishlar bilan ish olib borgan.
4. Rasmlar chizish yordamida
Hesse muolaja paytida muntazam mandalalar va ramziy rasmlar ham chizgan. Chunki bu Yung uslubidagi ichki markazni topish uchun asosiy mashq edi.
Xullas, uzoq davom etgan muolajalar Hessega ta'sir qilmay qolmadi. Terapiyadan keyin uning ijodida:
-ikki qiyofali shaxs,
-ichki “men”lar orasidagi kurash,
-ong osti va ramzlar yanada chuqurlashadi.
Va eng muhimi oldida turgan nemis inqirozi va dahshatli fashizmdan ham eson omon o'tib, baxtli hayot kechiradi.
Psixoanaliz muolajalari haqida Yung va Hessening xotiralaridan anchagina ma'lumotlarni topishingiz mumkin.
@timur_books

February 26, 17:25
Файлы недоступны
3
Открыть в Telegram

💕
Sevgi bu - kitobsevar insonlarning turmush qurishidir.
📚
Sevgi bu - umr yo'ldoshing uchun ulkan kutubxona qurib berishdir.
⚘️Sevgi bu - sening kitobingni sendan ham ko'proq qadrlaydigan inson borligidir.
🎂
Tug'ilgan kuning bilan tabriklayman, azizam.
Yaxshiyamki borsan
@timur_books

February 25, 14:48
Файлы недоступны
1
Открыть в Telegram

Ernest Heminguey butun umri davomida qahvani kunlik marosim sifatida sevib ichgan. U shakar yoki qaymoqsiz, kuchli
(achchiq)
qahvani afzal ko‘rardi.
Bir kuni Heminguey bir bahsda dunyodagi eng qisqa, ammo har qanday qahvasevarning kayfiyatini tushiradigan hikoya yozishga qaror qildi. U bahsda g‘olib bo‘lib, shunday yozdi:
«Uyda qahva tugadi...Kayfiyat ham».

February 24, 17:31

​​
“19 yoshga kirganimda oilamning nochorligi bois kollejga kirish menga nasib qilmagan. Shu sababdan kutubxonaga qatnay boshlaganman. Haftaning uch kunini shu yerda mutolaa bilan o‘tkazardim. 27 yoshimga kirganimda esa universitetning o‘rnida kutubxonani oliy ma’lumot bilan pul to‘lamasdan bitirib oldim”.
©️
Rey Bredberi
@timur_books

February 24, 12:19

​​
25 yil ichida kitob olamida nimalar kashf etildi?
XXI asrning birinchi choragi ya’ni 2001-2025-yillarda adabiyot olamida, umuman kitobga bog‘liq sohalarda qanday yangiliklar bo‘ldi?
Quyida shularning eng asosiylarini sanab o‘tmoqchiman:
📱
1. Kitoblarning shakli o‘zgardi:
Elektron kitoblar va audio kitoblar paydo bo‘ldi. Endi kutubxona qatnab kerakli kitobni izlash muammosiga barham berildi. Chunki, istalgan kitobning PDF yoki EPUB ko‘rinishi yaratildi. Ayniqsa Kindle kabi electron qurilmalar online mutolaani juda osonlashtirib yubordi.
Audio kitoblar esa insonlarga harakat paytida ham mutolaa qilish imkonini yaratdi.
🖥
2. Muallif erkinligi
Shoir va yozuvchilar endi avvalgidek nashriyotga qaram bo‘lmay qoldi. Ular o‘z saytlarini, ijtimoiy tarmoqlarda blog va sahifalarini yuritib, o‘z ijodini ommaga e’lon qila boshladilar va online nashriyotlar yordamida asarlarini e’lon qilib, avvalgidek noyob, sirli muallif emas, kontent yaratuvchiga aylandilar.
📙
3. Kitob terapiya.
Endi mualliflar ilmiy-ommabop, psixologik va biznes mavzusidagi kitoblar bilan odamlarga ta’sir o‘tkaza boshladilar. Kitob endi “san’at”dan tashqari terapiya – davolovchi hamda motivator vazifasini ham bajara boshladi.
🎶
4. Multimediali kitoblar.
XXI asrda nashriyotlar bolalar uchun ovozli, interaktiv kitoblar chiqara boshladilar. Va mazkur kitoblarning ichidagi animatsiyalar va har xil o‘yinlar bolalarni kitobga qiziqtirishda muhim rol o‘ynadi.
🧩
5. Janrlar qorishuvi va yangi janrlar
Yaxlit janrlar kamayib, ularning aralashmalari paydo bo‘ldi. Masalan:
Roman esselar, hujjatli badiiy asarlar, tarixiy fentezilar yaratildi.
Shuningdek, distopiya, grafik roman, manga, LitRPG (o'yinlar ichida kechadigan asarlar), Climate fiction (iqlim o'zgarishi haqidagi asarlar), fanfiction (muxlislar yozgan asarlar) kabi yangi janr va oqimlar ham vujudga keldi.

6. Yirik asarlarning qisqartirilishi va yangi mutolaa turlari
19-20 asrlardagi yostiqday romanlar endi zamonaviy kitobxon uchun zerikarli bo‘la boshladi. Vaqtni tejash uchun esa yirik romanlarning qisqartirilgan nasriy bayonlari yaratildi.
Zamonaviy mualliflar esa 50 betlik romanlar, epizodik hikoyalar yarata boshladilar.
Shuningdek, tez o‘qish (speed reading)ning yangi yo‘llari kashf etildi. Endi shoshqaloq o‘quvchi vaqtini tejash uchun vertikal o‘qib, bir oyda 20 talab asar tugatadigan bo‘ldi.
🗣
7. Yevropa kutubxonalaridagi tirik kitoblar
Asr boshida Daniyada - Human library ish boshladi. Bunda siz kutubxonaga kirib mavzuga qarab bironta odamni tanlaysiz, u esa sizga o‘z hayotidan qiziqarli hikoyalar so‘zlab beradi. Bu kabi “tirik kitoblar” qisqa vaqt ichida Yevropada ommalashdi va hozirgacha faoliyat yuritib kelmoqda.
📲
🗂
8. Online kitob do‘konlar
Eng mashhur online do‘kon - Amazon o'z faoliyatini 1990-yillarda boshlagan bo‘lsa-da, 21-asr boshida ommalasha boshladi. Natijada, butun dunyoga bosma va elektron kitoblar sotish orqali katta natijalarga erishdi.
2018-yilga kelib O‘zbekistonda ham Amazondan ilhomlanib Asaxiy books online kitob savdosini yo‘lga qo‘ydi.
👨‍💻
9. Internet bloglar
Birinchi internet bloglar 1990-yillarda tor doirada yaratilgan bo‘lsa-da, 21-asrning boshlarida faollasha boshladi. 2004-yilda Facebook, 2010-yilda Instagram, 2013-yilda esa Telegram messengerlari ishga tushgach kitob bloglarini yurituvchilar (bookblogerlar) paydo bo‘ldi.
🦾
10.Suniy intellekt
21-asrning birinchi choragidagi eng katta kashfiyot bo‘ldi. Chunki uning ommalashishi tufayli barcha sohalarning ish sistemasi ostin-ustun bo‘lib ketdi. SI adabiyot va kitoblar dunyosiga ham ta’sir o‘tkazmay qolmadi. Masalan:
SI yordamida hikoya, qissa, roman yozish, tarjima qilish, rasm va illyustratsiyalar chizish osonlashib ketdi.
Hatto ilmiy ishlardagi murakkablik ham SI oldida ojiz qolmoqda.
Adabiyot va kitoblar olamida yana qanday yangiliklarni bilasiz? Fikrlaringizni qoldiring...
@timur_books

February 23, 18:50
Файлы недоступны
1
Открыть в Telegram

"Farengeyt bo'yicha 451 daraja" asari haqida hujjatli film
🔥
@timur_books

February 22, 17:29

​​
#taqriz
Oybek - Bola Alisher
Butun umrini va ijodini Navoiyga bag'ishlagan Oybek "ma'naviy ustozi" haqida barcha janrda asar yozdi. Shulardan eng kattasi - "Navoiy" romani edi. Lekin unda shoirning bolaligi va shaxsiy hayoti tasvirlanmagani uchun o'zini Navoiydan qarzdor bilib, umri oxirlarida bu qarzlarini "Guli va Navoiy" hamda "Bola Alisher" qissalari orqali uzdi.
Qissada 5 yashar Alisherning oilaviy hayoti - ota-onasi, qarindoshlari, qo'shnilari va saroy vakillari bilan munosabatlari yorqin bo'yoqlar bilan qalamga olinadi.
Qissa shuningdek Shohruh Mirzo va Gavharshodbegim, Mirzo Ulug'bek va Abdullatif kabi tarixiy shaxslarning shiddatli epizodlari bilan ham boyitilgan bo'lib, barchasida yosh Alisher o'z davrining siyosati qanday ekaniga guvoh bo'lib boradi.
O'ta qaltis va tahlikali bu zamonda Amir Temurning buyukligi, davlat boshqaruvi va shaxsiyati ham ko'p bor afsus bilan tilga olinib, imperiyaning parchalanishi yaqin qolganiga belgi beriladi.
Asarda bo'lajak shoirning zukkoligi va topqirligi, xotirasining kuchliligi, Husayn Boyqarodek jangu jadalga emas, ilmu ma'rifatga qiziqishi turli lavhalarda namoyon bo'ladi.
Yozuvchi yosh Alisherning ulg'ayishi va kamolotga yetishini mehmonlarga she'r o'qib berishi, kaptarlarni yaxshi ko'rishi, kiyik bilan uchrashuvi, nay yasatib, so'ng chalishni o'rganishi, Iroqda Sharafiddin Ali Yazdıy bilan uchrashishi misollarida ko'rsatadi.
Asarda Oybekka xos avtobiografik satrlar ham ancha bo'lib:
- Alisherning ilk bor maktabga borganidagi manzaralar, uning pulga o'ch domlasi
- Yosh Alining ko'chada bolalar bilan o'ynagan o'yinlari - adibning "Bolalik" qissasidagi yosh Musoning xotiralariga o'xshab ketadi.
"Bola Alisher" garchi ixcham asar bo'lsada 1966-yilda boshlanib 1968-yilda yozib tugallandi. Bunga Oybekning hastaligi va o'zi ruchka tuta olmasligi sabab bo'lgan edi.
Lekin qissa hasta paytida yozgan boshqa "chala asarlari"dan farqli tarzda estetik kayfiyat bilan qog'ozga tushirilgan.
@timur_books