
UFQ
Kam bo'lsa manfaatli bo'lmoqda, degan umid bilan navbattagi suhbatimizni e'tiboringizga havola
qilamiz
.
“Majlisda ikki kishi bir-birining qulogʻiga shivirlab pinhona soʻzlashmaydi, yana majlis ahlining baʼzisi biladigan va baʼzilari bilmaydigan til bilan ham soʻzlashilmaydi-ki, bu xislat makruhdur… Ikki kishi bir-biriga sir va nimanidir aytadigan boʻlsa, uchinchiga adab shuki, ular oʻrtasiga kirib gapga quloq solinmaydi.”
🏛
Muhammad Sodiq Qoshgʻariy · “Odob as-solihin” · 25-bet
@ufq_horizon
“Bu munajjimlar shunday kishilarki, qoʻlida bitta anor boʻlsa, uning poʻsti ichida nechta parda, nechta xona bor va har parda va xonada nechta anor donasi borligini bilmaydilar; u donalar achchiqmi, nordonmi, chuchukmi ekanini ayta olmaydilar.”
🔖
Alisher Navoiy · “Mahbubul qulub” · 32-bet
@ufq_horizon
“Haq yoʻlida kimki senga qiynalib bir harf oʻqitgan boʻlsa, uning haqqini yuzta xazina bilan ham ado qilib boʻlmaydi.”
📚
Alisher Navoiy · “Mahbubul qulub” · 29-bet
@ufq_horizon
“Kimyogarlik sanʼatiga ega boʻlgan kishilar sanʼatlarini odamlardan bekitishga urinadilar va bu sanʼatga ahl boʻlmagan kishidan qochadilar. Shuning uchun hindlarning bu sanʼatda tutgan yoʻllarini va u yoʻllardan qaysi asl va asosga… murojaat qilishlarini bilolmadim.”
🗂
Abu Rayhon Beruniy · “Hindiston” · 153-bet
@ufq_horizon
“Men tutgan yoʻl va belgilagan usul oson emas, balki uzoq va qiyin yoʻldir. Xabar va rivoyatlarga koʻplab kirib qolgan yolgʻon soʻzlarning hammasi ham ravshan emas… Ularning soʻzlarini oʻz holicha qabul etmay, bu soʻzlarning toʻgʻriligini ishonchli bir kitob yoki koʻpchilikning fikri asosida bizni ishontira oladigan biron xabar isbot etsa, shundagina qabul etamiz.”
🔖
Abu Rayhon Beruniy · “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” · 41 va 50-betlar
@ufq_horizon
📚
Raqamlar
Beruniy 1030-yilda yozadi:
hind raqamlarining koʻp turi bor edi va “biz ishlatadigan hisob raqamlari ulardagining eng chiroyli turidan olingan”
(140-bet).
Demak, bu jumladan quyidagi xulosalar chiqadi:
1. Tayyor tizimni qabul qilishda ham tanlov boʻlgan.
2. Hindlarda yagona raqam shakli yoʻq: har mintaqada oʻzi bor, qashmirliklar raqamni “naqshlar singari yoki chinlilarning harflari singari” yozadi (141-bet). 3. Beruniy shakl bilan tizimni ajratadi: shakl mintaqaga qarab oʻzgaradi, oʻnli hisob esa “hamma xalqlar” uchun umumiy.
📝
Beruniy bu fikrda yolgʻiz emas. Undan ikki asr oldin Muhammad ibn Muso al-Xorazmiy hind hisobiga risola yozgan. Uning arabcha asli yoʻqolgan, lotincha tarjimasi esa “Algoritmi de numero Indorum” – “Algoritmi hind hisobi haqida” nomi bilan maʼlum. “Algoritm” soʻzi ham Xorazmiy ismining shu lotincha shaklidan kelib chiqqanligi esa barchaga yaxshi ma'lum.
🪶
Bugungi 1, 2, 3 shakllari Yevropaga boshqa yoʻl bilan, Magʻrib va Andalusdagi “gʻubor” raqamlari orqali tarqalgan. Beruniy esa oʻz davridagi Sharq raqamlari haqida yozmoqda.
📖
Manbalar
Abu Rayhon Beruniy, “Hindiston”, 16-bob, 139–142-betlar. Arabchadan A. Rasulev, Yu. Hakimjonov, Gʻ. Jalolov tarjimasi. Toshkent: “Fan”, 1965.
Al-Biruni, “Tahqiq ma li-l-Hind”, arabcha matn, 121–122-betlar.
@ufq_horizon